Chilla davrida chaqaloqdagi sariqlik qanday aniqlanadi? haqida malumot

Chilla davrida chaqaloqdagi sariqlik qanday aniqlanadi? haqida malumot

Giperbilirubinemiya (sariqlik) – bu qon tarkibidagi bilirubin miqdorining yuqoriligi va sariqlikning klinik ko‘rinishidir. Chaqaloqlardagi giperbilirubinemiya, ya’ni sariqlikka jiddiy qarash lozim. Sababi qondagi bilirubin miqdori oshib ketsa, natijada miyani shikastlashi va jiddiy funksional buzilishlarga olib kelishi mumkin. Ko‘pincha bu kasallik belgilarsiz rivojlanadi. Bolaning umumiy ahvoli yaxshi bo‘ladi. Jigar va qorataloqda o‘zgarishlar sezilmaydi. Go‘dakning peshob va axlat analizlari ham odatdagidek bo‘lishi mumkin. Ba’zi hollarda esa ushbu kasallik uyquchanlik, ishtahaning pasayishi kabi belgilar bilan markaziy asab tizimini shikastlashi kuzatiladi. Sog‘lom tug‘ilgan chaqaloqlarda hayotining ikkinchi, uchinchi haftalariga borib sariqlik belgilari yo‘qoladi.
O‘z vaqtida tug‘ilgan chaqaloqlarda 3 4-kundan to 14 kungacha, chala tug‘ilgan chaqaloqlarda esa 24 kungacha fiziologik sariqlik kuzatilishi mumkin. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda 24 36 soat davomida sariqlikning dastlabki belgilari namoyon bo‘ladi. Shu sababli chaqaloq hayotining birinchi kunlarida paydo bo‘ladigan har bir sariqlikni jiddiy tarzda qabul kilish va zudlik bilan bolani tekshirish va davolash zarur.
Bu borada neonatolog – shifokorning birinchi vazifasi – sariqlikning belgisi, uning fiziologik yoki patologik sariqlik ekanligini aniqlashdan iborat. Buning uchun onaning boshdan kechirgan kasalliklari, qon tahlili, oilaviy kasalliklar tarixi, bolaning ota-onasining qon guruhini aniqlash juda muhim vazifalardan biridir.
Chaqaloqdagi sariqlikning namoyon bo‘lish shakli ma’lum bir ketma-ketlikda bo‘ladi. Sariqlikning tezligi va ortib borish jadalligini to‘g‘ri aniqlash lozim. Bu fiziologik sariqlikni patologik sariqlikdan ajratish uchun ko‘p jihatdan yordam beradi.
Agar sariqlik chaqaloq hayotining dastlabki kunidayoq tanasining turli qismlarida, hayotining ikkinchi kunida esa kaftlar va tovonlarda kuzatilsa, zudlik bilan fototerapiya shifokor tekshiruvi ostida amalga oshiriladi.
Agar bolaga o‘z vaqtida va zarur yordam ko‘rsatilsa, bu belgilar o‘tib ketishi mumkin. Biroq, o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmasa, kasallikning og‘ir hollarida bilirubinning yuqori ko‘rsatkichi yangi tug‘ilgan chaqaloqning miyasini shikastlashi mumkin. Oqibatda esa bemorning nogironligi va hatto o‘limiga olib keluvchi sariqlikni keltirib chikarishi mumkin.
Giperbilirubinemiya – sariqlikning xavfli omillari quyidagilardan iborat:

  •  Onaning homiladorlik davrida boshidan o‘tkazgan og‘ir xastaliklar, shu jumladan, qandli diabet, turli infeksiya, virusli kasalliklarga chalinganligi;
  • tug‘ruq paytidagi jarohatlar, ko‘karishlar ham sabab bo‘lishi mumkin;
  •  yangi tug‘ilgan chaqaloqlar sepsisi;
  •  ko‘krak suti bilan yetarli ovqatlantirmaslik (sariqlikning erta ko‘rinishi);
  •  oilaviy genetik, tug‘ma, nasldan o‘tuvchi kasalliklar ham sariqlik belgisiga sabab bo‘lishi mumkin.

Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga alqoador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

Kasalliklar
Chilla davrida chaqaloqdagi sariqlik qanday aniqlanadi?