COVID-19 ga qarshi emlanish tavsiyalari yangilandi: har 6-12 oyda vaksina olishi lozim bo`lganlar guruhi e`lon qilindi
Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Immunizasiya bo`yicha ekspertlar strategik maslahat guruhi (SAGE) COVID-19 ga qarshi emlanish yuzasidan tavsiyalarini yangiladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, qayta ishlangan “Yo`l xaritasi”da vaksina olishi zarur bo`lgan qatlam uch asosiy guruhga ajratildi. Ushbu tasniflash kasallikning og`ir kechishi va o`lim xavfiga ko`ra “yuqori”, “o`rta” va “past” darajalarni qamrab oldi.
Xususan, yuqori xavf guruhi sifatida quyidagi aholi toifasi birinchi navbatda vaksina olishi zarurligi belgilandi:
— keksa yoshli kishilar;
— qandli diabet va yurak xastaligiga chalingan yoshlar;
— immunitet tanqisligidan aziyat chekayotganlar (OIV infeksiyali va transplantasiya qilingan kattalar va olti oylikdan oshgan bolalar);
— homilador ayollar;
— tibbiyot xodimlari.
JSST ushbu guruhga mansub kishilar oxirgi emlanishdan 6 yoki 12 oy o`tgach, buster dozada vaksina olishi zarur, deb hisoblaydi.
O`rta xafv guruhiga:
— yondosh xastaliklari bo`lmagan 50-60 yoshli sog`lom kishilar,
— qo`shma kasalliklarga chalingan bolalar va o`smirlar kiritildi.
Bu aholi qatlami to`liq bosqichda emlangandan so`ng bir marta buster doza qabul qilishi etarli, deb topildi.
Past xavf guruhiga 17 yoshgacha bo`lgan sog`lom bolalar va o`smirlar kiritildi.
JSST ekspertlari xulosasiga ko`ra, vaksinalar va ularning buster dozalari bolalar uchun xavfsiz bo`lsa-da, ularning emlanishiga doir qarorlar mamlakatlardagi kasallik tarqalish darajasi, ehtimoli va iqtisodiy omillarga asoslanishi kerak.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
COVID-19 ga qarshi emlanish tavsiyalari yangilandi: har 6-12 oyda vaksina olishi lozim bo`lganlar guruhi e`lon qilindi