Dunyoda nima lazzatli?
Husayn mirzoning qirq vaziri bor ekan. Qirqinchisi Alisher Navoiy ekan. Bir kam qirq vazir Navoiyni Husayn mirzoga yomonlay beribdi. Husayn mirzo Alisherni vazirlikdan bo‘shatibdi.Dunyoda nima lazzatli?
DO`STLARGA ULASHING:
Bir kuni Husayn mirzo bir kam qirq vazirdan:
— Dunyoda nima lazzatli? — deb so‘rabdi. Vazirlar bilgan va boshlariga kelgan hamma sirlarni aytibdilar.
Husayn mirzo:
— Yo‘q, topolmadingiz! Ertalabgacha topib bermasangiz hammangiz joningizdan umidingizni uzing! — debdi.
Vazirlar o‘zaro maslahat qilishibdi.
— Buni Alisher biladi, — debdi vazirlardan biri. Uni Navoiyga yuboribdilar. Vazir Navoiyning oldiga kelib:
— Husayn mirzo bizga: «Dunyoda nima lazzatli, shuni topinglar!» deb buyurdi, biz topa olmadik. Aytib bermasangiz bo‘lmaydi, — debdi.
— Qaysi ovqatni och qolib yesangiz, o‘sha lazzatli deng, — debdi Navoiy.
Vazirlardan Husayi mirzo so‘raganida ular shunday debdilar.
Husayn mirzo aytibdi:
— Buni siz topmagansiz, to‘g‘risini ayting, kim aytib berdi?
Vazirlar:
— Taqsir, o‘zimiz topdik, — debdilar.
Husayn mirzo hammalarini bir uyga qamab:
— Kimki to‘g‘risini aytmasa, shu uydan birma-bir chaqirib, boshini olaveraman! — debdi.
Shunda vazirlar turib:
— Biz Alisherdan so‘radik, — debdilar. Husayn mirzo aytibdi:
— O‘zingiz uni menga yomonlab haydatib yuborib, yana nega undan maslahat so‘raysizlar? Demak, usiz sizlarning miyangiz ishlamas ekan-da! — debdi va Navoiyni chaqirtirib, yana vazirlikka tayinlabdi.
Dunyoda nima lazzatli?