DAGʻAL JUN haqida malumot bilib oling.
DAGʻAL JUN — tarkibi har xil tipdagi dagʻal (tivit, oraliq tola) jun tolasi, quruq va ulik tolalardan tashkil topgan, kokilchasimon tuzilishdagi jun. Dagʻal jun tolasining ingichkaligi va uzunligi turlicha boʻlishi bilan ajralib turadi. Dagʻal junning sifati tola tiplarining oʻzaro nisbati, uzunligi va ingichkalik koʻrsatkichlariga bogʻliq. Tivit tola qiltiq tolaga nisbatan koʻproq boʻlsa, jun qoplamida quruq tolalar boʻlmasa, jun yumshoq va sifatli boʻladi hamda yuqori (1-nav)ga kiritiladi. Dagʻal jun mahalliy dagʻal jun beruvchi qoʻy (q. Dagʻal junli qoʻylar) va echki (q. Dagʻal junli echkilar) zotlaridan, tuyalardan va b. hayvonlardan olinadi. Dagʻal jun beruvchi qoʻylar juni yiliga ikki marta — bahor va kuzda qirqib olinadi. Bahorgi va kuzgi jun standartlar asosida baholanadi. Bahorgi jun chiqishi kuzgi junga nisbatan koʻp va sifati yaxshi boʻladi. Dagʻal junli qoʻylar qoʻzisi juni tugʻilgan yilning oʻzida kuz fasliga borib, 4—6 oyligida birinchi bor qirqimga keladi. Oʻzbekiston chorvachiligida qorakoʻlchilik va goʻsht-yogʻ beradigan dumbali, yaʼni dagʻal jun beruvchi qoʻychilik yetakchi soha. Respublikamizda asosan sifatli gilambop, namatbop va shinelbop Dagʻal jun yetishtiriladi (q. Jun.).
Ensiklopediya.uz
DAGʻAL JUN