Chiziqlar tilga kirganda. Shtrix-kod haqida to’liq malumot oling
Irland xalqi shtrix-kodni aynan oʻzlari oʻylab topganligi haqida hazillashishadi. Buning asosli sababi bor, albatta: Oʻtgan asrda Irlandiya hududidan qadimgi Kelt qabilalariga tegishli toshga oʻyilgan yozuvlar topilgan. Ogama deb yuritiluvchi ushbu yozuvlar tashqi koʻrinishidan xuddi shtrix-kodga oʻxshab ketadi. Ogamada ham shtrix-koddagi singari maʼlumotlar chiziqlarning muayyan ketma-ketligi orqali ifodalanadi.
Siz supermarketda sotuvchining xaridor savatchasidagi mahsulotlarni birma-bir olib, yorliqlaridagi oq-qora chiziqlar tushirilgan qismini, yaʼni shtrix-kodini maxsus uskuna orqali skanerlashini koʻp bora koʻrgansiz. Skanerlashni tugatgach, sotuvchi kassa apparati tugmasini bosadi va xaridorga sotib olingan mahsulotlar roʻyxati va narxi koʻrsatilgan chekni chiqarib beradi.
Bugungi kunda doʻkon va bozorlarda sotilayotgan mahsulotlarning aksariyati – oddiy bolalar oʻyinchoqlaridan tortib faqat buyurtmaga tayyorlanadigan qimmatbaho samolyot detallarigacha – maxsus shtrix-kodlar bilan belgilanadi. Shtrix-kodlar ham ichki, ham xalqaro bozorlarga chiqarilayotgan mahsulotlar uchun mazkur mahsulot haqida birlamchi maʼlumotlarni taqdim etadigan axborot manbasi sanaladi. Mahsulotga shtrix-kod biriktirish uni indentifikatsion raqam bilan belgilash deganidir.
Shtrix-kodni skanerlashda faqat mahsulot narxi va miqdorini aniqlash bilan cheklanib qolinmaydi, u bir vaqtning oʻzida mazkur turdagi mahsulotning ombordagi va rastadagi qolgan qismi (qoldigʻi) boʻyicha ham avtomatlashtirilgan nazorat yuritadi. Agar doʻkon egasi ushbu skanerlash tizimini maxsus dasturlar bilan taʼminlab qoʻysa, ular doʻkon va omborda qolgan muayyan shtrix-kodli mahsulotlar haqida doimiy yangilanib boruvchi maʼlumotlar taqdim etib boradi.
Zaruriyat boʻlsa, dastur ushbu shtrix-kod asosida taʼminotchi yoki vositachiga yangi buyurtma beradi. Shuningdek, bunday shtrix-kodlar asosida xaridorlarning qaysi mahsulotlarni qanday paytlarda sotib olayotgani, koʻproq qaysi firmaning mahsuloti xaridorgir boʻlayotgani haqida ham qimmatli marketing maʼlumotlari avtomatik ravishda yigʻib boriladi.
Qolaversa, mahsulotlar narxini qoʻlda hisoblash vaqtidagi oʻrtacha xato qilish koʻrsatkichi 300 ta mahsulot nomiga bitta xatolikni, shtrix-kodni skanerlab avtomatik hisob yuritishda esa xatolik darajasi atiga trilliondan bittani tashkil qiladi. Bularning barchasi ishlab chiqaruvchining oʻz mahsuloti yorligʻiga tushirgan shtrix-kodi sababidandir. Xoʻsh, shtrix-kodlar oʻzida qanday maʼlumotlarni saqlaydi va ularni qanday oʻqish mumkin?
Shtrix-kodlash tizimida ikkilik sanoq tizimi qoʻllaniladi. Binar deb yuritiladigan ushbu tizimda faqat 0 va 1 raqamlari ishtirok etadi. Shtrix-kod skanerga tutilganida skaner avval kod yuzasini yoritadi, bunda shtrix-kodning qora chiziqlari skanerdan kelgan nurni yutib qoladi. Oq chiziqlar (aslida ular chiziq ham emas, shunchaki boʻsh qoldirilgan oraliqlar) skaner nurini qayta akslantiradi.
Skaner ushbu qaytgan va yutilgan nurlar asosida oʻzida elektr impulslari koʻrinishida signallar shakllantiradi. Ushbu elektr impulslaridan iborat signallar matematik algoritmlar vositasida ikkilik sanoq tizimiga (ikkilik kodga) oʻgiriladi. Ushbu kodni esa kompyuterdagi maxsus dasturlar qayta ishlaydi va u asosida mahsulot haqida maʼlumotlarni shakllantirib, ekranga chiqaradi va chek qogʻoziga chop etib beradi.
Shtrix koddagi qora chiziqlar ikkilik sanoq tizimida 1 raqamini anglatadi. Oq chiziqlar esa 0 ni bildiradi. Shunga muvofiq, ikkilik tizimidagi 1101 raqami ikkita qora chiziq, keyin bitta oq chiziq (boʻsh joy) va soʻngra yana bitta qora chiziqdan iborat boʻladi. Bunda ikkita qora chiziq umumlashib bitta qalin qora chiziqqa aylantiriladi. Aks holda, ular orasidagi boʻsh joyni ham kompyuter 0 oʻrniga qabul qilib yuboradi va natija buziladi.
Keyinchalik, kompyuter dasturlari ushbu ikkilik kod bilan uzatilgan maʼlumotni oʻnlik sanoq tizimiga, yaʼni siz va biz koʻnikib qolgan oddiy koʻrinishga keltirib beradi.
Shtrix-kodga 0 va 1 raqamlarini biriktirish masalasi xalqaro kelishuvlar asosida qabul qilingan reglamentlar asosida qatʼiy tartibga solinadi. Ikkilik kod biriktirish usuli ancha murakkab boʻlib, unga toʻxtalib oʻtirmaymiz. Shuni aytish kerakki, istalgan mahsulotga biriktirilgan shtrix-kod quyidagi doimiy va qatʼiy maʼlumotlarni taqdim etadi:
1) Shtrix-kodning skaner oʻqishi lozim boʻlgan qismi ikkita oq hudud bilan yaqqol ajratib qoʻyilishi kerak. Bunday oq hududning biri shtrix-kod boshida, ikkinchisi esa oxirida boʻladi va u “quiet zone” deyiladi.
2) Shtrix-kod boshida qolgan chiziqlardan biroz uzunroq boʻlgan uchta alohida chiziq, yaʼni 101 kodi mavjud boʻlib, bu chiziqlar skanerni shtrix-kodning boshlanish joyiga yoʻllash vazifasini bajaradi.
3) Shtrix-kod oʻrtasida ham ikkita uzunroq chiziqdan iborat “ajratish” chizigʻi boʻladi. 01010 kodini bildiruvchi ushbu chiziqlar shtrix-kodni “oʻng” va “chap” qismlarga ajratadi.
freepik.com
Masalan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan sut mahsulotlaridan birini olaylik. Mazkur mahsulot shtrix-kodi 13 ta raqamdan iborat. Undagi dastlabki uchta raqam shu mahsulot ishlab chiqarilgan mamlakat yoki iqtisodiy hududni bildiradi. Bizning misolda – 478 raqami mahsulot Oʻzbekistonda ishlab chiqarilganini ifodalaydi. Ushbu raqam odatda “metamaʼlumot” ham deyiladi.
Keyingi beshta raqam esa aynan ushbu mahsulotning oʻzini identifikatsiyalash uchun biriktiriladi va uni ishlab chiqaruvchining oʻzi belgilaydi. Masalan, bizning misolimizda 30100 raqami “15% yogʻlilik darajasiga ega smetana” maʼnosidagi kod sanaladi.
Shtrix-koddagi soʻnggi 13-raqam esa “tekshiruv raqami” (check digit) deb yuritiladi. Tekshiruv raqamining asosiy vazifasi bir turdagi mahsulotga biriktirilgan shtrix-kodning boshqa turdagi mahsulotlarga oʻtib ketmasligining oldini olishdan iboratdir. Tekshiruv raqami doimo bir xonali boʻladi.
Mahsulotlarga shtrix-kodlar biriktirish urf boʻlgan dastlabki yillarda ushbu ajoyib qulaylikdan foydalanmoqchi boʻlgan ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlari uchun rasman shtrix-kod olish oʻrniga (bu anchagina xarajat talab qilgan) biror duch kelgan shtrix-kodni yopishtirib qoʻyavergan. Natijada, masalan, sotuvchi skanerga avtomobil moyi yorligʻidagi shtrix-kodni tutsa, monitorda qadoqlangan, dudlangan seld baligʻi maʼlumotlari paydo boʻlgan. Tekshiruv raqami shu kabi koʻchirmachilik va xatoliklarning oldini olish uchun yechim sifatida joriy etilgan. Ushbu raqamni biriktirish maxsus vakolatli tashkilot tomonidan nazorat qilinadi va u orqali hech qachon ikkita turli xil mahsulotning shtrix-kodi bir xil boʻlib qolmaydi.
Agar oʻzingizga mashgʻulot topolmay zerikib oʻtirgan boʻlsangiz yoki biror joyda uzoq vaqt kutishga toʻgʻri kelib qolsa, qoʻlingizda bor boʻlgan istalgan buyumning yorligʻidagi (bunday buyum topilmasligi amri mahol) shtrix-kod tekshiruv raqamining toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanini tekshirib koʻrishingiz mumkin. Buning uchun siz quyidagicha matematik amallarni bajarishingiz kerak boʻladi:
1) Shtrix-koddagi tekshiruv raqamidan tashqari qolgan 12 ta raqamni alohida yozib olasiz.
Avvaliga toq oʻrindagi raqamlarni, yaʼni 1-, 3-, 5-, 7-, 9- va 11-raqamlarni alohida olib, oʻzaro qoʻshib chiqasiz. Masalan, bizning misoldagi sut mahsulotida bu amal quyidagicha bajariladi: 4+8+0+3+3+1=19. Yigʻindi 19 chiqdi va uni esda saqlab turasiz.
2) Keyin esa aynan shu amalni juft oʻrindagi raqamlar, yaʼni 2-, 4-, 6-, 8-, 10- va 12-chi raqamlar uchun bajarasiz: 7+0+2+8+0+0=17. Yigʻindini esa 3 ga koʻpaytirasiz: 17×3=51. Ushbu natijani ham esda saqlab turasiz.
3) Endi har ikkala olingan natijani oʻzaro qoʻshasiz: 19+51=70.
Ushbu natijadagi birliklar xonasidagi son, yaʼni 0 raqami mahsulot shtrix-kodidagi tekshiruv raqamini bildiradi. Demak, biz koʻrayotgan mahsulotdagi tekshiruv raqami toʻgʻri biriktirilgan va bunday shtrix-kodli boshqa turdagi mahsulot hech qayerda yoʻq deb xulosa qilish mumkin.
Albatta, bu narsalarni bilish avvalo tadbirkorlar uchun kerak va bu ularning savdosida xatoliklar kelib chiqmasligi uchun zarur boʻladi. Lekin bu haqida biz – isteʼmolchilar ham bilib qoʻyganimiz foydadan holi boʻlmaydi. Zero, biror kun ushbu bilganlarimiz juda asqatishi mumkin.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Chiziqlar tilga kirganda
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
Chiziqlar tilga kirganda. Shtrix-kod haqida