Dasturchining isyoni
Sal avval qisqa qilib yozgandim. Hozir yorilib, batafsilroq gapirgim kelib qoldi.
Batamom tizimlashtirishni avvaldan xushlamaganman. Lekin oldin qandaydir tushunarsiz edi, shunchaki hissiyot bilan yomon ko’rardim deb o’ylardim. Hozir kattaroq kompaniyada ishlab sal tuzukroq tushunib olyabman.
Fikrlarim biroz tarqoqroq hozir, bu postni qandaydir qiziqish uyg’otish uchun yoki shunga o’xshash maqsad bilan, «auditoriya uchun» yozmayabman. Avvalo o’zim uchun yozyabman, shunchaki samimiy, holatim haqida yozmoqchiman holos.
Hullas biroz oldin ishda loyihadagi vazifalarni bo’lishib olish(Sprint planning) uchun 1.5 soat meeting qildik. To’g’risi meetinglarni bir tarafi yoqadi, mendan ko’p ham energiya talab qilmaydi, meeting paytida Facebookda, Instagramda hullas media kavlab o’tiraman yoki qandaydir mayda ishim chiqib qolgan bo’lsa qilvolishga ayni vaqt. Va meeting bizda ish vaqti hisobidan ketadi. Ya’ni shu bekor o’tirganimga ham maoshimni olaman. Ammo bu bilan o’zimni o’zim aldab kelyabman. Bu haqda mayli keyinroq yozarman.
Meeting haqida o’zi nega aytyabman? Chunki shu meetinglar, sprint planning, deyli skram, eyjayl pejayl(Agile) kanban, deyli stendaplar, jira boardlar, kartochkalar overkilldek(juda oshirvorishdek) tuyilyapti menga ohirgi paytlar. Ya’ni demoqchimanki, aslida bunchalik tizimlashtirish, hamma ishni juda bunaqa rasmiyatchiliklar aslida befoydadek ko’rinyapti. Shunchaki dasturchiga nima vazifa qilish kerakligi aytilsa va u o’zi uchun o’ziga qulay formatda vazifani yozib olsa shuni o’zi kifoya menimcha.
Bunday standartlashtirish, hammani bir xil yo’ldan yurishga buyurish dasturchini huddi ertayu kech zavod konveyr liniyasidagi faqat bir xil ishni bajaradigan xodimga aylantirib qo’yyapti meni nazarimda.
Dasturlash o’zi zamonaviy kasb deb aytilardi, buni unaqa qoidalari yo’q edi. Men uchun dasturlash san’atga ham o’xshardi. Masalan rassomlar har kuni soat 10 da yig’ilib men mana bu sur’atda kecha qizni yuzini chizib bo’ldim, bugun yigitni yuzini chizib tugataman desa proyekt manager «siz qiynalayotgan ko’rinasiz, qizni yuzini kecha 4 soatda chizib bo’lgandingiz, yigitni yuzini chizishga 8 soat ketadi deyabsiz. Menimcha sizga jamoadan kimningdir yordami kerak, tushuning dedlaynimiz yaqin. Klient rasmni hafta ohiriga qabul qilib olishi kerak» deb o’zaro majlis qilib o’tirishmaydiku.
Ya’ni shu rassomlar yoki umuman boshqa san’at odamlari ilhom kelgan payti, har kuni har xil soat ishlashadi. Ba’zida tuni bilan ishlasa ba’zida tong sahardan ish boshlaydi. Qanaqa ishlash kerakligini, ishni qancha qismini bajarib bo’lganini har kuni kimgadir hisobot topshirishni hech kim talab qilmaydi. Ya’ni bu erkin jarayon.
Oldin shaxsiy loyihalar ustida ishlagan paytim ayni o’zimga yoqqandek ishlayotgandim. Har kuni 8 soat ishla, har kuni meetingda hisobot ber, ish qilayotganing bilinsin, kartochkalarni boshqarib tur, nima nima ishlar qilayotganing aniq ko’rinishi uchun kartochkalarni imkon qadar mayda bo’laklarga bo’lib progressni ko’rsatib tur demasdi hech kim. Biror oilaviy/shaxsiy yumush chiqib qolib ishlay olmasam hozirgidek «eh bugungi 8 soatlik grafikni to’ldirolmay qoldim» deb kayfiyatim tushmasdi. Hozir ham o’zi kunlik grafikni to’ldirishimga yana bilmayman 4 soatmi ishlashim kerak, lekin shu postni yozib o’tiribman. Huddi isyon ko’targandek.
O’sha erkin damlarimni juda sog’indim. Hamma narsani qadrini uni yo’qotganingdan keyin bilasan.
Kattaroq kompaniyada ishlashni yana bir yoqimsizroq bo’layotgan tarafi: ilgari nimanidir amalga oshirish uchun, yaratish uchun ishlardim. Hozir esa men ustida ishlayotgan loyiha qurilib bo’lingan, uni yaxshilab borish kerak, buglarini to’g’rilash kerak, tezlashtirish kerak, crashlarni yo’qotish kerak.
Bular kavlab kavlab o’tirishni talab qiladi, bunda deyarli kod yozmaysiz. Ko’p vaqt faqat o’qiysiz. Bu narsalarga hecham toqatim yo’q edi. Dasturlarim aksar holatda ishlasa bo’ldi endi menga, onda sonda crash bersa, nimadir sal noqulay bo’lsa unchalik havotirlanmasdim. Men asosiy, ko’zga tashlanadigan, go’shtli joyinigina qilardim. Shunday qilib oldin uzoq vaqt kod o’qishga vaqt sarflashga o’rganmaganim uchun, kod o’qish paytida qanaqa o’tirishga, mishkani qanaqa ushlashga ham o’rganmagan ekanman, oldinlari qo’lim asosan klaviatura ustida bo’lardi. Kod o’qishda faqat mishka ishladi. Va natijada o’ng bilagimdagi dumaloqcha suyak joyi qizarib ozgina shilinib ham ketipti) Endi ro’molcha qo’yib o’tiribman bilagimga.
Hullas yo men tushunmayabman bu metodologiyalarni, yo o’sha erkin paytlar men uchun komfort zonaga aylanib qolgan-u, undan chiqqanim yoqmayapti. Har qalay foydasi ham bo’ldi bu tizimlarni, tan olishim kerak. Intizomliroq bo’ldim. Har kuni stabil 8 soat ishlash yaxshigina progress beradi, buni rad etmayman. Hisobot topshirish esa odamda ma’suliyatni kuchaytiradi, ertaga deylida nima deyman deb ishlaysiz, bo’sh o’tirishga qo’rqadi odam. Vazifasi tugasa, o’zi borib so’raydi men bo’sh qolib ketdim, menga ish yo’qmi deb. Lekin hayotda hech qaysi usul har doim, har qanday vaziyat uchun ideal yechim bo’lavermas ekan. Umrbod shunday, har kuni 8 soat stabil ishlash rejimida qolib bo’lmaydi menimcha, ba’zida shunaqa san’atkorga aylanish kerak: hohlaganda oila, do’stlar bilan miriqib vaqt o’tkazib, kechasi muzikani qo’yvolib, yonib, yorib tashlab ishlab turish ham kerak.
Xodimlar stabil ishlashi biznesga juda foydali, ular san’atkorona ishlashga o’tadigan darajadagi risk qilolmaydi. Chunki biznes bu biznes, san’at bu san’at. Ammo biz insonlar bizneslar uchun bu hayotga kelmaganmiz. Hayotning mazmuni pul topish emas.
Manba:
Boshqaruv
Dasturchining isyoni