Chaqaloqlarda suvsizlanish nima? Kasalliklar haqida

Chaqaloqlarda suvsizlanish nima? Kasalliklar haqida

chaqaloqlarda suvsizlanish nima kasalliklar haqida 65cce2092337e


Mobil ilovani yuklab oling

Lalu mobil ilovasini yuklab oling va homiladorlik hamda onalar maktabi aʼzosiga aylaning.


Chaqaloqlarda suvsizlanish — bu normal hayot faoliyatini amalga oshirish uchun tanada yetarli suyuqlikning bo’lmaslik holati sanaladi.

Bolaning tanasi taxminan 75% suvdan iborat bo’lib, suv har bir hujayraning tarkibiy qismidir. Suv tana haroratini nazorat qilish, organlar va to’qimalarning butunligini saqlash, hujayralarga ozuqa moddalarini tashish va boshqa hayotiy ko’rsatkichlar uchun muhim rol o’ynaydi.

Farzandingiz har kuni peshob ajratishi, ichak harakati, terlashi, yig’lash va hatto nafas olishi orqali ma’lum miqdorda suv yo’qotadi. Bola organizmidagi suv har safar u ovqatlanganda yoki suyuqlik iste’mol qilganda almashinadi.

Qator omillar organizmda suvning tugallanish va qayta o’rnini to’ldirish o’rtasidagi muvozanatini buzishi mumkin. Misol uchun, agar chaqalog’ingiz qayt qilsa yoki unda diareya holati bo’lsa, u nisbatan tezroq suyuqlikni yo’qotadi, bu esa bolaning suvsizlanishga olib kelishi mumkin.

Chaqaloqlarda suvsizlanish belgilari

Chaqaloqlarda suvsizlanishning eng ko’p uchraydigan belgilari quyidagilar:

  • Juda quyuq sariq yoki to’q sariq rangga o’xshash konsentrlangan peshob;
  • Qabziyat;
  • Lablar qurishi;
  • Og’iz qurishi;
  • Shilliq pardalar quruq bo’lib qolishi;
  • Haddan tashqari uyquchanlik;
  • Ta’sirchanlik;
  • 24 soat ichida oltitadan kam nam taglik;
  • Shishani olishiga yoki emishga qiziqishning yo’qolishi;
  • Yig’laganda ko’z yoshlar paydo bo’lmasligi;
  • Rangparlik;
  • Bolaning boshida membrana bilan qoplangan bo’shliq (yumshoq nuqta);
  • Terida ajinlar bo’lishi.

Chaqaloqlar suvsizlanish holati tezda ro’y berishi mumkin. Ayniqsa, chaqalog’ingiz kasal bo’lsa, tanasi qizib ketgan yoki ovqatlanishida muammolar bo’lsa, bu belgilardan ehtiyot bo’ling.‌‌ Va darhol pediatrga murojaat qiling.

Chaqaloqlarda suvsizlanish sabablari

Bir qator omillar suvsizlanishga olib kelishi mumkin. Suvsizlanishning har qanday yoshdagi odamda ma’lum bir ta’siri bo’lsa-da, u kattalarga qaraganda yosh bolalarda tez-tez uchraydi.

Go’daklik davridagi bolalar va yangi tug’ilgan chaqaloqlarning suvsizlanishi sabablari orasida:

  • Emizish bilan bog’liq muammolar: agar ko’krak suti bilan oziqlanadigan chaqaloqlar to’g’ri so’ra olmasa, ko’krak sutini tez-tez yoki uzoq vaqt qabul qilmasa yoki ko’krak suti bilan ta’minlanishi bilan bog’liq muammo bo’lsa, onaning emizish bilan bog’liq bilimsizligi sabab to’g’ri emizolmasa, bola tanasi suvsizlanishi mumkin;
  • Shishadan oziqlantirish bilan bog’liq muammolar;
  • Diareya;
  • Isitma: Farzandingizning tana haroratining ko’tarilishi suyuqlikning ko’proq yo’qotilishiga olib kelishi mumkin;
  • Yuqori harorat, haddan tashqari namlik yoki issiq quyoshda ochiq havoda ko’p vaqt o’tkazish — terlash va chaqaloq terisi orqali suyuqlikning bug’lanishiga olib kelishi mumkin;
  • Ovqatlanishdan bosh tortish — burunning bitib qolishi, quloq yoki tomoq og’rig’i so’rish va yutishga xalaqit berishi mumkin;
  • Qusish.

Davolash

Chaqaloq suvsizlanishini davolash kasallikning sababi va og’irligiga ayniqsa, bolaning yoshiga bog’liq.
Og’ir suvsizlanish juda xavfli, hattoki hayot uchun xavfli vaziyatlarning kelib chiqishiga sabab bo’lishi mumkin. Shuning uchun, agar simptomlar sezilarli bo’lsa, shifokoringizga murojaat qiling. Bolaning hozirgi ahvolidan tashvishlanayotgan bo’lsangiz, shoshilinch yordam so’rashdan tortinmang.

Ma’lumot o’rnida, Amerika pediatriya akademiyasi chaqaloqlarga faqat 6 oylikdan boshlab suv berilishi kerakligini va ularning kunlik iste’moli 0,5-1 stakan (118-236 ml) bilan cheklanishi kerakligini ta’kidlashadi.

Farzandingizda quyidagi holatlar bo’lsa darhol tibbiy yordamga murojaat qiling:

  • Tirishayotganga o’xshasa;
  • Liqildoqlarida botiqlik (cho’kish) bo’lsa;
  • Sakkiz soatdan ortiq tinimsiz diareya bo’lsa;
  • Ko’krak so’rg’ichini yoki shishani yaxshi so’ra olmasa;
  • 3 oylikdan kichik va isitmasi bo’lsa;
  • Ikki marta ovqatlantirishdan keyin ham qayt qilsa;
  • Boshqa uzoq muddatli yoki og’ir suvsizlanish belgilari mavjud bo’lsa.

Oldini olish

Suvsizlanishning oldini olishning eng yaxshi usuli bu nafaqat belgilarni bilish va sabablarini tushunish, balki uni qanday qilib oldini olishni ham bilishdir.

  • Yangi tug’ilgan chaqaloqqa e’tiborli bo’ling;
  • Chaqaloqni to’g’ri parvarishlash borasida bilim va ko’nikmalarni o’zlashtiring;
  • Nam tagliklar va vazn ortishini kuzating;
  • Haddan tashqari issiqlik muhitdan saqlaning;
  • Ko’p miqdorda suv berishdan saqlaning;
  • Mikroblarning tarqalishini oldini oling.

Foydali maqola: Bolalarda uyqu normasi va uyquning afzalliklari

Maqola mayoclinichealthsystem.org hamda mottchildren.org sayti ma’lumotlariga asosan «Lalu» jamoasi tomonidan tayyorlandi.

Kasalliklar