Chigirtka va tub sonlar
Chigirtka va tub sonlar
Shu kunlarda sayyoramizdagi eng g’aroyib va sirli-jumboqli davriy biologik fenomenlardan biri — Shimoliy Amerikada magicicada sikada chigirtkalarining 17 yilda bir chiqadigan turining yer sirtiga chiqish hodisasi kuzatilmoqda. Bu tur chigirtkani odamlar faqat har 17 yilda ko’radilar xolos. Ular har 17 yilda, aprel-may oylarida, yuzadan 20 sm pastdagi tuproq qatlamining harorati 17 °C ga yetganda tuproqdan yoppasiga ko’tarilib, tashqariga chiqa boshlaydi va yaqin oradagi daraxtlarni ishg’ol qilib, quloqni qomatga keltiruvchi shovqin chiqaradi. Avvalgi safar bu chigirtkalar 2004 yilda yuzaga chiqqan edi. Bu safargi sikadalar chiqishi 17-maydan e’tiboran kuzatila boshlangan. Entomologlar uchun ayni kutilgan damlar keldi!
Chigirtkalar taxminan 1,8 million yil muqaddam, pleystotsen davrida, ya’ni, muzliklar Shimoliy Amerika qit’asini navbat bilan egallab va qayta bo‘shatib turgan zamonlarda paydo bo‘lgan. Chigirtkalarning asosan Shimoliy Amerikada yashovchi Magicicada nomli turi umrining asosiy qismini yer ostida, o‘simlik ildizlarining shirasi bilan oziqlanib o‘tkazadi. Ushbu tur chigirtkalarni fanda shuningdek, «davriy chigirtka» ham deyiladi. Chunki, ular muayyan vaqt yer ostida hayot kechirganidan so‘ng, vaqti kelib yoppasiga yer yuzasiga ko‘tariladi va bir necha kun davomida tashqarida yashab, juftlashib, yana tezda qirilib ketadi. Ushbu chigirtkalarning hayot tarzi bilan bog‘liq juda ajoyib va sirli bir jumboq mavjud: ularning yer ostida chiqib kelib tashqarida qisqa kunlik hayot kechirish davriyligi, odatda 13 yoki 17 yil oralig‘ini tashkil qiladi. Ya’ni, davriylik tub sondan iborat bo‘ladi! (Eslatib o‘tamiz, tub son bu – o‘zi va 1 dan boshqa songa qoldiqsiz bo‘linmaydigan sondir. Masalan, 11, 13, 17 sonlari tub son hisoblanadi). Davriy chigirtka tuxum qo‘yganidan keyin, uning lichinkalari yer ostida rivojlanadi va chigirtkalar ham yer ostida paydo bo‘ladi. Chigirtkalar tuxumdan chiqqanidan roppa-rosa aniq 13 yoki 17 yil o‘tgach, bahor paytida ular yuzaga chiqish uchun kovak qaziy boshlaydi. Odatda bir gektar yer maydonida birdaniga millionlab chigirtkalar yuzaga chiqadi. Bu tarzdagi favqulodda ulkan sonda ko‘payish chigirtkalar (va umuman hasharotlar) turi uchun yashab qolishning shartlaridan biridir. Chunki, chigirtkalar aytaylik qushlar tomonidan yeb tashlanishi natijasida yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Favqulodda ko‘p sonli hasharotni esa qushlar shunchaki yeb ulgurmaydi. Ya’ni, bunda chigirtkalar son orqali vaqtdan yutishadi.
Tadqiqotchilarning fikricha, davriy chigirtkalarning bu tarzda 13, yoki 17-yilda paydo bo‘lishi ham ularning yashash uchun kurashda tabiiy jarayonlarga moslashgani natijasidandir. Bunda chigirtkalar o‘zining kushandasi bo‘lgan boshqa dushmanlarining hayot sikliga nisbatan eng noqulay vaqtda yuzaga chiqadi deb taxmin qilinadi. Ya’ni, aynan shunday chigirtkani yeydigan qushlar va boshqa vahshiy jonzotlar, hamda parazitlarning hayot sikli nisbatan qisqa bo‘ladi va ularning bir avlodining o‘rtacha umr davomiyligi 2, 3, 4 yoki 6 yilni tashkil qiladi. O‘rtacha umr davomiyligi 2, 3, 4 va 6 yilni tashkil qilgan hasharotxo‘rlarning umumiy soni eng ko‘p bo‘ladigan payt 12-chi yoki, 16-yil bo‘lishi mumkin. 13-yilda yoki 17-yilda hasharotxo‘rlarning soni minimumgacha kamaygan bo‘ladi bu chigirtkalar populyatsiyasiga yetadigan zararni ham eng past darajaga tushiradi. Germaniyaning Maks Plank ilmiy hamjamiyati mutaxassisi Mario Markus ushbu davriy chigirtkalarning evolyutsion o‘zgarishlarini «hasharotxo‘r va hasharot» (vahshiy va o‘lja) nuqtai nazaridan modellashtirib, g‘alati bir xulosaga kelgan. Ya’ni, kompyuter modelida davriy chigirtkalar populyatsiyasi uchun boshlang‘ich jarayonda tasodifiy istalgan sonlar biriktirilgan. Shunga qaramay, davriy chigirtkalarning kompyuter modelidagi mutatsiyalari muayyan vaqtdan keyin baribir tub sonli hayot sikliga moyillik paydo qila boshlagan.
Albatta, bu kabi tajribalar hali juda jo‘n va aniq asosga ega bo‘lmagan g‘oyalar yuzasidan olib borilmoqda. Tabiatning ushbu ulkan sirini yechishda hozircha ilm fan ojizlik qilmoqda. Xususan, chigirtka qanday qilib tashqarida aniq 17 yil o‘tganini hisoblaydi? Yoki, 13 va 17 sonlarida (yillarda) nima karomat borki, davriy chigirtkalar aynan shu yillarda yuzaga chiqadi. Yoki, chigirtkalarni aynan shunday davriylik bilan hayot kechirishga majbur qilgan narsa nima o‘zi? Nima uchun, tabiatda ma’lum 1500 dan ortiq tur hasharotlardan faqat ushbu Magicicada turigina shunday davriylik bilan hayot kechiradi? … Bu borada savollar juda ko‘p va ularning aksariyati hali hamon ochiq qolmoqda. Ushbu fenomenni o‘rganishga bo‘lgan urinishlarning birortasi hozircha hech bo‘lmasa jo‘yali taxmin ham ayta olmayapti. Shunisi aniqki, chigirtkalarning aniq bir muddat oralig‘ida tuproqdan yoppasiga chiqib kelishi haqidagi dalil bundan 14 asr muqaddam muqaddas Kitobimiz – Qur’oni Karimda allaqachon ayon bo‘lgan edi. Olimlarning aqli hozircha yetmayotgan ushbu aniq biologik hisob-kitob, Qur’onda Qiyomat qoim bo‘lganda Yer yuzida yashab o‘tgan barcha odamlarning tuproqda qayta tiriltirilishiga qiyos sifatida keltiriladi (Qamar surasi, 7-oyat).
Haqiqatan ham, bandasining aqli yetmayotgan ushbu oddiygina chigirtka va uning tub sonli yilda yuzaga chiqishi hodisasi, Yaratganning Buyuk Qudrat qo‘li mahsuli ekaniga shubha yo‘q…
Siz ushbu videoda mazkur chigirtka turi haqidagi eng muhim ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin:
Ushbu ajoyib davriy biologik-matematik fenomen haqida yana quyidagi videoda batafsil tanishishingiz mumkin 👇:
Rasmda: Davriy chigirtka (Magicicada) har 13 yoki 17-yilda yer yuziga yoppasiga chiqib keladi va tezda juftlashib, tuxum qo‘yib ulgurib, qirilib ketadi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Qiziqarli matematika
Chigirtka va tub sonlar
Manba:orbita.uz