DARVESHALI haqida malumot bilib oling.
DARVESHALI (15-a. oʻrtasi — 16-a. boshi) — Balx hokimi (1482—90). Alisher Navoiyning ukasi. Navoiy vazirlik vaqtida (1472) uning kitobdori boʻlgan. 1482-y. amirlik unvoni beriladi va u Sulton Xusayn Boyqaroning voyaga yetmagan oʻgʻli Ibrohim Husayn nomidan Balxni idora qila boshlagan. D. Majididdin va uning tarafdorlari tomonidan Alisherga qarshi qilinayotgan boʻhton va adolatsizliklardan norozi boʻlib, 1490-y. Hisor hokimi Sulton Mahmud qutqusi b-n Sulton Husayn Boyqaroga qarshi bosh koʻtargan. Sulton Husayn Boyqaro Navoiyga «agar Darveshali yarashsa, uni oʻzimga eng yaqin kishi qilaman, hech qanday jazoga mustahiq qilmayman», degan boʻlsada, Darveshali tavba qilib kelganda, uni sulton farmonini qalbakilashtirishda ayblab, zindonga soldirgan. 1494-y. D. Makkaga hajga borishga ruxsat oladi. Qaytib kelgach, 1498-y. Sulton Husayn Boyqaro, oʻgʻli Marv hukmdori Abul Muhsin Mirzo huzuriga Darveshalini elchi qilib joʻnatadi. Navoiy vafotidan (1501) soʻng Darveshali Bobur xizmatiga oʻtadi. 1511-y. da Bobur Samarqandni olganda Darveshali u bilan birga boʻlgan. Uning shundan keyingi taqdiri nomaʼlum.
Ensiklopediya.uz
DARVESHALI