Dermatitlar nima va ularning turlari

Dermatitlar nima va ularning turlari

Dermatitlar nima

Terining o‘tkir yallig‘lanishiga dermatit, deb ataladi. Dermatit kasalligi mexanik, fizik, kimyoviy va biologik omillar taʼsiri natijasida vujudga kelib, tashqi va ichki manbalarning salbiy taʼsiri natijasida shakllanadi. Agar oddiy dermatitlarning hosil bo‘lishiga tashqi manbalar sabab bo‘lsa, allergik dermatitlarning shakllanishida esa ichki manbalarning ham ahamiyati katta bo‘ladi. Jumladan, ovqat hazm qilish aʼzolari kasalliklari (gepatit, gastrit, enterokolit va boshqalar) allergik dermatitlarning rivojlanishini tezlashtirib yuboradi.

Mazkur kasalliklarga hali duchor bo‘lmagan bemorlarda, ayniqsa, yosh bolalarda ichaklardagi so‘rilish jarayonining susayishi muhim patogenetik rol o‘ynaydi. Shuningdek, asab tizimi va ichki sekretsiya bezlari faoliyatining buzilishi, modda almashinuvidagi o‘zgarishlar va immunologik buzilishlar ham maʼlum ahamiyat kasb etadi.
Dermatitlarning 3 xil klinik shakllari tafovut etiladi, bular oddiy (artifitsial) kontakt, kontakt allergik va toksikodermiyalardan iborat bo‘lib, ularning bunday ko‘rinishda tafovut etilishi amaliyotda katta ahamiyat kasb etadi.

Oddiy (artifitsial) dermatitlar

Oddiy (artifitsial) dermatitlarda terining zararlanishi faqatgina tashqi tasirotlar taʼsir etgan joydagina kuzatiladi.
Teridagi patologik jarayonning ko‘rinarli darajada kechishi va uni davomiyligi taʼsir etayotgan allergenning kuchi va taʼsir etish vaqtiga bog‘liq bo‘ladi. Taʼsir etayotgan omil taʼsiri chetlatilsa jarayon kechishi orqaga qaytadi. Yallig‘lanishga sabab bo‘lgan omillarning taʼsir darajasiga qarab zararlangan soha terisida qizarish va shish paydo bo‘lishi (eritematoz dermatit) yoki teri qizargan joyda pufakcha va pufaklar yuzaga kelishi mumkin (bullyoz dermatit). Shuningdek, yallig‘lanish jarayoni yara paydo bo‘lishi va terining nobud bo‘lishi (nekroz) bilan kechishi ham mumkin (nekrotik dermatit). Boshqacha qilib aytganda, oddiy dermatitda yallig‘lanish jarayoni odatda o‘tkir o‘tadi. Biroq yosh bolalarda oddiy dermatitlar kiyim-kechak va poyabzallarning, past va yuqori haroratning uzoq vaqt davomida taʼsir etishi natijasida ham shakllanadi. Bunday oddiy dermatitlar odatda surunkali kechadi.
Surunkali davom etadigan oddiy dermatitlarda ham terining qizarishi, shishishi va suvchirashi, pufakcha, pufak, shilinish va eroziya kabi belgilar paydo bo‘ladi. Aniq yig‘ilgan anamnez, teriga taʼsir etgan omillarni aniqlash hamda klinik ko‘rinishlarga asoslangan holda oddiy dermatitni allergik surunkali dermatitlardan ajratish mumkin.

dermatitlar nima va ularning turlari 65f04cc6c44b4

Allergik dermatit

Allergik dermatit bu organizmning maʼlum bir allergen taʼsiriga nisbatan bo‘lgan yuqori sezuvchanligi tarzida namoyon bo‘ladi. Bu vaqtda allergen teri sohalarining cheklangan sohasiga taʼsir etsa ham butun organizmning sezuvchanligi holati oshishi kuzatiladi. Natijada jarayon nafaqat allergen taʼsir etgan teri sohasida, balki undan uzoqda bo‘lgan teri sohalarida ham davom etadi. Allergik jarayonning ko‘rinarli bo‘lishi allergenni taʼsir etish vaqtiga va uning kuchiga bog‘liq bo‘lmaydi. Bunday dermatit- larning klinik belgilari asl polimorfizm bilan taʼriflanadi, yallig‘lanish jarayoni yallig‘langan dog‘ (eritema), pufakchalar, tugunchalar va suvchiragan sohalar shakllanishi bilan o‘tadi.

Terining yallig‘lanishiga sabab bo‘lgan omilning turiga qarab toshmalarning turi va tabiati turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, ovqat mahsulotlarining sensibilizatsiyasi natijasida shakllangan allergik dermatitlarda ko‘pincha pushti rangli eritemalar va pufakchalar paydo bo‘lsa, dorivor moddalardan paydo bo‘lgan allergik dermatitlarda esa yirik-yirik pufaklar va gemorragik dog‘lar ko‘p kuzatiladi. Umuman olganda allergik dermatitlarning ikki turi tafovut etiladi: kontakt allergik dermatitlar va toksik allergik dermatitlar. Kontakt allergik dermatitlar allergenlarning teriga bevosita taʼsir etishi natijasida yuzaga chiqadi. Bunda terining sezuvchanligini oshiruvchi moddalar bevosita terining allergik yallig‘lanishiga olib keladi.

Toksik allergik dermatitlar allergenlarning bemor organizmiga nafas olish va hazm yo‘llari orqali taʼsiri natijasida, shuningdek, turli-tuman kimyoviy moddalarni tomir ichiga va mushak orasiga yuborish oqibatida shakllanadi. Toksik allergik dermatitlar toksidermiyalar, deb ham ataladi.

Toksikodermiya

Toksikodermiya bu teridan boshqa yo‘llar orqali kirgan allergen moddalariga nisbatan organizmning nafaqat yuqori sezuvchanlik (sensibilizatsiya) holati, balki zaharlanish (intoksikatsiya) holati bilan namoyon bo‘lishidir. Ko‘pincha bunday manzara dori vositalariga nisbatan organizmning javob reaksiyasi jarayoni natijasida vujudga keladi. Klinik jihatidan toksikodermiya kasalligi eritema, tugunchali yoki tugunchali- pufakchali hamda pufakli toshmalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Ko‘pincha bunday toshmalarning nafaqat teri sohalariga, balki shilliq qavatlarga ham tarqalishi kuzatiladi.

Ayrim hollarda toksikodermiyalar qanday dori vositalarining zaharli taʼsiridan so‘ng paydo bo‘lganligini aniqlash mumkin, masalan yod va brom dori vositalari taʼsiridan so‘ng teri sohalarida ularga xos bo‘lgan husnbuzarsimon toshmalar tarzida, o‘simtalar yoki tugunlar tarzida namoyon bo‘ladi, sulfanilamid dori vositalaridan so‘ng esa jarayon to‘qqizil, qo‘ng‘irsimon chegaralangan o‘choqlar tarzida namoyon bo‘ladi. Toksikodermiya kasalligining o‘ziga xos bo‘lgan klinik shakllaridan biri

Layellaning toksiko-allergik pufakli epidermal nekrolizi hisoblanadi. Kasallik birdan teri va shilliq qavatlarda katta hajmdagi, to‘qqizil yallig‘langan o‘choqlarning paydo bo‘lishi hamda ular asosida esa pufakli toshmalarning kuzatilishi bilan boshlanadi.
Pufakli toshmalarni yorilishi po‘sti tez ko‘chadigan eroziyalarning hosil bo‘lishiga olib keladi, ularning sathi ho‘llanib turuvchan bo‘lib, Nikolskiy belgisi musbat ko‘rinishda bo‘ladi. Bemorlarning umumiy ahvoli og‘ir bo‘ladi, ularda holsizlik, badan qaqshashi, darmonsizlik, ishtahaning pasayishi, tana haroratlaring septik 39°-40° darajagacha ko‘tarilishi, yurak va buyrak faoliyatlarining buzilishi kabilar kuzatiladi.

Foydali Maslahatlar, Salomatlik, Salomatlik sirlari
Dermatitlar nima va ularning turlari