CTO boʻlmoqchiman
Shaxsiy xabar orqali bir yosh hamkasbimiz (dasturchi demoqchiman) aloqaga chiqib qoldilar. Tanishib online video suhbat qildik.
P.S. Uzr, post juda uzun. Qisqa qilishga harakat qildim.
Oʻzlari Frontendda ishlar ekanlar. Kelajakda CTO boʻlish niyatlari bor ekan. Hech oʻylab koʻrmagan ekanman, reja asosida CTO boʻlish mumkinmi? CTO kurslari bor, ular CTOlar uchun deb oʻylar edim. Chunki koʻpchilik kutilmaganda guruh sardori (Team lead) yoki IT direktor (CTO) etib tayinlanadi. Koʻpincha oʻzidan soʻrab ham oʻtirishmaydi. Bu yigitimiz bilan suhbatlashib ba`zi fikrlar keldi. Shular bilan oʻrtoqlashmoqchiman.
Mavzu: CTO boʻlish.
1. Dasturchi odam CTO boʻlgani yaxshimi yoki texnik boʻlmagan odammi?
Bu savolni koʻp oʻylaganman. Mening fikrim, texnik odam CTO boʻlishga moslashishi tezroq. Oʻrganadigan narsasi koʻp boʻladi. Odamlar bilan ishlash, moliyani rejalashtirish, oʻzidan aqlliroq odamlar bilan ishlash va boshqalar.
2. Asosiysi masala «Qanday qilib?» savolini «Nima uchun?» ga almashtirishi kerak. Chunki ixtiyoriy masalani texnik jihatdan yechish mumkin ekanini biladi. Yechim aslida kerakmi? Shuni aniqlashi va his qilishni oʻrganishi kerak.
3. Biror yoʻnalish (stack) da ishlab koʻrdingiz deylik (Backend, Frontend, Mobile), ishlash sizga yoqmayapti yoki eplay olmayapsiz yoki matematika pand bermoqda. Kelajakda qayerda boʻlishingizni tasavvur qila olmayapsiz. Nima qilsangiz boʻladi?
Bu holatda sizga boshqa yoʻnalishlar bor ekanini eslatgan boʻlar edim. Masalan,
* DevOps — serverlarga mahsulotni chiqarish, sozlamalar bilan ishlash va boshqalar — Frontend va Backendda ishlagan odam osonlikcha DevOpsga oʻta oladi.
* Security officer — havfsizlik mutaxassisi — xodimlar uchun tizimlarga huquqni sozlash (access management), boʻlinma va guruhlarni shakllantirish (org. chart), qurilmalarni boshqarish (MDM), kiber hujumlardan himoyalash (pentest, antimalware, antifishing) va boshqalar.
* Information officer — boshqa biznes boʻlimlar (operation team) bilan tizimlarni joriy qilish, biznes jarayonlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishini nazorat qilish, IT jarayonlar boʻyicha huquqiy hujjat (policy and procedure) ishlab chiqish, tizimlardan foydalanishni oʻrgatish (training), hujjat va qoʻllanmalar ishlab chiqish (documentation and tutorial) va boshqalar.
4. Agar matemakam yaxshi boʻlsa, qayerga qarab harakat qilsam yaxshiroq?
Analitika va fikrlashni doim rivojlantirib borish orqali Arxitektorlikka harakat qilsangiz boʻladi. Turli tizimlarni ishlab chiqishda sizda aniq struktura orqali ishlash, tizimni mustaxkam qilish, turli jarayonlarda oʻziga hos yondashuvlar qilishni amaliyotda qoʻllashingiz kerak. Shunda 7-10 yilsa arxitektor boʻla olasiz.
U kim? Yangi tizim ishlab chiqilayotganda qaysi texnologiya (stack) tanlanishi, qaysi framework’lardan foydalanishdan tortib, qanday qilib tekshirish va serverga qoʻyishgacha boʻlgan jarayonlarni nazorat qiladi. Oʻzi kod yozmaydi yoki kam yozadi. Lekin koʻproq boshqa boʻlinmalar bilan gaplashadi va masalaning mohiyatiga yetishga harakat qiladi.
5. Har bir dasturchi, u qaysi texnologiya (stack)da boʻlishidan qat’iy nazar oʻziga Hayot yoʻlini chizib olishi kerak. 10 yil, 15 yil faqat bitta texnologiyada qoladimi yoki davomli almashtirib turadimi? Dasturchi boʻlib umrini oxirigacha ishlay oladimi yoki katta boʻlganida boshqa sohaga oʻtib ketadimi?
Bu savollarning javobini hozir bilmasligingiz mumkin. Lekin kamida 15 yilga reja qilish uchun harakat qilsangiz, sizda 5 yillik reja paydo boʻladi. Bu esa keyinchalik qayerda va qanday ishlashingiz, zerikib, oʻz sohangizdan sovib qolmasligingiz, oilaviy hayotingizga koʻproq vaqt ajrata olishingiz kabi masalalarga yechim boʻladi.
Xulosa.
1. Sizdan CTO chiqadi.
2. Doim texnik yechimi bor.
3. Boshqa yoʻnalishlar koʻp.
4. Matematika, analitika, arxitektura.
5. Hayot yoʻlini ishlab chiqish kerak.
Reja asosida CTO yoki Arxitektor boʻlish mumkin. Buni talabalik davridan boshlasa yaxshiroq. Rejani katta qoʻyish kerak. Lekin kichik qadamlar bilan natijaga erishish kerak.
Vaqtingizga rozi boʻling.
Manba:
Boshqaruv
CTO boʻlmoqchiman