DYUKER haqida malumot bilib oling.
DYUKER (nem. Duker) , qaynama — kanal suvini daryo yoki boshqa kanal oʻzani, chuqur vodiy, yoʻl va sh. k. toʻsiqlar b-n kesishgan joydan oʻtkazish uchun yotqiziladigan quvur shaklidagi bosimli suv oʻtkazgich. Kanaldagi suv satx,i kesib oʻtiladigan toʻsiq sathiga yaqin boʻlgan va akveduk orqali suvni oʻtkazish mumkin boʻlmagan hollarda qoʻllaniladi.
Dyuker beton, temir-beton, poʻlat, yogʻochdan qilingan boʻlishi mumkin. Material suv bosimi kuchiga qarab tanla-nadi. Bosim 30—50 m boʻlganda betondan, 50—100 m boʻlganda oldindan kuchlantirilgan temir-betondan, 100 m va undan ortiq boʻlgan hollarda va bosimi past boʻlsada, daryo oʻzani ostidan oʻtkazilsa, metalldan quriladi. Yogoch Dyuker uzoq chidamasligi uchun kamdan-kam qoʻllaniladi.
Dyuker konstruksiyasi boʻyicha bir quvurli yoki koʻp quvurli; shakli (koʻndalang kesimi) toʻgʻri burchakli yoki aylana boʻladi. Dyuker uzunligi kesib oʻtiladigan joyning katta-kichikligiga qarab bir necha oʻn m dan bir necha km gacha boʻlishi mumkin. Dyuker daryo va kanal ostidan oʻtkazilganda maxsus oʻyilgan chuqurlikka yotqizilib, 1 m dan kam boʻlmagan qalinlikda tuproq bilan koʻmiladi. Dyuker suvsiz soyliklarni kesib oʻtganda koʻmilmay, ochiq qoldiriladi. Kanal Dyuker boshi va qaynama uchastkasi b-n ravon birlashtiriladi. Kuvurning loyqa bosishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Dyukerda koʻpincha oqim tezligi 1,5—4,0 m/s oraligʻida qabul qilinadi. Oqiziqlar choʻkib toʻplanishini bartaraf qilish maqsadida qum ushlagich va balchiq toʻsgich quduqlar quriladi. Dyuker boshida choʻp-xaslarni ushlab qoladigan panjara oʻrnatiladi. Dyukerning suv oʻtkazish quvvati muayyan material (yogʻoch, temir-beton, metall)dan yasalgan bosimli quvurlar kabi maxsus gidravlik hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi.
Dyuker konstruksiyasi ekspluatatsiya qilish davrida inshootni muntazam kuzatib turish, tuzatish va tozalashni; quvurlar ulangan va Dyuker boshi kanal b-n tutashtirilgan choklardan suv sizmasligini; kanal tozalanayotgan yoki suv bogʻlanmagan davrlarda uni suvdan boʻshatishni taʼminlashi lozim.
Ad.: Gidrotexnicheskiye soorujeniya: [Ucheb. posobiye], Pod red. N. P. Rozanova, M., 1985; Husanxoʻjayev 3. H., Gidrotexnika inshootlari, T., 1968.
Masharif Boqiyev.
Ensiklopediya.uz
DYUKER