Chuqur tishlov — sabablari, alomatlari, tashxislash, davolash va oldini olish
Chuqur tishlov (chuqur prikus) — okklyuziyaning vertikal anomaliyasi bo’lib, pastki kesuvchi tishlar balandligini uchdan bir qismidan ko’prog’ini yuqoridagi kesuvchilar bilan to’silishi va kesuvchi-do’mboqli kontaktning buzilishi bilan tavsiflanadi. Chuqur tishlov yuz estetikasi buzilishi, chaynashda qiyinchiliklar, nutq nuqsonlari, tanglay va milk shilliq qavatining surunkali jarohatlanishi, tishlarning yemirilishi, chakka-pastki jag’ bo’g’imi disfunktsiyasi bilan birga kechadi. Chuqur tishlov jag’ning diagnostik modellarini, TRG (telerentgenorgrafiya), ortopantomogramma, yuz fotosuratlarni tahlil qilish orqali tashxislanadi. Chuqur tishlovni davolash ortodontik konstruktsiyalar (vestibulyar plastinkalar, funktsional apparatlar, treynerlar, breket-tizimlari va boshqalar) yordamida amalga oshiriladi.
Chuqur tishlov
Chuqur tishlov — jag’ning yopilishi paytida pastki kesuvchi tishlarni yuqori kesuvchi tishlar bilan sezilarli darajada vertikal to’silishi bilan ifodalanadigan noto’g’ri tishlovning bir turi hisoblanadi. Chuqur tishlov, ortodont shifokor kundalik amaliyotida eng ko’p to’qnash keladigan tishlov anomaliyalaridan biridir. Turli ma’lumotlarga ko’ra, chuqur tishlovning aholi orasida tarqalganligi 6 dan 51% gacha o’zgarib turadi. Okklyuzion anomaliyalar tuzilmasida chuqur tishlov taxminan 20% ni egallaydi. Stomatologiyada chuqur tishlov ba’zan «shikastlovchi tishlov», «pasayuvchi tishlov», «chuqur kesuvchi yoki frontal to’silish», «chuqur kesuvchili okklyuziya yoki dizokklyuziya» deb nomlanadi.
Chuqur tishlov sababari
Chuqur tishlovning shakllanishiga genetik, bachadon ichi va tug’ruqdan keyingi omillar (umumiy kasalliklar, stomatologik va yuz-jag’ patologiyasi, zararli odatlar) sabab bo’lishi mumkin.
Ko’pincha, chuqur tishlov tish-jag’ tizimi va yuz skeleti tuzilishining o’ziga xos xususiyatlari bilan birga ota-onadan meros bo’lib o’tadi. Yuzning tug’ma deformatsiyalari («bo’ri tanglay» va «quyon lab» kabi) ham tishlov anomaliyasining rivojlanishiga hissa qo’shadi. Prenatal omillar orasida eng muhimlari homilador ayol kasalliklari, toksikoz, ona qornidaligidagi infektsiyalar, mexanik jarohatlar, homilaning gipoksiyasi, ko’p homilalilik, ona qornidaligida rivojlanishning kechikishi va boshqalar.
Tug’ruqdan keyingi davrda chuqur tishlov shakllanishi bolaning suyaklari o’sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir qiluvchi gipotrofiya, raxit va raxitga o’xshash kasalliklar, sut tishlarining chiqishi va doimiy tishlarga almashishi muddatlarining buzilishi, oshqozon-ichak trakti va LOR a’zolari kasalliklari va boshqalarga bog’liq bo’lishi mumkin. Chuqur tishlov ko’pincha tug’ma yoki orttirilgan tayanch-harakat apparati nuqsonlariga hamrohlik qiladi, masalan umurtqa pog’ona rivojlanishi anomaliyalari, tug’ma mushakli qiyshiq bo’yinlik, qomat buzilishlari, skeletning tizimli kasalliklari.
Bir qator hollarda chuqur tishlov sut yoki doimiy molyarlarni olib tashlash, tish anomaliyalari: ularning kattaligi (makrid) va miqdori (ortiqcha tishlar), til va lab yuganchalari birikishi anomaliyalari, diastema mavjudligi, ko’p sonli karieslar, qisman adentiya, tishlarni patologik yemirilishi, jag’larning jarohati va osteomieliti, chakka-pastki jag’ bo’g’imi ankilozi va boshqalar bilan etilogik bog’liqlikda bo’ladi.
Bolalarda chuqur tishlovni keltirib chiqaradigan zararli odatlar qatorida barmoqni va turli xil narsalarni so’rish, lablarini tishlash, uzoq muddat so’rg’ich so’rish o’rin tutadi.
Chuqur tishlov tasnifi
Chuqur kesuvchili to’silish, chuqur tishlov va chuqur jarohatlovchi tishlov o’rtasidagi farq mezonlari kesuvchi-do’mboqli kontaktning lokalizatsiyasi hisoblanadi.
Pastki tishlar kesuvchi chetlarining yuqori tishlarning tanglay do’mboqlari bilan kontakti saqlanib qolgan bo’lsa (ya’ni kesuvchi-do’mboqli kontakt), haddan tashqari (chuqur) kesuvchi to’silish haqida gapiriladi. Chuqur tishlovning o’zi esa pastki kesuvchilarning yuqori kesuvchilar bilan sezilarli darajada to’silishi va ular orasida kesuvchi-do’mboqli kontakt yo’qligi bilan tavsiflanadi. Pastki kesuvchilarning kesuvchi chetlari tanglay yoki milk bilan kontakt qilsa, tishlov chuqur jarohatlovchi sifatida qabul qilinadi. Tishlovning bunday shakllari yakka patologik jarayonning bosqichlari sifatida qaralishi mumkin, ya’ni muayyan sharoitlarda (tish olinishi, patologik yemirilishida), haddan ziyod kesuvchili to’silish chuqur tishlovga aylanishi mumkin, u esa — chuqur jarohatlovchi tishlovga.
Markaziy kesuvchilar tojlarining to’silishi hajmi bo’yicha ortodontiyada tishlov buzilishining 3 darajasi farqlanadi:
- I daraja — balandligining 1/3 dan 2/3 qismigacha to’silishi (3-5 mm);
- II daraja — balandligining 2/3 qismidan to butunlay tojning to’silishiga qadar (5-9 mm);
- III daraja — to’silish toj balandligidan (9 mm dan ortiq) oshib ketadi.
Oldingi yuqori tishlarning joylashishiga qarab (frontal tishlarning vestibulyar yoki oral xarakterli o’zaro munosabatlari), chuqur tishlovning prognatiyali (tomsimon) va bloklovchi shakllari farqlanadi. Yon kesuvchi tishlarning o’zaro munosabati tabiati bo’yicha chuqur distal va chuqur neytral tishlov ajralib turadi.
Chuqur tishlov alomatlari va belgilari
Chuqur tishlov estetik nuqsonlar va jiddiy funktsional buzilishlar bilan birga kechadi.
Chuqur tishlovning tashqi ko’rinishi o’ziga xos yuz va og’iz xususiyatlarini o’z ichiga oladi. Yuz belgilari yuzning pastki uchdan bir qismining qisqarishi, keskin seziladigan supramental qatlam, pastki labning tashariga chiqishi bilannamoyon bo’ladi. Chuqur tishlovning og’iz belgilari orasida pastki frontal tishlarning yuqori frontal tishlar bilan toj balandligining to’silishi, yuqori jag’ning pastki jag’ga nisbatan oldinga chiqib turishi, og’iz dahlizi chuqurligining kamayishi bilan ifodalanadi. Og’iz bo’shlig’i shilliq qavatining surunkali jarohatlanishi va frontal tishlar parodontiga ko’p bosim tushishi stomatit, gingivit, padrodontit, parodontoz rivojlanishiga, tishlarning yemirilishi kuchayishiga hissa qo’shadi.
Chuqur tishlovdagi funktsional o’zgarishlar luqmani uzib olish, chaynash bilan bog’liq qiyinchiliklar, nutq kamchiliklari (bemorlar «tish orasidan» gapiradi), nafas olish buzilishlari bilan namoyon bo’ladi. Chuqur tishlov ko’pincha chaynov mushaklarining tonusi buzilishi bilan kechadi, natijada chakka-pastki jag’ bo’g’imining disfunktsiyasi va artrozi rivojlanishiga olib keladi: simillovchi og’riq, qirsillash, bo’g’im sohasida chertki ovozi, bruksizm, bosh og’riqlari.
Chuqur tishlovni tashxislash
Chuqur tishlovning mavjudligi, uning kelib chiqish sabablari va uni tuzatish usullari ortodont shifokor qabulida shikoyatlarni va og’iz bo’shlig’ini tekshirish orqali aniqlanadi.
Tish qatorlarining o’zaro munosabatini yanada batafsil baholash uchun alginat massa bilan qolip olib, diagnostik modellar tayyorlash va ularni yanada aniqroq o’lchash, yuz fotosuratini fas va profil tomondan o’rganish, okklyudogramma olish mumkin.
Chuqur tishlovni tashxislash uchun, ortopantomografiya va telerentgenografiya, elektromiografiya ma’lumotlari muhim ahamiyatga ega.
Chuqur tishlovni davolash
Bolalarda chuqur tishlovni davolashni iloji boricha tezroq boshlash kerak. Sut tishlov davrida (5-6 yoshgacha) bolani qattiq ovqatni chaynash, zararli odatlarga qarshi kurashish (barmoqlar va o’yinchoqlarni so’rish, lablarini, yonoqlarni tishlash va hokazo) va miogimnastikni bajarishni o’rgatish tavsiya etiladi. Chuqur tishlov shakllanishiga hissa qo’shadigan omillarni bartaraf etish darkor, masalan kariesni davolash, lab va til yuganchasi plastikasini o’tkazish, profilaktik protezlash.
Sut tishlarini doimiy tishlar bilan almashinishi davrida tishlovni ajratish uchun olinadigan plastinkalar, treynerlar, aktivatorlar (Anderezen-Goiple, LM-aktivator), Frenkel apparati, Bryukl apparati, Binin kappasi ishlatilishi mumkin.
12-16 yoshdan boshlab, chuqur tishlovni davolashning asosiy usuli olinmaydigan ortodontik qurilmalar — breketlar qo’llash sanaladi. Kattalarda chuqur tishlovni tuzatishda ortodontik davolash jarrohlik (kompaktosteotomiya) bilan birlashtirilishi mumkin.
Nutqning jiddiy buzilishlarida bemorga logopedning yordami kerak bo’lishi mumkin.
Chuqur tishlov prognozi va oldini olish
Chuqur tishlovni davolash uzoq va murakkab jarayon bo’lib, u katta mablag’ va vaqt talab qiladi. Chuqur tishlovni tuzatish davomiyligi o’zgaruvchan bo’lib, qay yoshda ortodontik davolash boshlanganligi, kesuvchi tishlar to’silishi darajasi, harmorlik qiluvchi deformatsiyalarning mavjudligi va boshqalarga bog’liq. To’g’ri rejalashtirilgan ortodontik davolash estetik va funktsional buzilishlarni to’liq bartaraf etishi mumkin. Aks holda, chuqur tishlov parodont va chakka-paski jag’ bo’g’imi patologiyalarining rivojlanishiga, tishlarning erta yo’qotilishiga muqarrar ravishda hissa qo’shadi.
Chuqur tishlovni oldini olish kaliti, homiladorlikning muvaffaqiyatli kechishi, bolada zararli og’zaki odatlarga qarshi kurashish, muntazam stomatologga tashrif buyurish, tish-jag’ tizimi shakllanishiga salbiy ta’sir ko’rsatadigan raxit, skolioz va boshqa boshqa kasalliklarning oldini olishdir.
Kasalliklar
alomatlari, Chuqur tishlov — sabablari, davolash va oldini olish, tashxislash