«Davlat tili haqida»gi Qonunni buzganga qanday choralar qoʻllanilmoqda? to’liq malumot oling
Til insoniyatga berilgan eng buyuk neʼmatlardan biri. Millat, jamiyat taraqqiyoti, tarix jarayonlari, eng avval, tilda aks etadi.
Har bir millatning oʻziga xos milliy madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyatlari mavjud. Millatning qanday millat ekanligi esa uning oʻz ona tilida namoyon boʻladi.
Bugun oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil toʻladi. Bu davr ichida tilimiz bukilgan qaddini yana tiklab oldi, unda bitilgan nodir asarlar nashr qilindi, tilimiz dunyoga boʻy choʻza boshladi. Eng asosiysi, yurtdoshlarimizda oʻzbek tilida gapirish, mustaqil fikrlash va bundan faxrlanish tuygʻusi — daxldorlik shakllandi.
Har bir mustaqil mamlakat oʻzining davlat tiliga ega ekan, shu til ravnaqi uchun kurashishi tabiiy. Chunki tilning davlat tili maqomida boʻlishi shu davlatning mustaqilligini koʻrsatuvchi muhim shart va talablaridan biri.
Davlat tili — davlatning oʻz fuqarolari bilan gaplashadigan rasmiy tilidir. Davlat tilida jamiyat sohalarida ish yuritish faoliyati olib boriladi, qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlar tayyorlanadi. Oʻtgan yillar ichida oʻzbek tilining davlat tili sifatida barqarorlashuvi, xizmat doirasiga koʻra kengayib borayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. Bu, albatta, ijobiy hol. Shu bilan birga, ona tilimizga ayrim fuqarolarda bepisand munosabat koʻzga tashlanayotgani ham bor gap.
“Davlat tili haqida”gi Qonunni haligacha hayotimizga toʻliq joriy etolmayapmiz. Nega? Buning sabablari talaygina. Ulardan biri ushbu Qonunni buzganga amalda hech qanday chora yoʻqligidir. “Davlat tili haqida”gi Qonunning 10-moddasida shunday deyiladi: “Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi”. Xoʻsh, yuritilmasachi, bunga qanday jazo yoki javobgarlik belgilangan? Nazarimizda, bugun davlat tilni oʻz himoyasiga olishi kerak, bu borada uning oʻzi xalqqa oʻrnak boʻlishi lozim.
Mamlakatimizda xorijiy tillarga eʼtibor kuchayib borgani sayin odamlar oʻz tili qolib, boshqa tillarni oʻrganishga kirishib ketdilar shekilli, qayerga bormang, ajnabiy soʻzlarni eshitishga qulogʻimiz, imlo qoidalariga boʻysunmagan yoki chet tilda yozilgan yozuvlarga koʻzimiz koʻnikib qoldi. Jamoat joylari, bino va inshootlar, savdo hamda xizmat koʻrsatish obyektlariga joylashtirilgan ayrim reklama vositalarida hali-hamon koʻplab imlo va uslubiy xatolar uchrayotganligiga guvoh boʻlish mumkin. Har kuni koʻchaga chiqar ekanmiz, yangidan-yangi bunyod etilayotgan binolar, bogʻ hamda xiyobonlar insonga xush kayfiyat bagʻishlaydi. Ana shunday paytlarda bir narsa koʻngilni gʻash qiladi. U ham boʻlsa, xorijiy tilda yozilgan peshlavha, reklama, eʼlonlar va bu yozuvlardagi lisoniy xatolardir. Kundan-kun zamonaviylashib, chiroy ochib borayotgan koʻchalarda toʻgʻri yozilgan oʻzbekcha matnlarni uchratish mushkul boʻlib qoldi. “Davlat tili haqida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan talablar buzilayotganligining guvohi boʻlish esa naqadar ayanchli. Va haqli savol tugʻiladi: reklama hamda eʼlonlarda uchrab turadigan qoʻpol imlo xatolari uchun kim javobgar? Reklama beruvchimi yoki reklama agentligi?
Misol uchun, koʻcha-koʻyda (imloni farqlamaslik) “Apteka”, “Savdo dukoni”, (oʻzbek tili va boshqa tillarning aralashuvidan hosil boʻlgan) «Kurilish tovarlari», «Obuv doʻkoni» kabi yozuvlarga guvoh boʻlasiz. Achinarlisi shuki, boshqa tillarda qoʻyilayotgan ayrim nomlar tarjima qilinganda milliy qadriyatlar va maʼnaviyatimizga zid maʼnodagi soʻzlar kelib chiqadi. Bu esa aholi orasida savodsizlar sonining koʻpayishiga zamin yaratmoqda. Shuningdek, koʻchalardagi eʼlonlarda «Buxara shashliklari», «Samsa s myasom, s kartoshkom», “Somsa № 1” kabi soʻzlar katta harflarda yozilganini uchratish mumkin. Holbuki, bu na ona tilimizda va na rus tilida toʻgʻri yozilgan. Qolaversa, juda koʻp joylarda yangi tashkil etilayotgan korxona, tashkilot, oshxona yoki ishlab chiqarish hududlari peshtoqlariga «Skoro otkrыtiye», «Mы otkrыlis», deb yozib qoʻyiladi. Shuning oʻrniga “Biz ish faoliyatimizni boshladik” yoki “Biz ishga tushdik” kabi jumlalar yozilsa ham boʻladiku!
Bu kabi palapartish va xato yozuvlardan istagancha misol keltirish mumkin. Masalan, ulgurji savdo doʻkonlarining peshtoqiga «optom» deb yozib qoʻyilgan. Agar oʻsha yozuvlar oʻzbek tilida yozilsa, shu doʻkon yoxud oshxonaga hech kim kirmay qoʻyadimi? Savdo yoki xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yurituvchi savdo doʻkonlari, umumiy ovqatlanish joylarida hamda ularning internet saytlarida «rasprodaja», “skidka”, «dostavka» kabi soʻzlarni ham koʻp uchratish mumkin. Vaholanki, oʻzbek tilida ushbu soʻzlarning “chegirma”, “yetkazib berish”, “arzon narxda” kabi muqobillari mavjud.
Reklamalardagi imloviy, uslubiy xatolar savdo-sotiq, aholiga turli xizmatlarni koʻrsatuvchi, umumiy ovqatlanish, toʻyxona kabi obyektlarda koʻp kuzatiladi. Eng achinarlisi, ularning koʻpchiligi yevropacha nomlar bilan atalgan. Mayli, xorijiy tilda ham boʻlgani yaxshi, ammo, avvalo, oʻzbek tilida, soʻng uning yonida boshqa tilda boʻlishi maqsadga muvofiq emasmi?!
Ustiga-ustak tijorat mazmunidagi reklama va eʼlonlardagi xato matnlarni oʻqib, dilingiz xufton boʻladi. Ularning oʻzbekchada berilgan tarjimalarida uslubiy xatolar gʻij-gʻij. Lingvistika talabiga koʻra, biror-bir tilga boshqa tildan soʻz yoki soʻz birikmasi oʻzlashtirilsa, bunda oʻsha soʻz yoki fikrning originaldagi maʼnosi diqqat-eʼtiborda boʻlmogʻi lozim. Mazmunga eʼtibor bermaslik, soʻz mavqeiga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Soʻz oʻzlashtirish talabi har bir millat tili uchun muhim hisoblanib, bunda adabiy tilning barcha jihati koʻzda tutilishi shart. Aks holda, sunʼiylikka, noaniqlikka yoʻl qoʻyiladi. Natijada soʻzning qiymati, mazmun-mohiyati yoʻqoladi. Afsuski, bunday holat tarjimachilik amaliyotida tez-tez uchraydi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri, soʻzma-soʻz qilingan tarjima mantiqiy xatoliklarni keltirib chiqaradi. Juda koʻp oʻrinlarda Qonunning 20-moddasiga, yaʼni yozuvlar, avvalo, davlat tilida berilishi, keyin boshqa tillarga tarjima qilinishi zarurligiga amal qilinmagan. Albatta, hech kim taraqqiyotga, rus va ingliz tillarida berilayotgan reklamalarga, xorijlik mehmonlar uchun tushunarli boʻlgan yozuvlarga qarshi emas. Toʻgʻri, xorijiy tillarni oʻrganish hammamiz uchun kerak, bu — davr talabi. Biroq chetdan kirgan soʻzlarni oʻrinsiz ishlataverish til taraqqiyoti uchun aks taʼsir koʻrsatishi mumkin. “Internet”, “kompyuter”, “lizing”, “marketing”, “kollej”, “litsey”, “modernizatsiya”, “fleshka”, “klik” singari leksemalarning tilimizda qoʻllanilishining qonuniy asoslari bor. Ammo bachkana, oʻzbek tiliga hech qachon oʻzlashmaydigan soʻzlarni qoʻllash, ularni oʻz firma va korxonalari nomiga qoʻshish, reklama sifatida foydalanish qaysi qoidalarga toʻgʻri keladi?! «Bistrof», “Shef Burger”, «Chayxana Salom», «Magazin 1001 meloch», «Glavvus» kabi nomlar ona tilimizni boyitish uchun emas, aksincha, siyqalashtirish uchun xizmat qilishdan boshqaga yaramaydi.
Xoʻsh, bu muammoni qanday hal etish mumkin? Agar xorijiy tillardagi soʻzlardan foydalanishga maʼlum bir cheklov qoʻyilsa, oʻz ona tilimizdagi soʻzlardan unumli hamda oʻrinli foydalanishga eʼtibor kuchayardi. Reklama beruvchi yoki reklama agentligi xatolarga eʼtiborsizlik bilan qarasa, uni bartaraf etish uchun hech qanday chora koʻrmasa, fuqarolar kimga shikoyat qilishi mumkin? Xatolarni bartaraf qilish masalasiga bunday eʼtiborsizlik bilan qaragan reklama beruvchi shaxs yoki reklama agentligining xatti-harakatlarini mensimaslik yoki eʼtiborsizlik va past nazar bilan qarash deya taʼriflab, ularni maʼmuriy javobgarlikka tortish mumkinmi?
Yuqoridagi kabi holatlarga qabul qilingan qonun va qarorlardagi kamchiliklar ham sabab boʻlyapti, nazarimizda. Chunki 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasida yozilishicha, “Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga koʻra boshqa tillarda tarqatiladi”. Shuning uchun ham bizda xorijiy tilda istalgancha reklama berish, istalgan tilda nom qoʻyish avj olgan. “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasidagi “Reklamaning tili”ni “Davlat tili haqida”gi Qonunning 20-moddasi bilan muvofiqlashtirish lozim. Shuningdek, “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 8 hamda 9-moddalarida reklama beruvchi yoki tayyorlovchi zimmasiga reklamaning davlat tilida va boshqa tillarda toʻgʻri yozilishi, yaʼni imlo qoidalariga amal qilinishi majburiyatini yuklash zarur, deb hisoblaymiz. Barcha reklama beruvchilar, buyurtmachilar uchun ekspertiza markazining xulosasini olish majburiy boʻlishi, undan soʻng buyurtma bajarilishi kerak. Shundagina bu muammo bartaraf etiladi.
Demak, bu borada ham normativ hujjatlarimizda ayrim kamchiliklar mavjud. Muxtasar aytganda, reklamalarda davlat tilidan foydalanishdagi xatolarning oldini olish “Davlat tili haqida”gi va “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunlar orqali tartibga solinsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.
G. GʻULOMOVA,
D. RASULMUHAMEDOVA
TDYUU Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsentlari.
Manba: XS.uz
Yuridik
«Davlat tili haqida»gi Qonunni buzganga qanday choralar qoʻllanilmoqda?