DORIMIY haqida malumot bilib oling.
DORIMIY, Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Bahrom ibn Abdusamad at-Termiziy as-Samarqandiy ad-Dorimiy (798 — Samarqand, Dorim qishlogʻi — 869) — buyuk muhaddis. Dastlab oʻz yurtida diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini oʻrgandi, keyin Qohira, Damashq, Bagʻdod, Makka, Madinada, shuningdek, Xurosonning taniqli olimlaridan saboq oldi. Dorimiy, Imom al-Buxoriyning ustozi hisoblanadi. Dorimiy hadis, tafsir, fiqh ilmlarining allomasi darajasiga koʻtarildi. Dorimiyning «Al-Musnad» («Tayanch»), «Attafsir» («Qurʼon sharhi»), «Al-Jomeʼ» («Toʻplam»), «As-Sulosiyot fil hadiys» («Hadislardagi uchliklar, yaʼni uch oʻzak harfli feʼllar»), «Kitob as-sunna fil hadiys» («Hadislardagi sunnatlar haqida kitob») asarlari uning ilmiy-maʼnaviy merosini tashkil etadi. Dorimiyning eng muhim asari «AlMusnad» boʻlib, «Sunan ad-Dorimiy» nomi bilan mashhur. 2 jilddan iborat bu asar 1996-y. da Bayrutda chop etilgan. Bu asarda haj, zakot, roʻza, nikoh va taloq, vasiyatnoma va b. koʻplab tushunchalar mazmuni, Muhammad (as)ning musulmonlar ijtimoiy va maʼnaviy hayotining hamma sohalari yuzasidan aytgan fikrlari tushuntirib beriladi. Bu asar «Assihah assitta» (oltita sahih) kitoblari jumlasiga (Ibn Mojaning «Sahih»i oʻrniga) kiritilgan. Dorimiy ayrim manbalarga koʻra, Samarqand viloyatining Toyloq tumani hududida dafn etilgan. Mahfuza Alimova.
Ensiklopediya.uz
DORIMIY