Code.org: dasturlashni o‘rganamiz
Yoshmizmi, qarimizmi, barchamiz ba’zida hayotda katta marralarga erishgimiz, dunyoni o’zgartirgimiz keladi, shunday emasmi? Kim yoshligida keyingi Bil Geyts yoki Stiv Jobs bo’lishni orzu qilmagan deysiz.
Lekin bu orzularga qanday erishishni bilmaymiz yoki bo’lmasam o’zimizni ojiz his qilamiz. Ushbu yo’lda sizga yaxshi bir taklif bor: dasturlashni o’rgating. Bilmayman deysizmi, unda o’rgatishga yordam bering, juda bo’lmasa uni o’rganing. Ko’rib turibsizki, bugungi kunda qay soha bo’lmasin, kompyuter texnologiyalari muvaffaqiyat eshigining kaliti. Qolaversa, dasturlash bu siz o’ylaganchalik qiyin ish emas (ishonavering, buni sizga Diplomatiya universitetining iqtisod sohasini bitirb, bugungi kunda dasturlash sohasida ishlayotgan odam aytyapti ).
Code.org – nodavlat notijorat tashkilot bo’lib, u butun dunyodagi barcha-barchani dasturlashni o’rganishga chaqiradi. Uch yildirki, har yili dekabr oyining 2-haftasida dunyoning qariyb barcha davlatlarida (bu yil 7-13 dekabr kunlari) «Dasturlash soati» deb nomlangan soat o’tkaziladi. Unda istagan insonga maxsus dasturlar yordamida informatikaning tub mohiyatini qiziqarli va sodda tarzda ochib beriladi. Bu yil Code.org butun dunyodagi 200 million insonga dasturlash soatini o’tishni maqsad qilgan. Gapim isboti hamda sizni ruhlantirish maqsadida Youtube’dagi ushbu videoni ko’rishni tavsiya qilaman: code.org 2015.
Quyida butun dunyoning bu yilgi dasturlash soatiga ro’yxatdan o’tgan sinflar xaritasi keltirilgan:
O’zbekistonni qidiryapsiza? Endi O’zbekiston xaritasi:
Hozircha faqat 1 ta: Andijon tibbiyot kolleji ro’yxatdan o’tibdi.
Barchangizni ushbu savobli ishda o’z hissangizni qo’shishingizni so’rayman.
Siz quyidagicha yordam berishingiz mumkin:
- Dasturlash soati loyihasi materiallarini ingliz yoki rus tillaridan o’zbek tiliga tarjima qilish orqali;
- Agar dasturchi bo’lsangiz, boshqalarga dasturlash soatini o’tish orqali;
- Agar sizda o’quv muassasida, o’quv markazida yoki biror boshqa istalgan tashkilotda Dasturlash soatini tashkillashtirish imkoni bo’lsa, shu orqali;
- Agar grafik dizayn, videomontajdan xabardor bo’lsangiz, o’z mahoratingiz orqali;
- Ushbu loyihani ko’proq insonlarga yetib borishini ta’minlash orqali;
- Dasturlash soatida qatnashish orqali.
Dastur materiallarini o’zbek tiliga tarijima qilish haqida ikki og’iz so’z. Ushbu loyihani o’zbek tiliga o’girish bo’yicha ko’p sonli murojaatlarimni hisobga olib, bu tilni qo’shishdi. U mana bu yerda. Tarjimaga o’z hissangizni qo’shishingiz uchun Crowdin.com’dan ro’yxatdan o’tishingiz so’raladi, xolos. code.org’ning video lavhalari subtitrlarini tarjima qilish va boshqa qo’shimcha ma’lumotlarni esa mana bu yerda olishingiz mumkin. Tarjimonlik sohasida havaskor tarjimonlarning karyeralari uchun bu katta «+» bo’ladi.
Bizga qo’shiling, barchamiz birlashib kelajakni ijobiy tomonga o’zgartira olamiz!
Manba:
Ta‘lim
Code.org: dasturlashni o‘rganamiz