DYUMA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
DYUMA haqida malumot bilib oling.

DYUMA (Dumas), Aleksandr [Dyuma-ota; 1802.24.7, Viller-Kotre (En departamenti) — 1870.5.12, Pyui (Quyi Sena departamenti)] — fransuz yozuvchisi. Adabiy faoliyatini dramaturg sifatida boshlagan — «Ov va muhabbat» (1825) kichik pyesasi. «Genrix III va uning saroyi» (1829) dramasi yozuvchiga muvaffaqiyat keltirdi. Dyumaning «Antoni» (1831), «Nel minorasi» (1832) va b. pyesalari romantik teatr tarixidagi muhim voqeadir.

1835-y. da Dyuma birinchi tarixiy romani «Izabella Bavarskaya»ni eʼlon qildi. 19-a. ning 40-y. larida ketma-ket «Uch mushketyor» (1844), «Yigirma yildan soʻng» (1845), «Vikont de Brajelon» (1848—50) tarixiy-sarguzasht romanlari paydo boʻldi. Trilogiyani tashkil etgan bu romanlarning qahramonlari umumiy — asardan-asarga utib yuradi. «Qirolicha Margo» (1845), «Monsoro xonim» (1846), «Qirq besh» (1847—48) — Genrix Navarrskiy haqidagi trilogiyadir. «Graf Monte-Kristo» (1845—46) zamonaviy hayot haqidagi sarguzasht roman. D. romanlar va pyesalardan tashqari esdaliklar, yoʻl ocherklari va b. asarlar yozgan. «Parijdan Astraxongacha» (1858) kito-bi Rossiyaga sayohati haqida. Dyumaning romanlari qiziqarli, ularda hayotga faol munosabat sezilib turadi, voqealar tez rivojlanadi, qahramonlari jasur, xushchaqchaq, topqir, qiyinchiliklarni oson bartaraf qiladi va hamisha gʻolib chiqadi.

Dyumaning bir qator asarlari dunyoning turli mamlakatlarida ekranlashtirilgan. «Graf Monte-Kristo», «Uch mushketyor» romanlari oʻzbek tilida nashr etilgan. «Nel minorasi» pyesasi «Ajal minorasi» nomi bilan oʻzbek tilida sahnalashtirilgan (1972).

Ensiklopediya.uz
DYUMA