DORBOZLIK haqida to’liq ma’lumot oling

DORBOZLIK haqida to’liq ma’lumot oling

DORBOZLIK, dor oʻyin — baland dor ustida tomosha koʻrsatish sanʼati, sirk sanʼati janri. Dor ustida har qanday noturgʻun holatda ham gavda muvozanatini saqlash mahorati namoyish etiladi. Dorbozlik taxm. 2,5 ming yil muqaddam Sharqda paydo boʻlgan, soʻng butun dunyoga tarqalgan. Dorbozlik dastlab past qurilgan, mashklari ham sodda boʻlgan. Davr oʻtishi bilan dor tobora balandroq qurilib, oʻyinlari murakkablasha borgan. Dorbozlik oʻyinlari avval ochiq maydonlarda, 18-a. oxiridan esa sirk sahnasida namoyish etiladigan boʻldi va sirk sanʼatining ajralmas qismiga aylandi, yangi taraqqiyot davrini boshladi.

Oʻzbekistonda Dorbozlik qadim tarixga ega. Baʼzi manbalar Amir Temur saroyida ajoyib dor oʻyinlari koʻrsatilganini tasdiqlaydi. D. Oʻzbekistonning barcha yirik shaharlarida, ayniqsa Quva, Asakada taraqqiy etgan. Oʻtmishda oʻzbek dorbozlari Xitoy, Hindiston, Afgʻoniston, Eron, 18 — 19-a. larda Rossiyada oʻz mahoratlarini namoyish etganlari toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. Oʻzbek dorbozlari 25 — 30 m balandliqdagi ustunlarga qiya qilib tortiladigan arqon ustida langar-choʻp bilan boʻladigan oʻyinlarni: yugurish (olgʻa, orqaga), sakrash, oyoklarga pichoq yoki patnis bogʻlab, shuningdek, koʻzni bogʻlab, boshga xalta yoki qozon kiyib yurish, yakka va qoʻsh chigʻiriqda oʻynash kabi turli-tuman mashqlarni bajargan. Dor oʻyinlari dor tagida raqqoslarning oʻyinlari, qiziqchilar, askiyachilarning chiqishlari hamda anʼanaviy sirk turlaridan simdor, yogʻochoyoq, nayrangbozlik, besuyak, muallaqchilik, oʻrgatilgan ayiq, ilon, maymun, ot, echki oʻyinlari bilan birga olib borilgan.

20-a. da oʻzbek Dorbozlik sanʼatini yangi mazmunda rivojlantirishda va anʼanalarni davom ettirishda Asaka darbozlari sulolasining atoqli namoyandasi Toshkanboy Egamberdiyevning xizmati juda katta (q. Toshkanboyevlar), 20-a. ning oʻrtalaridan boshlab oʻzbek dorbozlari repertuariga birmuncha oʻzgarishlar kiritildi. Muhofaza vositalaridan foydalanish natijasida dor ustida yangi, murakkab oʻyinlar ijro etila boshladi. Yakka kishi mashqlari bilan bir qatorda 2, 3, 4 kishi ijro etadigan mashqlar koʻrsatiladigan boʻldi. Jumladan, ikki dorbozning bir-birini yelkasida yoki boshida turib dordan oʻtishi, obkashning ikki tomonida oʻtirgan dorbozlarni olib oʻtish, dorda oʻtirgan dorboz ustidan sakrab oʻtish, umbaloq oshish, yelkasi b-n dorga tiralib, oyoqni tepaga choʻzish, ikki dorboz yelkasiga oʻrnatilgan taxta koʻprikcha ustida tik turish va h. k. Bu kabi murakkab oʻyinlar 1950—70 y. lar faoliyat koʻrsatgan Shokirjon Toshkanboyev, Odamboy Ibrohimov, Usmonjon Nishonboyev, Ergash va Hakimjon Parpiyevlar, Qosim Abdullayev, Joʻraxoʻja Norxoʻjayev rahbarligidagi jamoalarda namoyish etilgan. Hoz. kunda Yunusali Gʻoziyev, Noibjon Hakimov, Toʻlqin Boltaboyev, Ahadjon Murodov, Ahadjon Nabiyev, Anvar Moʻydinov rahbarligidagi jamoalar Dorbozlik anʼanalarini davom ettirib kelmoqda. Dorbozlik sanʼatini rivojlantirish va targʻibot qilish maqsadida muntazam ravishda dorbozlar koʻriktanlovi oʻtkaziladi. Murod, Tohir va Behzod Toshkanboyevlar «Uch kishilik ustun» oʻyinini namoyish etmoqda.

Mustaqillikdan soʻng oʻzbek dorbozlari oʻz sanʼatlarini dunyoning turli mamlakatlarida namoyish etmoqdalar. «Oʻzbekdavlatsirk» respublika birlashmasining Olimjon, Tohir va Murod Toshkanboyevlar rahbarligidagi «Oʻzbekiston dorbozlari» jamoalari qad. Dorbozlik anʼanalarini zamonaviy sirkning badiiy ifoda vositalari bilan boyitib kelmoqda.

Poʻlat Toshkanboyev.

Malumotlar
DORBOZLIK