DEHQONCHILIK MADANIYATI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
DEHQONCHILIK MADANIYATI haqida malumot bilib oling.

DEHQONCHILIK MADANIYATI — dehqonchilikni yuritishning dehqonchilik qonun-qoidalari va agrotexnologiya meʼyorlariga muvofiqligi darajasi. «Dehqonchilik madaniyati» tushunchasi keng maʼnoda umuman jamiyatda dehqonchilikni yuritish darajasini bildiradi, tor maʼnoda dehqonchilik b-n shugʻullanadigan insonning dehqonchilikka oid bilim va tajribalari hamda uni qoʻllash mahorati, malakasini anglatadi. Jamiyat taraqqiyotidagi har bir muayyan davrning oʻziga xos Dehqonchilik madaniyati mavjud va bu madaniyat asrlar davomida vorisiylik asosida boyib va yangilanib boradi. Dehqonchilik madaniyatining paydo boʻlishi va rivojlanib borishi jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlari, ayniqsa sanoat ishlab chiqarishi va fan-texnika taraqqiyoti bilan chambarchas bogʻliq. Dehqonchilik xalqxoʻjaligidagi boshqa tarmoklardan i. ch. ning tabiiy va iqtisodiy jarayonlari birgalikda kechishi b-n farq qiladi. Yer (tuproq) va oʻsimlik asosiy ishlab chiqarish vositalari va ayni paytda mehnat obyektlari tarzida namoyon boʻladi. Tuproq gʻoyat muhim xususiyatga — unumdorlik xususiya-tiga, yaʼni yetishtiriladigan oʻsimlikni suv, oziq moddalar unsurlari va bogʻlangan azot bilan uzluksiz taʼminlash xususiyatiga ega. Tuproqning tabiiy (potensial) va iqtisodiy (samarali) unumdorligi bor. Tabiiy tuproq unumdorligi uzoqdavom etadigan tuproq hosil boʻlish jarayonlari natijasida yuzaga keladi; tuproqning fizik, kimyoviy biologik xususiyatlari mahalliy iqlim xususiyatlari bilan chambarchas bogʻliklikda amal qiladi. Tuproqning iqtisodiy unumdorligi jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlari rivoji jarayonida inson tomonidan yaratiladi. Oʻsimliklar tabiiy tuproq unumdorligidan foydalanib (tuprokdan suv, oziq moddalari va azotni shimish), atmosferadan karbonat angidrid gazini oʻzlash-tirish, quyosh kinetik energiyasini tutish va qayta oʻzgartirish, pirovard natijada noorganik moddalarni organik moddalarga aylantirish, yaʼni turli-tuman dehqonchilik mahsulotlari tarkibiga kiradigan oqsil, kraxmal, qand, moy va b. moddalar yaratish xususiyatiga ega.

Yer sirtida tabiiy sharoitlarning xilma-xilligi ekinlarni yetishtirishda maxsus usul va vositalar qoʻllash, agrotexnologiyani har bir hudud, xoʻjalik, hatto har bir dalaning tuproqiqlim sharoitlariga, shuningdek, ekilgan ekinlar tur va navlarining biologik xususiyatlariga qarab tabaqalashtirish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Dehqonchilikda insonning eng muqim vazifasi — agrotexnologik, meliorativ, tashkiliy va iqtisodiy tadbirlar majmuini bajarish yoʻli b-n, yaʼni oqilona dehqonchilik tiziminsh amalga oshirish yoʻli bilan tabiiy tuproq unumdorligini iqtisodiy unumdorlikka aylantirishdan, hosil olishdan iborat. Shu sababli dehqonchilikning real yutuqlarini taʼminlashda inson — dehqon malakasi va mahorati markaziy oʻrinda turadi.

Dehqonchilik madaniyatining yuksalishida dehqonchilikning moddiy-texnika bazasi — mehnat qurollarining takomillashuvi va fan yutuklarining dehqonchilikka joriy qilinishi hal qiluvchi oʻrinda turadi (q. Agronomiya). Tarixan olganda omoch, plug, traktor, hosilni yigʻib oladigan kombaynlarning yaratilishi, fan-texnika, jumladan seleksiya yutukdari dehqonchilikda buyuk yuksalishlarni taʼminladi va Dehqonchilik madaniyatini yangi darajaga koʻtardi.

Dehqonchilik madaniyatining obyektiv mazmuni ilmiy asosda ishlab chiqiladigan dehqonchilik tizimida ifoda etiladi. Shu sababli Dehqonchilik madaniyati ilmiy jihatdan isbotlangan dehkrnchilik tizimini yaratish va joriy qilishni, fan va texnika yutuqlarini hamda ilgʻor tajribalardan ijodiy foydalanishni nazarda tutadi. Yuqori darajadagi Dehqonchilik madaniyati insonning dehqonchilikning asosiy qonunlari talablariga muvofiq faoliyatini — tuproq hosildorligini saqlash va oshirish, almashlab ekish qoidalariga amal qilish; seleksiya va urugʻchilik ishlarini bilish va tashkil qilish, serhosil navlarning sifatli urugʻligini ekish; har bir ekinga xos agrotexnologiyani qoʻllash; tuproqqa toʻgʻri ishlov berish; sifatli urugʻlikni belgilangan muddatlarda ekish, ekinlarni sifatli parvarish qilish; oʻgʻitlardan toʻgʻri va unumli foydalanish; barcha agrotexnologik tadbirlarni optimal muddatlarda oʻtkazish; dehqonchilikni mexanizatsiyalash, kimyolashtirish, oʻsimliklarni himoya qilish tizimini toʻgʻri tashkil qilish; mehnatni iqtisodiy ragʻbatlashtirishni talab qiladi. Bundan tashqari Oʻrta Osiyo va xususan Oʻzbekistonda dehqonchilikning asosiy turi boʻlgan sugʻorma dehqonchilik sharoitlarida yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va sugʻorish madaniyatini egallash muhim oʻrinda turadi. Yuqori darajadagi Dehqonchilik madaniyati uchun kurash dehqonchilikning yuqori unumdorligini taʼminlashga xizmat qiladi. Oʻzbekistonda Dehqonchilik madaniyati ilmiy asosda rivojlanmoqda. Nazariy masalalar, yangi ilmiy tavsiyanomalar sinalib, soʻngra ishlab chiqarishga joriy etilmoqda. Dehqonchilik madaniyati yuksalishida oʻrta va oliy oʻquv yurtlari, taʼlim markazlari faoliyati, ilmiy tadqiqot muassasalari izlanishlari, ilgʻor fermer, dehqon xoʻjaliklari tajribalari, agronom-mutaxassislar malakasi muhim rol oʻynaydi.

Sulton Xolnazarov.

Ensiklopediya.uz
DEHQONCHILIK MADANIYATI