EHTIYOJLAR
EHTIYOJLAR — organizm, inson shaxsi, ijtimoiy guruh, umuman jamiyatning hayot faoliyatini saqlab turish uchun zarur boʻlgan narsalarga talab, muhtojlik. Nazariy va amaliy iqtisodiyotning fundamental kategoriyalaridan biri. Ehtiyojlar subyekt bilan uning faoliyati oʻrtasidagi bogʻlanishlarni ifoda etadi va maqsadlar, mayllar, intilishlarda va pirovardida hattiharakatlar, feʼlatvorda yuzaga chiqadi. Faoliyat sohasiga qarab mehnatga, bilimga, muloqotlarga; obyektiga qarab moddiy, maʼnaviy; subyektiga koʻra yakka (shaxsiy), guruhiy, jamoaviy, ijtimoiy Ehtiyojlar boʻlishi mumkin. Ehtiyojlarning umumiy qonuniyati — ularning umuman bevosita inson faoliyatiga, xususan, ijtimoiy ishlab chiqarish ga bogʻliq boʻlishidir. Ayni payda faollikka undovchi kuch boʻlgan Ehtiyojlar, oʻz navbatida, hayot sharoitlariga tanlama taʼsir koʻrsatadi, ularning oʻziga xos tomonlarini belgilaydi, u yoki bu faoliyat usullarini va Ehtiyojlarni qondiradigan predmetlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantiradi. Mas, bir vaqtlar kishilarda avtomobilga paydo boʻlgan Ehtiyojlar ularni yaratish yoʻlida izlanishlarning boshlanishiga sabab boʻldi, butun bir sanoat tarmogʻining paydo boʻlishiga olib keldi.
Ensiklopediya.uz
EHTIYOJLAR