Dermatit qanday kasallik? haqida malumot

Dermatit qanday kasallik? haqida malumot

Dermatit teri qoplamasining yalligʻlanish kasalliklaridir. Dermatitlar terining qaysi sohasi va yalligʻlanish sababiga qarab tasniflanadi. Sogʻlom odam teri qoplamasi himoya funksiyasiga ega, ammo uzoq muddat taʼsir etgan patologik omil natijasida terining himoya funksiyasi buziladi, immunitet pasayadi va turli xil koʻrinishdagi dermatitlar kelib chiqadi.

Dermatitlarga atopik dermatit, oddiy va allergik kontakt dermatit, aktinik dermatit, medikomentoz dermatit va boshqalar kiradi. Barcha dermatitlar umumiy davo muolajalari dermatitni chaqiruvchi omilni bartaraf etish, mahalliy yalligʻlanishga qarshi vositalardan foydalanish va detoksikatsiya chora tadbirlarini oʻz ichiga oladi. Kontakt dermatit sabablari teri bilan kontaktda boʻladigan har qanday jism boʻlishi mumkin: fizik, kimyoviy, biologik va mexanik.

dermatit
Foto: Shutterstock.com

Muolajalar va diognostika

Terining kuchli qoʻzgʻalishi natijasida terida yalligʻlanish jarayoni boshlanadi, bu allergik koʻrinishida yoki mexanik yalligʻlanish koʻrinishida kechishi mumkin. Kasallik klinik belgilari kontaktda boʻlayotgan qoʻzgʻatuvchi omil turiga, uning teriga taʼsir etib turish davomiyligiga va bu moddaning oʻziga xosligiga bogʻliq boʻladi. Yaʼni, dermatit yengil teri qizarishi yoki chuqur yarali oʻzgarishlar koʻrinishida kechishi mumkin.

Allergiyaga moyil boʻlgan insonlarda qoʻzgʻatuvchi omil taʼsirida allergik kontakt dermatit yuzaga chiqadi. Antigen bilan kontakt boʻlganda sekin kechuvchi tipdagi javob reaksiyasi kelib chiqadi, allergen derma hujayralari bilan aloqaga kirishadi, yaʼni organizm immun tizimi ushbu allergenni eslab qoladi, xuddi shu antigen teriga qayta taʼsir etganda terida yalligʻlanish jarayoni boshlanadi yoki dermatit kelib chiqadi. 

Allergik dermatitlar organizm immun tizimi sezuvchanligiga qarab tez yuzaga chiqishi yoki bir necha kunlarda namoyon boʻlishi mumkin. Bu qondagi antitelolar konsentratsiyasiga bogʻ​liqdir.

Allergik dermatitlar rivojlanishida bemorning nasliy moyilligi birinchi oʻrinda turadi, ulardan anamnez yigʻilganda yaqin qarindoshlar orasida yoki oʻzida allergik xarakterga ega boʻlgan kasalliklar uchraydi (bronxial astma, pollinoz).

Ayollarda kortikosteroidlar yordamida teridagi turli xil husnbuzarlarni davolash natijasida teri tuzilishi va ter bezlarining kimyoviy tarkibi oʻzgaradi, natijada perioral va periorbital dermatitlar shakllanadi, chunki ogʻiz atrofida va koʻz sohasidagi teri juda sezuvchandir.

Bolalarda perioral dermatit soʻlak ajralishi koʻp boʻlgan bolalarda va tishlar chiqayotgan vaqtda kuzatiladi. Perioral dermatitlar rivojlanishida oshqozon ichak tizimi kasalliklari, gormonal oʻzgarishlar, organizmdagi surunkali infeksiya oʻchoqlarining roli katta. Buliyemiya yoki nevrologik oʻzgarishlar kuzatiladigan bemorlarda perioral dermatitlar koʻp uchraydi, buning sababi oshqozon suyuqligining doimo ogʻiz boʻshligʻiga chiqishi va koʻp qayt qilishdir.

Erta va oʻrta yoshdagi bolalarda anamnezida allergik kasalliklarga moyillik va noratsional ovqatlanish natijasida atopik dermatit kuzatiladi. Atopik dermatit surunkali kechadi. Katta yoshli insonlarda esa atopik dermatit noqulay sharoit natijasida xuruj qilishi mumkin.

Dermatit belgilari

Dermatit belgilari kasallikning ogʻirlik darajasiga qarab turli xil namoyon boʻladi. Oddiy kontakt dermatitda teri biroz qizaradi, mahalliy harorat oshadi, infiltratsiya jarayoni kechadi, koʻpchilik bemorlarda yalligʻlangan sohada qichishish hissi seziladi. Ammo, uzoq muddat taʼsir etgan omil natijasida terida yarali-nekrotik oʻzgarishlar, namlangan pufakchalar hosil boʻlishi mumkin.

Kontakt dermatitda kuzatiladigan belgilar (qizarish, shish) faqatgina omilning kontakt boʻlgan sohasidagina chegaralangan koʻrinishda namoyon boʻladi, bu xususiyat allergik dermatit bilan differensial diagnoz qilish uchun muhim hisoblanadi.

Allergik dermatit kechishi oʻtkirroq, shish va qizarish kuchli namoyon boʻladi, qichishish hissi ham bezovta qiladi. Allergik dermatitning oʻziga xos xususiyati shundaki, toshmalar va qizarishlar terining allergen bilan kontaktda boʻlmagan sohalarida ham yuzaga chiqadi.

Perioral dermatit – ogʻiz atrofida, lunjlarda, iyakda kichik tugunchalar va ularning yiringlab turishi bilan namoyon boʻladi. Bu dermatit uzoq muddat davom etadi, toshmalar doimiy xarakterga ega boʻladi, qichishish hissi kuchli boʻladi, terining qurishi va yoriluvchanligi ham bemorda diskomfort hissini uygʻotadi. Yosh ayollarda kosmetik jihatdan kamchilik boʻlishi psixologik oʻzgarishlarga ham sabab boʻladi.

Atopik dermatit tirsak, tizza boʻgʻimlarida, dumba va yuz sohasida eritematoz toshmalar toshishi, ularning ekssudatsiyasi va vezikulalar hosil boʻlishi bilan ajralib turadi. Katta yoshli insonlarda atopik dermatit xuruj vaqtida papulyoz toshmalar quruq teri sohasida ham paydo boʻladi.

Dermatit sabablari

Dermatit kelib chiqishida ekzogen va endogen omillar taʼsiri asosiy oʻrinni egallaydi. 

Ekzogen omillarga mexanik taʼsir, yaʼni uzoq muddat ezilib turish shish va yoriqlar hosil boʻlishiga olib keladi. Yuqori harorat, ultrabinafsha nurlar, radioaktiv va rentgen nurlari ham dermatit rivojlanishida muhim oʻrin egallaydi. Kimyoviy moddalar taʼsiri natijasida kontakt dermatitlar kelib chiqishi ogʻir metallar, kislota, ishqor, xoʻjalik vositalar tufayli sodir boʻladi. Ayrim oʻsimliklar, zamburugʻlar, bakteriya va viruslar ham dermaning mahalliy yalligʻlanishiga sabab boʻladi.

Endogen omillar terining himoya funksiyasini pasaytiruvchi holatlar, misol uchun gipo va avitaminoz, metabolizm buzilishi, endokrin buzilishlar (Addison kasalligi va sklerodermiya), antibiotiklarni uzoq muddat qabul qilish, novakain saqlovchi preparatlarni qabul qilish ham medikomentoz dermatitga sabab boʻladi.

Allergik tipdagi dermatit ovqatlanish tartibi buzilishi natijasida kelib chiqadi. Kasallikda autointoksikatsiya jarayoni kechadi, bu esa dermatit koʻrinishida ham namoyon boʻladi. Bunda teri quruq, yoriluvchan va kuchli qichish hissi bilan yuzaga chiqadi.

Perioral dermatit kosmetik vositalardan tartibsiz foydalanish natijasida, gormonal preparatlarni mahalliy qoʻllashda xatoga yoʻl qoʻyish, baʼzida oʻzida ftor saqlovchi tish pastalaridan foydalanish ham dermatit rivojlanishiga sabab boʻladi.

Atopik dermatitning asosiy sababi oziqlanish tartibining buzilishi, homiladorlik vaqtida ayolning notoʻgʻri ovqatlanishi, ruhiy psixologik oʻzgarishlar va allergik kasalliklar boʻlishi mumkin. Statistika maʼlumotlariga qaraganda atopik dermatit kasalligi astenik tana tuzilishidagi insonlarda, oshqozon ichak tizimi bilan bogʻ​liq kasalliklar, fermentlar faolligi sust insonlarda, diskineziya va disbakterioz holatidagi insonlarda koʻp uchraydi.

Dermatit diagnostikasi

Qoʻzgʻatuvchi omil va klinik belgilarning oʻzi ham baʼzida dermatit kasalligi diagnozini qoʻyish uchun yetarlicha boʻladi. Laborator tekshiruvlardan qon analizi (qonda eozinofil miqdori oshadi), qondagi immunoglobulin konsentratsiyasi oshganligi va teri allergik sinamasi oʻtkaziladi. Qoʻshimcha ravishda gastroenterolog, terapevt, allergolog va boshqa mutaxassislar tekshiruvlari ham kerak boʻladi.

Dermatit davosi

Dermatitni davolashda eng avvalo dermatitga sabab boʻluvchi omil taʼsirini bartaraf etish kerak boʻladi. Gipoallergen diyeta teri holatini yaxshilaydi. Qichishish, infiltratsiyani va shishni kamaytirish uchun antigistamin preparatlar buyuriladi.

Intoksikatsiyani bartaraf etish uchun dezintoksikatsion davo – faollashtirilgan koʻmir, natriy tiosulfat qoʻllash ham mumkin. Dermatitlarni mahalliy davolash maqsadida gormonal mazlardan foydalaniladi. Agar toshmalar pufakli, yoriluvchan boʻlsa, antiseptik eritmalar bilan qayta ishlanadi. Bunda yorilgan pufakchalar usti yod eritmasi bilan qayta ishlanmaydi, yaraning yonlarigagina yod eritmasi surtish mumkin.

Dermatit kasalligida doimiy qichishish hissi nevrologik oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Bunday vaqtda yengil taʼsirga ega boʻlgan sedativ vositlardan foydalanish mumkin, ayniqsa oʻsimliklardan tayyorlangan tinchlantiruvchi vositalarning organizmga nojoʻya taʼsirlari kam. Masalan, pustirnak, valeriana, piona eritmalari.

Agar dermatitning asosiy sababi oshqozon osti beiz disfunksiyasi boʻlsa, qoʻshimcha ravishda ferment preparatlar buyuriladi. Disbakteriozni bartaraf etish uchun esa ovqatlanish ratsionida sut mahsulotlari koʻproq isteʼmol qilish hamda probiotiklar qabul qilish tavsiya etiladi.

Dermatit profilaktikasi

Toʻgʻri ovqatlanish ratsioniga amal qilish, shaxsiy gigiyena qoidalari va organizmning sanitar-gigiyenik holatini normada saqlash dermatit kasalligining asosiy profilaktik chora tadbirlari hisoblanadi. Ovqat ratsionidan sitrus mevalar, shokolad, yongʻoq, baliq va baliq mahsulotlarini cheklash kerak boʻladi.

Kofe, kakao, achchiq mahsulotlar, sirka va mayonez kabi mahsulotlar ham dermatit kasalligi rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin. Yangi mevalar, koʻkatlar, sut va sut mahsulotlari isteʼmol qilish dermatit kasalligini davolashda medikomentoz davo samarasini oshiradi.

Kasalliklar
Dermatit qanday kasallik?