Chaqaloqni qanday ko‘tarish kerak? haqida malumot

Chaqaloqni qanday ko‘tarish kerak? haqida malumot

Kun bo‘yi qomatni tik tutishga e’tiboringizni qarating. Unutmangki, gavdani tik tutganda bel kamroq toliqadi. Yosh ona uchun esa bu juda muhim.

Og‘ir buyumlarni to‘g‘ri ko‘tarishni bilish lozim. Ularni yerdan bukilib emas, balki biroz cho‘kkalagan holda olib, sekin turish lozim. Shunda asosiy og‘irlik oyoqlarga tushadi.

Narsani olib ketayotganda uni ko‘kraklaringiz balandligida tanaga yaqinroq ushlasangiz, og‘irlik qo‘l mushaklariga tushadi. Belni ehtiyot qilmaslik radikulitga olib kelishi mumkinligini unutmang.

Og‘ir yukni kamroq ko‘taring. Masalan chaqaloqni ko‘tarishda ham belga og‘irlik tushmasligiga e’tibor qarating.

Xo‘sh, go‘dakni qanday ko‘targan qulayroq bo‘ladi?

Yuzini oldinga qaratib ko‘tarish. Bir qo‘lingiz bilan kichkintoyingizning ko‘kragidan shunday ushlab turingki, uning iyagi bilagingiz ustida bo‘lsin. Uni bag‘ringizga bosing. Ikkinchi qo‘lingiz bilan oyoqlarini sonidan ushlab ko‘taring. Bunday holatda farzandingiz bilan uyni kezib yurish qulay.

Yonboshga ko‘tarish. Bolaning yuzini oldinga qaratib ko‘tarayotganda uni biroz yon tomoningizda olib, tos suyagingizga “o‘tqizishingiz” mumkin. Bunday holat hali o‘tirolmaydigan, biroq boshini ko‘tara oladigan kichkintoylarga to‘g‘ri keladi.

“Samolyotcha”. Bir qo‘lingiz bilan ko‘krak qafasidan, ikkinchisini bolaning ikki oyog‘i orasidan o‘tkazib qornidan ko‘taring. Ushbu holatda biroz olib yurish uning vestibulyar apparatini mashq qildirib, tana muvozanatini saqlashga o‘rgatadi.

“Chavandoz”. “Samolyotcha”dan “chavandoz” holatiga osongina o‘tish mumkin. Buning uchun qornidagi qo‘lingizni ko‘kragigacha olib boring. Shunda kichkintoy bir qo‘lingizda joylashib, ikkinchisi bo‘sh bo‘ladi.

“Ustuncha”. Ovqatdan so‘ng ichiga ketgan havodan bolani xalos etish uchun uni “ustuncha” holatida ko‘taring. Eng qulayi, bolani qorni bilan yelkangizga yotqizib, bo‘sh qolgan qo‘lingiz bilan boshini ko‘tarib turishdir. Bunda og‘irlik markazi yelkangizga tushadi.

Dilfuza TO‘RAQULOVA, akusher-ginekolog.

«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Chaqaloqni qanday ko‘tarish kerak?