Doimiy charchoq nimadan dalolat beradi — charchash bilan bog’liq 8 holat
Uzoq ish kunidan so’ng charchoq va apatiya — tabiiy va normal hodisa. Normal holatga qaytish uchun sog’lom odamga yetarlicha uxlashi yoki hafta oxiridagi dam olish kunigacha yetib borishi kifoya. Ammo dam olish ham tetik holatga qaytishga yordam bermasa va toliqish kishini tark etmasa, shifokorga tashrif buyurish haqida o’ylab ko’rish joiz.
Ertalab uyg’onganingizda, zo’rg’a kiyinasiz va kun oxirigacha holsizlikni his qilasizmi? Dam olish kunlarida sizda hatto yurish uchun kuch va xohishingiz yetarli bo’lmaydi, bu borada ish kunlarini tilga olmasa ham bo’laveradimi? Zinapoyada bir nechta qavatga ko’tarilgach, zaiflikdan yiqilib qolgudek bo’lasizmi? Bularning barchasi salomatlik bilan bog’liq jiddiy muammolar haqida gapirishi mumkin; ularning ba’zilari mustaqil ravishda hal qilinishi mumkin, boshqalari esa mutaxassis yordamini talab qiladi. Amerikada nashr etilgan «Sizning tanangiz signallari» («Your Body’s Red Light Warning Signals«) kitobining mualliflari doimiy charchoqning sakkizta keng tarqalgan sababini aytishdi.
Doimiy charchoqlik sabablari
1. B12 vitaminining yetishmasligi
Ushbu vitamin tanangizning asab va qizil qon hujayralarini ishlashiga yordam beradi. Ikkinchisi, o’z navbatida, to’qimalarga kislorod transportida ishtirok etadi, kislorodsiz esa (kamqonlikda) organizm ozuqa moddalarini zarur energiyaga aylantira olmaydi. Shuning uchun B12 vitamini yetishmasligida zaiflik kuzatiladi. Ushbu holatni boshqa belgilar orqali aniqlab olish ham mumkin: masalan, ko’pincha bunga ich ketishi, ba’zan esa oyoq-qo’l barmoqlari uvishishi va xotira bilan bog’liq muammolar hamrohlik qiladi.
Nima qilish kerak. Vitamin yetishmasligi oddiy qon tahlili orqali aniqlanadi. Agar u ijobiy natija ko’rsatsa, ko’proq go’sht, baliq, sut mahsulotlari va tuxum iste’mol qilish tavsiya etiladi. Vitamin dori-darmonli shaklida ham ishlab chiqariladi, lekin u oson hazm qilinmaydi va odatda faqat o’ta og’ir holatlarda buyuriladi.
2. D vitamini yetishmasligi
Bu vitamin unikal hisoblanadi, chunki u organizmning o’z kuchlari tomonidan ishlab chiqariladi. Biroq, buning uchun har kuni kamida 20-30 daqiqa vaqtni quyosh nurlari ostida o’tkazish kerak, lekin bu so’nggi paytlarda ko’p tanqid qilinmoqda. Matbuot quyosh nurlari ostida ko’p yurish erta qarish, pigmentli dog’lar hosil bo’lishi va saraton bilan tahdid qilishi haqida ogohlantirishlarga to’la. Bu qarash, albatta, qisman to’g’ri, lekin juda ehtiyotkorlik ham salomatlik uchun xavflidir. Shifokorlar ogohlantirishicha, D vitamini yetishmasligi yurak bilan bog’liq muammoga aylanishi, qon bosimi ko’tarilishi, nevrologik kasalliklar va saratonning ba’zi turlari rivojlanishiga sabab bo’lishi mumkin.
Nima qilish kerak. D vitamini darajasi ham qon tekshiruvi bilan aniqlanadi. Bunday holatda charchoqni yengish uchun D vitamini zaxirasini baliqli parhez, tuxum va jigar bilan to’ldirish mumkin. Ammo quyoshli vannalar ham kerak. Kuniga 10 daqiqa toza havoda sayr qilish charchashni bartaraf etish uchun kifoya qiladi.
3. Dori-darmonlarni qabul qilish
O’zingiz qabul qilayotgan dori-darmon yo’riqnomasini o’qib chiqing. Ehtimol, nojo’ya uning ta’sirlari orasida charchoq, apatiya, zaiflik chaqirishi mavjuddir. Biroq, ayrim ishlab chiqaruvchilar bu ma’lumotni sizdan «yashirishi» mumkin. Misol uchun, allergiyaga qarshi ishlatiladigan antigistaminlar sizdan tom ma’noda energiyani tortib olishi mumkin, garchi siz bunday ma’lumotni unga biriktirilgan yorliqda ko’rmaysiz. Shu kabi ta’sirga ko’plab antidepressantlar va beta-blokatorlar (gipertoniyaga qarshi dorilar) ega.
Nima qilish kerak. Har bir inson organizmi dori moddalariga turlicha javob qaytaradi. Dorining shakli va hatto markasi ham ahamiyatga ega bo’lishi mumkin. Shifokoringizdan sizga boshqa preparat taklif qilishini so’rang — tabletkalarni o’zgartirish ehtimol sizni normal holatga qaytaradi.
4. Qalqonsimon bez faoliyati buzilishi
Qalqonsimon bez bilan bog’liq muammolar tana vazni o’zgarishlarida (ayniqsa, ozish bilan bog’liq qiyinchiliklarda), teri quruqligi, varaja qilish va menstrual sikl buzilishlari bilan ham namoyon bo’lishi mumkin. Bular gipotireoz — qalqonsimon bez faolligi pasayishining odatiy alomatlari, bu holatda organizmga modda almashinuvini boshqaruvchi gormon yetishmaydi. Rivojlanib ketgan holatlarda kasallik bo’g’im kasalliklarga, yurak kasalligiga va bepushtlikka olib kelishi mumkin. Bemorlarning 80 foizi ayollardir.
Nima qilish kerak. Ushbu vaziyat bilan bog’liq charchoqni yo’qotish uchun endokrinologga borish va sizga qanchalik intensiv davolanish kerakligini aniqlash lozim. Odatda, bemorlar umrlari oxiriga qadar gormonlarni o’rnini bosuvchi terapiyaga amal qilishlari kerak bo’ladi, ammo natijalar vositalarni oqlaydi.
5. Depressiya
Zaiflik — depressiyaning eng tez-tez uchraydigan yo’ldoshlaridan biridir. Bu holatdan, o’rtacha hisobda, dunyo aholisining taxminan 20 foizi aziyat chekadi.
Depressiyani davolash→
Nima qilish kerak. Agar tabletkalar qabul qilish va psixologga borishni xohlamasangiz, sport bilan shug’ullanishga harakat qiling. Jismoniy faollik — bu tabiiy antidepressant bo’lib, «baxt» gormoni bo’lmish serotonin ishlab chiqarishga hissa qo’shadi.
6. Ichaklar bilan bog’liq muammolar
Glyutenli kasallik yoki seliakiya taxminan har 133 kishining birida kuzatiladi. Kasallikning mohiyati — ichaklar donlarning glyutenini hazm qila olmasligidir, ya’ni siz hafta davomida ko’p miqdorda pitsa, pechenye, makaron yoki non iste’mol qilsangiz, qorin dam bo’lishi, diareya, bo’g’imlar sohasida diskomfort va charchash hissi kuzatiladi. Bunda organizm shu tariqa ichaklarning so’rish qobiliyati buzilishi sababli oziqa moddalarining yetishmasligiga javob qaytaradi.
Nima qilish kerak. Birinchidan, muammo ichakda ekanligiga ishonch hosil qilish uchun bir nechta tekshiruvlardan o’tish kerak. Ba’zi hollarda tashxisni tasdiqlash uchun endoskopiya talab qilinadi. Agar javob ijobiy bo’lsa, charchashni oldini olish uchun taomnomani jiddiy ravishda qayta ko’rib chiqishingiz kerak bo’ladi.
7. Yurak muammolari
Infarktni boshdan o’tkazgan ayollarning taxminan 70 foizi infarktdan oldingi to’satdan va uzoq muddatli zaiflik va doimiy charchoqdan shikoyat qilishgan. Insoniyatning go’zal yarimida infarkt juda og’riqli bo’lmasa-da, ayollar o’rtasida infarkt tufayli o’lim darajasi foizi doimo o’sib bormoqda.
Yurak-tomir kasalliklari→
Nima qilish kerak. Agar sizda yurak xastaligining boshqa alomatlari — ishtahaning kamayishi, nafas olish qiyinligi, ko’krak qafasidagi kam kuzatiladigan, lekin keskin og’riqlar bo’lsa — kardiologga murojaat qilish yaxshiroqdir. Bunda elektrokardiogramma (EKG), exokardiogramma yoki ultratovush tekshiruvi kerak bo’lishi mumkin. Davolash tartibi tekshiruv natijalarga bog’liq. Yurak kasalligining oldini olish uchun taomnomada kam yog’li ovqatlarni ustun qilish va yengil jismoniy mashqlar bilan shug’ullanishi mumkin.
8. Qandli diabet
Qandli diabet bemorni ikki yo’l orqali charchatishi mumkin. Birinchisi: bemor qonidagi qand darajasi juda yuqori bo’lsa, glyukoza (ya’ni potentsial energiya) tanadan tom ma’noda yuvilib chiqib ketadi va behuda yo’qoladi. Demakki, siz qanchalik ko’proq ovqatlansangiz, o’zingizni shunchalik yomonroq his etasiz. Aytgancha, qonda qandning doimiy ravishda ko’tarilgan holatining o’z nomi mavjud — potentsial diabet yoki prediabet. Bu hali kasallik emas, lekin u ham doimiy charchaganlik bilan namoyon bo’ladi.
Ikkinchi muammo kuchli chanqashdir: bemor juda ko’p suyuqlik ichadi va bu tufayli tunda bir necha marta hojatga chiqadi — natijada sog’lom uyqu buziladi va uyquga to’ymaslik natijasida kishiga surunkali charchash hamrohlik qiladi.
Nima qilish kerak. Qandli diabetning boshqa alomatlari — tez-tez siydik chiqarish, ishtahaning kuchayishi va vazn yo’qotishidir. Agar siz o’zingizda ushbu kasallikdan shubhalansangiz, shubhalarni tekshirishning eng yaxshi yo’li tahlil qilish uchun qon topshirishdir. Qandli diabet bilan og’rigan bemorlar parhezga amal qilishlari, qonda qand darajasini muntazam tekshirib turish, dori-darmonlarni qabul qilish va, ehtimol, sport bilan shug’ullanishlari kerak. Agar preidiabet tashxisi qo’yilsa, ortiqcha jismoniy faollik vaziyatning yomonlashuviga olib kelishi mumkin.
Salomatlik
Doimiy charchoq nimadan dalolat beradi — charchash bilan bog’liq 8 holat