DAM OLISH haqida malumot bilib oling.
DAM OLISH, hordiq chiqarish — charchoqni yozadigan (q. Charchash), kuchquvvatni asliga keltiradigan, ish qobiliyatini tiklashga yordam beradigan faoliyat yoki orom holati. Mehnat va Dam olish odamning oʻqish, i. ch. va b. faoliyatlari b-n uzviy bogʻlangan. Yetarli dam olmaslik — ish qobiliyatining pasayishi va hatto yoʻqolishi, organizmning himoya kuchi susayishi, turli kasalliklar paydo boʻlishiga sabab boʻlishi mumkin. Mehnat va Dam olishni toʻgʻri tashkil etish salomatlik va ish qobiliyatini uzoq vaqt saqlab qolishga imkon beradi.
Fiziologik maʼnoda Dam olish — faoliyatning alohida holati boʻlib, bunda ishlamay turgan hujayralar oʻz normal tarkibini tiklaydi. Dam olishning ahamiyatini I. M. Sechenov va b. fiziolog olimlar isbotlab bergan. Uyqu D. o. ning eng taʼsirli turi boʻlib, uyqu paytida birinchi navbatda miya hujayralarida tiklanish jarayoni jadal boradi. Bir xil ishdan boshqasiga oʻtish, aqliy faoliyatni yengil jismoniy mehnat bilan navbatlash charchoqni yoʻqotadi; bu ham Dam olishning oʻziga xos turi hisoblanadi. Ogʻir jismoniy yoki aqliy mexnatdan keyin ish qobiliyatini mumkin qadar tezroq tiklash uchun passiv D. o. ni (tamomila tinch holatda) aktiv D. o. bilan navbatlash lozim.
Dam olishning 3 turi (kundalik, bir haftalik va yillik Dam olish) mavjud. Kundalik Dam olishga ish kuni davomida qisqa muddatli tanaffuslarda bajariladigan i. ch. gimnastikasi kiradi. Ovqatlanishga ajratilgan vaqtning bir qismini toza havoda oʻtkazish maqsadga muvofiqdir. Kundalik Dam olish tiniqib uxlash bilan yakunlanadi. Haftada 5 kun ishlab 2 kun Dam olish sof havoda uzoqroq boʻlish, sport bilan shugʻullanish imkonini beradi. Yillik Dam olish taʼtil davomida taʼminlanadi. Yillik mehnat taʼtilida tabiat quchogʻida boʻlish, havo va quyosh vannalari organizmni chiniqtirishda nihoyatda foydali. Oqilona Dam olish tartibi koʻpgina omillar, xususan, mehnat sharoitlari, kishining yoshi va b. ga qarab tanlanadi.
Ensiklopediya.uz
DAM OLISH