DIKKENS haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
DIKKENS haqida malumot bilib oling.

DIKKENS (Dickens) Charlz (1812.7.2, Lendport — 1870.9.6, Xeydsxill) — ingliz yozuvchisi. Adabiy faoliyati 1833-y. da boshlangan. Mehnatkash xalqning ogir axvoli Dikkens asarlarining bosh mavzusi boʻlgan. Dikkens tanqidiy realizm uslubining asoschilaridan hisoblanadi. Hajviy-sentimental ruhda yozilgan «Pikvik klubining oʻlimidan keyingi yozishmalari» (1837), «Oliver Tvistning sarguzashtlari» (1838), «Nikolas Niklbi» (1839) romanlari Dikkensni dunyoga mashhur qildi. 19-a. 40—50-y. lari D. ijodi gullagan davr boʻldi. «Martin Chezlvit» (1844) romanida Amerika voqeligidagi salbiy tomonlar tasvirlangan. «Dombi va oʻgʻli» (1848) romanida insonlik qiyofasini yoʻqotgan, manmansiragan ingliz boyvachchalari hajv tigʻi ostiga olingan. Tarjimai hol yoʻsinidagi «David Kopperfild» (1850) romanida esa oʻsha zamonning ijtimoiy ziddiyatlari koʻrsatilgan. Dikkens asarlarida, umuman oddiy kishilar qiyofasi zoʻr mahorat bilan aks etadi. 1848-y. Angliyada chartistlar (yoʻqsullar) harakati magʻlubiyatga uchragan davrda Dikkens dolzarb ijtimoiy muammolarni kalamga oldi («Sovuq uy», 1853; «Mashaqqatli zamon», 1854; «Jajji Dorrit», 1857 va b.). Bular orasida, ayniqsa, «Mashaqqatli zamon» romani alohida ahamiyatga ega.

«Ikki shaharcha toʻgʻrisida qissa» (1859), «Intizorlik» (1861), «Bizning umumiy doʻstimiz» (1865) kabi romanlarida esa Dikkens jamiyatni ijtimoiy inqirozdan olib chiqish yoʻllarini badiiy vositalar yordamida tasvirlaydi.

«Oliver Tvistning sarguzashtlari» romani oʻzbek tilida nashr qilingan (1984).

Ensiklopediya.uz
DIKKENS