Cho‘pon yigit bilan boy
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir boshpanasiz cho‘pon bor ekan. U juda qashshoq va kimsasiz ekan. Lekin cho‘pon juda mehnatkash ekan, doimo odamlarning og‘irini yengil qilib, qo‘lidan kelgan yordamini ayamas ekan. Cho‘pon taqdir bir kun kelib unga kulib boqishiga umid qilib yurar ekan. Bir kuni cho‘pon yaylovda qo‘y boqib yurganida bir nuroniy chol kelib, undan bir burda non so‘rabdi. Yigit o‘zining ozgina nonini chol bilan baham ko‘ribdi. Chol rahmat aytib, cho‘ponga bitta nay beribdi va:Cho‘pon yigit bilan boy
DO`STLARGA ULASHING:
— O‘g‘lim, sen mehribon, qo‘li ochiq yigit ekansan. Bu nay — seniki. U — sehrli. Chalganingda sen hamma tashvishu g‘amlaringni unutasan. Uning kuyi senga shodlik va baxtiyorlik olib keladi, — debdi va ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
Shu-shu yigitga bu nay ovunchoq bo‘lib qolibdi.
Qishloqda dong‘i ketgan bir boy yashar ekan. Uning hamma narsasi yetarli ekanu, lekin sog‘lig‘ining mazasi yo‘q ekan. Uning kasaliga hyech kim shifo topolmas ekan. Boy kechalari alaxsirab uxlolmay chiqar ekan.
Bir kuni kechasi boy uzoqdan nay ovozini eshitib, unga mahliyo bo‘lib qolibdi. O‘zi ham sezmay, asta-sekin shu ovoz kelgan tomonga qarab ketaveribdi. Yurib-yurib bir qorong‘i kulbaga kelib qolibdi, nay ovozi o‘sha yerdan eshitilayotgan ekan. Kirib qarasa, bir yigit nay chalib o‘tirgan emish. Boy yigitga qarab:
— Ey yigit, sening kuying menga juda ham yoqdi, go‘yo sog‘ayib ketgandek bo‘ldim. Men anchadan beri kasal edim, hyech kim dardimga shifo topgan emas edi. Men butunlay sog‘ayib ketishni istayman. Sen meni shunchalik turib yurishimga, o‘zimni yaxshi his qilishimga yordam berding. Bundan keyin yanada sog‘ayib ketishim uchun nima qilishim kerak? — deb maslahat so‘rabdi.
— Ey boy ota, dardingizning da’vosi oson. Mening aytganlarimni bajarsangiz, tuzalib ketasiz. Siz davlatingizni aslo kambag‘al-qashshoqlardan ayamang, yetim-yesirlarning boshini silang. Odamlardan yaxshiligingizni hyech ayamang. Shunda siz butunlay sog‘ayib ketasiz, — debdi cho‘pon.
Boy ancha xasis ekan. Shuning uchun yigitning aytgan gaplari unga hyecham yoqmabdi. Lekin butunlay sog‘ayib ketmasa yoki kasal bo‘lib yotib qolsa, hamma boyligi qolib ketishini o‘ylab, yana ikkilanib qolibdi. Oxiri yigitning aytganlarini qilishga rozi bo‘libdi. Qlshloqdagi kambag‘al-qashshoqlarni yig‘ib katta ziyofat qilib beribdi. Ularga narsalar ham ulashibdi. Qishloqdagi barcha kambag‘allar xursand bo‘lib, boyga «uzoq umr, sog‘liq, davlati bundan ham ko‘p bo‘lishini» istab, haqqiga duo qilib, uy-uylariga tarqalibdilar.
Shu-shu boy darddan butunlay xalos bo‘lib, hyech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketibdi. Boy yigitning aqlliligiga qoyil qolib, o‘zining yakka-yu yagona sohibjamol qizini uch kecha-yu uch kunduz to‘y qilib cho‘ponga beribdi.
Cho‘pon yigit bilan boy