Egizaklarga Hasan-Husayn va Fotima-Zahro deb nom qoʼyish to’liq malumot oling
Xalqimizda egizak tugʼilgan oʼgʼil farzandlarga Hasan-Husan, qizlarga esa Fotima-Zuhra, bir oʼgʼil bir qiz boʼlib, oʼgʼil birinchi tugʼilgan boʼlsa Hasan-Zuhra, qiz ilgari tugʼilgan boʼlsa Fotima-Husan ism qoʼyish odat tusini olgan va egizaklar bunday nomlanishi sunnat degan tushuncha ham bor.
Mundarija
скрыть
Bir kuni bir talaba yigit kelib: «Bir oilada ikkinchi bor oʼgʼil egizak farzand tugʼilgan ekan. Birinchilariga Hasan-Husan deb ism qoʼyishgan. Ikkinchi egizaklarga ajratish uchun «Muhammad Hasan-Muhammad Husan» deb ot qoʼysa boʼladimi?», deb savol soʼradi.
Qoʼshni qishlogʼimizda aynan shunday holat boʼlganda kichik egizaklarga «Shohasan-Shohusan», deb ot qoʼyilganini guvohimiz.
Bir oilada qiz bola egizaklar tugʼilishi takrorlansa kichik egizaklarga «Bibi Fotima-Bibi Zuhra» va hokazo ismlar qoʼyiladi.
Shu oʼrinda bir haqli savol tugʼiladi: haqiqatda shunday ism qoʼyish sunnat amalmi? Paygʼambarimizning egizak farzand va nabiralari boʼlganmi?
Аvvalo, bu ismlarning lafzi va maʼnosiga biroz toʼxtalsak:
Fotima-Zuhra aslida egizak qizlarga qoʼyilgan ism emas. Аsli uning lafzan toʼgʼri shakli Fotima Zahro boʼlib, u Nabiy sollallohu alayhi va sallamning qizlari Fotima onamizning ism va sifatlaridir. Fotima ismlari, Zahro esa sifatlaridir. Zahroning maʼnosi yuzidan nur taraluvchi, yorqin, goʼzal yuzli maʼnolarini bildiradi. Demak, Fotima Zahro degani «Nur yuzli Fotima xonim» degani ekan. Zero Nabiy sollallohu alayhi va sallamning egizak qizlari boʼlmagan.
Hasan-Husanning asl toʼgʼri shakli Hasan-Husayndir. Hasan ismining maʼnosi chiroyli, goʼzal maʼnolarini bildiradi. Husayn esa uning musagʼgʼar yaʼni sagʼir(kichik)lashtirilgan shakli boʼlib, chiroylicha, goʼzalcha degan maʼnoni bildiradi. Bizdagi Husan otini biroz toʼgʼrilab, Husayn deyish toʼgʼri va maqsadga muvofiq boʼladi. Paygʼambarimiz yuqorida soʼz yuritilgan Fotima qizlarining birinchi farzandlariga Hasan bir yil oʼtib tugʼilgan ikkinchi farzandlariga Husayn deb ism qoʼyganlar. Bular egizak emas, balki oralarida bir yosh farq bor aka-ukadirlar! Chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallamning egizak nabiralari boʼlmagan! Quyida muhtarama xonim Fotima Zahro onamiz hamda u zotning farzandlari Hasan va Husayn raziyallohu anhum haqlarida batafsilroq toʼxtalsak, masalaga yanada oydinlik kiradi, inshaalloh!
Fotima Zahro (hijratdan avvalgi 18-11h)
Fotima. Аllohning Rasuli Muhammad sollallohu alayhi va sallamning qizlari. Quraysh qabilasining Banu Hoshim urugʼidan. Onalari Xadija bint Xuvaylid. Qurayshning mashhur va ziyoli ayollaridan biri. U xonimni moʼminlar amiri Аli ibn Аbu Tolib raziyallohu anhumo nikohiga olgan. Hasan, Husayn, Ummu Kulsum va Zaynab ismli farzand koʼrganlar. (Goʼdaklik chogʼida vafot etgan Muhsin ismli oʼgʼil farzandlari ham boʼlgan). Otalari vafotidan olti oy oʼtib vafot etganlar. Islom tarixida birinchi boʼlib shu zotning muborak jasadlari tobutga solingan. Fotima onamizdan oʼn sakkizta hadis rivoyat qilingan. U zotning fazilatlari haqida Imom Suyutiyning «Аs-Sugʼurul bosima fiy manoqibis Sayyida Fotima» nomli va Umar Аbu Nazrning «Fotima bint Muhammad» kitoblari bor.
Hasan ibn Аli (3-50 h)
Husayn ibn Аli (4-61 h)
Hazrati Аli raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Hasan tugʼilganda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kelib: «Menga oʼgʼlimni koʼrsatinglarchi, ismini nima qoʼydinglar?», dedilar. Men: «Harb» yaʼni «Urushqoq» deb ism qoʼydim», dedim. Shunda U zot: «Yoʼq, unday emas, balki uning ismi Hasan boʼlsin», dedilar. Vaqtiki, Husayn tugʼilgach, unga ham Harb degan ism qoʼydik. Nabiy sollallohu alayhi va sallam keldilarda: «Menga oʼgʼlimni koʼrsatinglarchi, ismini nima qoʼydinglar?», dedilar. Men: «Harb» yaʼni «Urushqoq» deb ism qoʼydim», dedim. Shunda U zot: «Yoʼq, unday emas, balki uning ismi Husayn boʼlsin», dedilar. Uchinchisi tugʼilganda ham Nabiy sollallohu alayhi va sallam keldilarda: «Menga oʼgʼlimni koʼrsatinglarchi, ismini nima qoʼydinglar?», dedilar. Men: «Harb» yaʼni «Urushqoq» deb ism qoʼydim», dedim. Shunda U zot: «Yoʼq, unday emas, balki uning ismi Muhsin boʼlsin», dedilar…».
Mayli, ixlos va muhabbatli xalqimiz egizak qizlarini yaxshi niyatda, Paygʼambarimizning qizlari orasida U zot sollallohu alayhi va sallamga eng koʼp oʼxshaydigan qizlarining ismi va sifatlarini alohida-alohida ism shaklida qoʼysalar, qoʼyaversinlar. Аlloh ixloslariga yarasha xayr-barakali hayot nasib etsin, egizaklariga!
Egizak oʼgʼil farzandlariga esa mazkura Fotima onamiz bilan Hazrat Аlining farzandlari, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning nabiralari, Jannat rayhonlari, Jannat yigitlarining sayyid-sardorlari boʼlmish Hazrat Hasan va Husayn raziyallohu anhumning muborak ismlarini qoʼyaversinlar. Ulardek, ulugʼligi olamga tarqaladigan, Islom va musulmon xalqlarga namuna boʼladigan zotlar boʼlsin, egizaklari!
Biz masalaning asl mohiyatini, bunday nomlash sunnat amal emas ekanini bayon qilmoqdamiz xolos. Toki, baʼzi bir oilalarda ikki bor egizak oʼgʼil yoki qiz farzand tugʼilib qolganda aynan shu ismlar bilan nomlashim sunnat edi, endi nima qilaman, deb oʼylanib yurmasinlar! Qolaversa, sunnat boʼlmagan amalni sunnat deb eʼtiqod qilish nodurust ish boʼlishini aytib oʼtmoqchimiz! Аlloh taolo Sunnat amallarni sunnat boʼlmagan amallardan ajratib, sunnatlariga amal qilishni nasib aylasin! Omin.
Manbalar asosida Аndijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» oʼrta maxsus
Islom bilim yurti mudarrisi Bahodir Bahromjon oʼgʼli tayyorladi.
siyrat.uz/maqola/8694
Foydali Maslahatlar
Egizaklarga Hasan-Husayn va Fotima-Zahro deb nom qoʼyish