DOROSHUKUH haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
DOROSHUKUH haqida malumot bilib oling.

DOROSHUKUH (1616-59) – Ollohobod, Panjob va Moʻlton hokimi. Boburiylardan. Shoh Jahonning katta oʻgʻli va valiahdi. Doroshukuh otasi betoblik kezlarida uning nomidan saltanatni idora qilgan. Shunda ukalari — Shoh Shujo, Avrangzeb va Murodbaxsh hasad qilib unga qarshi jangga hozirlik koʻrgan. 1657-y. dek. da Murodbaxsh Ollohobodni, Shoh Shujo esa Bengaliyani egallab, oʻzlarini mazkur yerlar podshohi deb eʼlon qilganlar. 1658-y. martda Avrangzeb va Murodbaxsh Ujayn sh. yaqinida uchrashib, Doroshukuhga qarshi kurashish uchun oʻzaro bitim tuzganlar. Soʻng, koʻp oʻtmay Bahodirpurda ikki tomon qoʻshinlari oʻrtasida dastlabki toʻqnashuv sodir boʻlib, unda Doroshukuh yengilgan. 1658-y. 29-mayda esa Agra yaqinidagi Samugarx sh. da boʻlgan hal qiluvchi jangda Doroshukuh qoʻshinlari butunlay tor-mor keltirilib, Avrangzeb saltanat taxtini egallagan. Doroshukuh qochib, birmuncha vaqt yashirinib yurgan, ammo Dadar viloyati hokimi Malik Jevonning xiyonati sababli qoʻlga olinib, 1659-y. 30 avg. da qatl qilingan.

Doroshukuh olim, adib va shoir edi. Uning «Majmaʼ ul-baxrayn» («Ikki dengizning qoʻshilish joyi»), «Safiynat ul-avliyo» («Valiylar kemasi»), «Hasanot ul-orifiyn» («Oriflar amali solihlari»), «Haqnoma» nomli nasriy asarlari va sheʼriy devoni mavjud. Shuningdek, u sanskrit tilidagi bir necha asarni forschaga tarjima qilgan (mas, «Sirr ul-asror»).

Turgʻun Fayziyev.

Ensiklopediya.uz
DOROSHUKUH