DAVLAT SOTSIALIZMI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
DAVLAT SOTSIALIZMI haqida malumot bilib oling.

DAVLAT SOTSIALIZMI — 1) sotsializmga burjua davlatining ijtimoiyiqtisodiy tadbirlari orqali erishish mumkinligini targʻib etuvchi reformistik nazariya.

2) Sobiq sotsialistik mamlakatlarda amalda mavjud boʻlgan sotsializm. D. s. nazariyasi 19-a. ning 2-yarmida Germaniyada tarqaldi. Uning asoschisi nemis iqtisodchisi K. I. RodbertusYagetsov boʻlib, uning qarashlariga koʻra, insoniyat jamiyati kommunizm sari rivojlanib, oʻz yoʻlida davlatning rivojlanish bosqichlari va mulkchilik shakllari bilan belgilanadigan 3 davr («antik davr», «feodalizm va kapitalizm», «kommunizm»)ni bosib oʻtadi. «Antik davr» negizini odamga mulkchilik, «feodalizm va kapitalizm» davrini yerga va kapitalga mulkchilik, «kommunizm»ni mehnatga va ish haqiga mulkchilik belgilaydi. U davlatni jamiyatning «kommunizm»ga evolyutsion oʻtishini harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan ideal tashkilot tarzida talqin qiladi. G. Shmoller, L. Brentano, A. Vagner, V. Zombart va b. ham Davlat sotsializmi gʻoyalarini targʻib etganlar. Davlat sotsializmi asoschilari sotsializm deganda i. ch. vositalari va iqtisodiyotning islohotlar yoʻli bilan davlatlashtirilishini tushunar edilar. Shu sababdan ular 1873-y. dagi iqtisodiy tanglik davrida Prussiya t. y. kompaniyalarini halokatdan kutqarib qolish uchun uning davlat ixtiyoriga olinishi, boj tarifi oʻrnatilishi, tamaki monopoliyasi, spirtli ichimliklarga soliq, baʼzi liberal islohotlarni sotsializmning amalga oshirilishi deb talqin qilgan. Davlat sotsializmi nazariyasiga inqilobiy sotsializm nazariyasi asoschilari K. Marks va F. Engels qarshi chiqib, sotsializm faqat sotsialistik inqilob, ishchilar sinfi hokimiyatining oʻrnatilishi va i. ch. vositalarining deyarli hammasini sotsialistik mulkka aylantirish natijasidagina amalga oshirilishi mumkin degan gʻoyani ilgari surganlar. Biroq Rossiyadagi Oktyabr toʻntarishi bilan boshlangan va 1917—91 y. larda oʻtkazilgan sotsialistik eksperiment Marks gʻoyalari asosida yarimyorti shakllangan sotsialistik tuzum, oʻz mohiyati va tabiatiga koʻra haqiqatdan adolatli demokratik jamiyat boʻlmasdan, amalda Davlat sotsializmi sdan iborat ekanini koʻrsatdi. Sobiq Ittifokdagi sovet sotsializmi ham, undan nusxa olgan boshqa mamlakatlardagi sotsializm ham haddan tashqari markazlashtirilgan boshqarishga asoslangan sotsializm edi. Mas, Ittifokda i. ch. vositalarining 90% dan ortigʻi davlat mulki edi. Shuning uchun u ham haqiqiy demokratik erkin jamiyat boʻla olmadi va pirovardida inqirozga uchradi. Hoz. paytda mavjud sotsialistik mamlakatlar (Xitoy, Vyetnam)da keng koʻlamli demokratik islohotlar oʻtkazilmoqda. Gʻarb mamlakatlaridagi sotsialistik va kommunistik partiyalar, ishchilar partiyalari (mas, Germaniya sotsial-demokratik partiyasi, Buyuk Britaniyadagi leyboristlar partiyasi va b.) sotsialistik mafkuraning koʻpgina tamoyillaridan voz kechdilar, i. ch. vositalarining mutlaq koʻpchiligini markazlashtirish va davlatlashtirish kabi gʻoyalar bugungi kunda uz jozibasini butunlay yoʻqotdi. Chunki bunday Davlat sotsializmi hayot sinovidan oʻta olmadi, lekin demokratik sotsializm gʻoyalari hali ham uchrab turadi. Kapitalizm ham oʻzini toʻlaqonli demokratik va odil jamiyat sifatida namoyish eta olmaganligi sababli, turli mamlakatlar (Germaniya, Daniya, Shveysariya va b.)da yangi sivilizatsiyaga, ijtimoiy-insoniy tuzumga oʻtish — umumdemokratik adolatli jamiyat qurish, uning boshqariladigan, ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish gʻoyasi vujudga keldi va uni hayotga joriy etish boʻyicha samarali ishlar qilinmoqda, demokratik va iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Inson manfaatlari ustun boʻlgan, barcha kishilar uchun munosib insoniy hayot taʼminlanadigan erkin jamiyat qurish yoʻlidan borilmoqda (q. Bozor iqtisodiyotiga oʻtish).

Erlis Aliqulov.

Ensiklopediya.uz
DAVLAT SOTSIALIZMI