“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (12-qism) haqida malumot

“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (12-qism) haqida malumot

Bo‘shalish

Aksar chekuvchilar sigareta bo‘shashishga yordam berishini aytishadi. Lekin barchaga ma’lumki, nikotin – qo‘zg‘otuvchi vosita. Ishonmasangiz, tomir urishini tekshiring. Ke­yin ikkita sigareta chekib, yana tekshiring. Tomir urishi qanchalik tezlashganini sezasiz.

Tushlikdan keyin chekish chekuvchilarning sevimli mashg‘uloti. Tushlik – ishni to‘xtatib, dam olinadigan, ochlik va chanqoqlik qondiriladigan payt. Xullas, huzur onlari. Taassufki, bunday paytda kashanda halovatdan mahrum, chunki u yana bir ehtiyojini qondirishi – sigareta chekishi kerak.

Nikotinga qaram bo‘lgan odam hech qachon batamom bo‘shasha olmaydi, vaqt o‘tgan sari uning ahvoli og‘irlashaveradi. Yer yuzida eng kuchli zo‘riquvchilar chekmaydiganlar emas, bular – ketma-ket sigareta tutatadigan ellik yoshli biznesmenlar. Ular tinimsiz yo‘taladi, qon bosimi baland, qachon qarama asabiy.

Yoshligimda, hisobchilik qilib yurgan paytlarimda farzandlarimni qanday tarbiyalaganim esimda. Ulardan birortasi xato ish qilib qo‘ysa, o‘zimni tamomila yo‘qotib qo‘yar, quyushqondan chiqib ketardim. Ke­yin esa bunchalar jahldorlik menda qayerdan paydo bo‘lganini o‘ylab, o‘yimga yetolmasdim. Endi aniq bilaman. Aynan sigareta meni sal narsaga tutaqadigan odamga aylantirib qo‘ygan ekan.

Aytingchi, nima uchun tushlikdan keyin sigareta tutatishmasa, chekuvchilarning ahvoli og‘irlashib qoladi? Nega endi bu paytda chekmaydiganlar bo‘shashib, o‘zlarini huzur ichida sezishadi? Nima sababdan chekuvchilar sigaretasiz diqqatni jamlay olishmaydi?..

Kashandalarni cheka olmaydigan paytlarida kuzating. Sochlarini yulib olgudek tarayotganini, iyagini qattiq silayotganini yoki barmoqlarini o‘ynatayotganini ko‘rasiz. Ana shunaqa, chekuvchilar bo‘­shashish, yengillash nimaligini unutib qo‘yishadi.

© Allen Karr.
“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” kitobi.
Tib.uz

Kasalliklar
“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (12-qism)