Dunyoda kashandalar soni 19 million nafarga kamaydi – JSST
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko`ra, so`nggi ikki yilda dunyo bo`yicha tamaki iste`mol qiluvchilar soni 19 million nafarga kamaygan. Bu davrda sayyoramiz aholisi 149 million kishiga ortganini e`tiborga olsak, qayd etilgan natija, albatta, quvonarli.
JSST tahlilida ushbu ko`rsatkichlar yigirma yil avvalgi davr bilan ham taqqoslangan. Unda keltirilishicha, 2002 yilda sayyoramizdagi har uchinchi katta yoshli odam tamaki chekkan bo`lsa, 2022 yilda har beshinchi odam bu illat asiriga aylangan.
E`tiborlisi, ayni paytda kashandalikni qisqartirishga erishayotgan mamlakatlar soni 150 taga etgan. Bu borada Braziliya peshqadam. Mazkur davlatda 2010 yildan beri tamaki iste`moli 35 foizga kamaygan bo`lsa, Niderlandiya 30 foizlik ko`rsatkich bilan ikkinchi o`rinni band etib turibdi.
Biroq pasayish tendensiyasi xotirjamlik uchun asos bo`la olmaydi. Chunki Er yuzida 1,25 milliard kishi hamon chekuvchilar safida. Qolaversa, oltita davlat — Kongo, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Ummon va Moldovada tamaki iste`moli o`sishi davom etmoqda.
Bundan tashqari, eng ko`p kashandalar soni Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida ro`yxatga olinyapti. Bu erda aholining 26,5 foizi chekuvchilar. Ikkinchi o`rindan Evropa mintaqasi davlatlari joy olgan. Mazkur hududda aholining 25,3 foizi tamaki iste`mol qiladi.
Xotin-qizlar o`rtasida bu illatga rujo` qo`yganlar soni Evropada eng yuqori. Boshqacha aytganda, bu erdagi statistika dunyo bo`yicha o`rtacha ko`rsatkichdan ikki baravar ko`proq. Shu bois ekspertlar 2030 yilga kelib, mintaqada chekish bilan bog`liq kasalliklar eng yuqori darajaga etishini prognoz qilmoqda.
Mavjud vaziyatni hisobga olib, JSST barcha a`zo davlatlarni tamaki mahsulotlari iste`moli, ishlab chiqarilishi, realizasiya va targ`ibotini qat`iy tartibga solishga chaqirdi.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Dunyoda kashandalar soni 19 million nafarga kamaydi – JSST