Chumolilarda qadam hisobi to’liq malumot oling
Chumolilar chamasi 150 million yil muqaddam, Oʻrta boʻr davrida paydo boʻlgan va kuchli ijtimoiylashgan hasharotlardir. Taxminan 100 million yillar muqaddam tabiatda gullaydigan oʻsimliklar keng tarqala boshlashi natijasida chumolilarning ham juda koʻp turi shakllandi va yer yuzi boʻylab tarqalib ketdi.
Sahroyi Kabirda yashaydigan chumolilarning bir turi, yaʼni Cataglypshis fortis (mahalliy xalqlar tilida chopqir chumoli) ozuqa izlab sahro boʻylab katta masofalarni bosib oʻtadi. Sahro odatda faqat qumlikdan iborat ulkan landshaftlardan tashkil topishini yaxshi bilasiz. Bunda odamlar uchun ham, jonivorlar uchun ham biror bir vizual yoʻnalish mavjud boʻlmaydi. Xullas, oʻz nomi bilan sahro. Shunday sharoitda yashab, harakatlanadigan ushbu tur chumolilar tabiatan ajoyib bir xususiyatga ega.
Yaʼni ular ozuqa izlab uyadan tashqariga chiqqach, yemish topguncha har xil masofalarni bosib oʻtishi mumkin. Lekin ortga qaytishda oʻzi turgan joydan oʻz uyasigacha boʻlgan eng qisqa masofani aniqlay oladi va qaytishda oʻzi kelgan egri-bugri yoʻl bilan emas, balki eng qisqa yoʻl bilan ortga qaytadi.
gifer.com
Bu chumolilar yoʻnalishni quyoshga qarab aniqlash bilan birga oʻzi bosib oʻtgan masofani hisoblab boruvchi “qadam hisoblagich” sezgisiga ham ega ekani aniqlangan. Ushbu qadam hisobi asosida esa chumoli oʻzi bosib oʻtgan masofani aniqlay oladi.
Germaniyalik va shveysariyalik olimlar birgalikda ushbu chumolilar ustida qator kuzatuv va tajribalar olib borgan. Ular chumolining oyoqlari uzunligini oʻzgartirib, yaʼni uzaytirib yoki qisqartirib koʻrish orqali chumoli bosib oʻtilgan masofani haqiqatan ham qadamlar soniga koʻra aniqlashini isbotladi.
Masalan, chumoli ozuqa izlab chiqib, yoʻlida biror oʻlja uchratgach, ortga qaytishdan oldin olimlar uning oyoqlarini uzaytirib, yoki qisqartirib qoʻygan. Keyin yana chumolini qoʻyib yuborib, kuzata boshlagan. Shunda oyoqlari uzaytirilgan chumolilar qadamlar soniga qarab ortga qaytishda oʻz uyasidan oʻtib ketib, uzoqroqqa borib toʻxtagan.
Oyoqlari kaltalangan chumolilar esa aksincha, ortga qaytishda muayyan masofani bosib oʻtib, lekin uyaga yetib bormasdan toʻxtab qolgan. Ammo agar chumolining oyoqlari uyasidan chiqishidan avval oʻzgartirilgan boʻlsa, ular oʻlja topib qaytishni yana aniq uddalay olgan va qadamlari hisobini toʻgʻri yurita bilgan.
Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, birinchi holatda chumolilar adashib ketishiga sabab boʻlgan narsa bu ularning oyoqlari uzunligining oʻzgarishi va natijada ularning qadam hisobiga koʻra aniqlagan masofa uzunligi oʻzgarib qolgani boʻlgan.
Chumoli miyasining murakkab buyruqlari esa yoʻl hatto qum barxanlaridan iborat past-balandliklardan iborat boʻlsa ham, yoʻnalishni toʻgʻri belgilay olishi va yoʻlni tekislik tarzida proyeksiyalashini nazorat qilar ekan. Ushbu tadqiqotlarlarga koʻra, olimlar chumolilarni yer yuzida sanashni oʻrgangan ilk jonivorlar boʻlgan degan taxminga kelmoqda…
Sahroyi Kabirda yashovchi yuguruvchi chumolilar oʻzi bosib oʻtgan masofani qadam hisobi vositasida aniqlash qobiliyatiga ega.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Chumolilarda qadam hisobi
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
Chumolilarda qadam hisobi