DMITRIY DONSKOY haqida malumot bilib oling.
DMITRIY DONSKOY, Dmitriy Ivanovich (1350.12.10 — Moskva — 1389.19.5) — Moskva (1359-y. dan) va Vladimir (1362-y. dan) ulugʻ knyazi. Ivan II Krasniy (1326—59)ning oʻgʻli. Otasi oʻlgach (1359), Oltin Oʻrda xoni Murod unga ulugʻ knyazlik yorligʻini bergan. D. D. Moskvada oq xarsangdan Kreml bunyod ettirgan (1364). U 1372-y. Tver sh. ni qamal qilib, uning knyazi Mixailni sulh tuzishga va ulugʻ knyazlik daʼvosidan butunlay voz kechishga majbur etgan. Soʻng, shu yili Ryazan knyazligini ham oʻziga boʻysundirgan. Shu tariqa Dmitriy Donskoy barcha qoʻshni knyazliklarni itoat ettirib, Oltin Oʻrdaga qarshi urushga hozirlik koʻra boshlagan. Ammo, 1377-y. Koʻk Oʻrda xoni Arab-shoh (1376—77) Dmitriy Donskoy qoʻshinini tor-mor keltirib, Suzdal, Nijniy Novgorod va Ryazan knyazliklarini ishgʻol qilgan. 1380-y. D. D. Oltin Oʻrda tumanboshilaridan biri — Mamay qoʻshinlari bilan jang qilib, uni yenggan (q. Kulikovo jangi). 1381-y. Ok Oʻrda xoni Toʻxtamishxon Dmitriy Donskoy qoʻshinini butunlay tor-mor keltirib, Moskvani ishgʻol qilgach, Rus yana Oltin Oʻrdaga qaram boʻlib qolgan.
Ensiklopediya.uz
DMITRIY DONSKOY