Chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi haqida malumot
Chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi va uning tug‘ma chiqishi bolalarda uchraydigan ortopedik kasalliklar orasida birinchi o‘rinni egallaydi.
Ushbu xastalik qiz bolalarda o‘g‘il bolalarga nisbatan ko‘proq uchraydi (7:1). Bu tug‘ma nuqsonning ilk belgilarini aniqlash juda qiyinligi tufayli ota-onalar hamda ba’zida tibbiyot xodimlari tomonidan kasallik vaqtida aniqlanmaydi va bola yura boshlagandan keyingina, oqsoqlanib yurganida bunga ahamiyat bera boshlaydilar. Vaholanki, chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi va tug‘ma son chiqishini bola yurmasdan oldin aniqlab, davolagandagina yaxshi natijalar olish mumkin.
Bu kasallikning ilk belgilari quyidagilardan iborat: oyoq tashqariga qarashi, bir tomonlama chiqishda bir oyoqning ikkinchisiga nisbatan kaltaligi, son sohasidagi ichki teri burmalarining past-baland joylashib, bir-biriga mos kelmasligi, oyoqni tizza bo‘g‘imidan bukilgan holatda tanadan uzoqlashtirishning cheklanganligi, oyoqning tizza bo‘g‘imida bo‘lib tashqariga ochish paytida son suyagi boshchasini qo‘ymich kosachasiga tushib, keltirilganda esa chiqib ketishi.
Agar bolada yuqoridagi belgilardan birortasi aniqlansa, kechiktirmay bolalar ortoped-shifokoriga murojaat qilish kerak. Bolalar klinik, ultratovush apparati yordamida va rentgenografiya usuli bilan tekshirilib, tashhis aniqlashtiriladi va davolash muolajalari boshlanadi. Davolash usullari har xil bo‘lib, u bolaning yoshiga, tug‘ma son chiqish darajasiga qarab belgilanadi. Bola qanchalik yosh bo‘lsa, uni har xil moslamalar (oyoqlarni kerib turish maqsadida qalin va qattiq materiallardan tayyorlangan maxsus shinalar, Vilenskiy shinasi va “maxsus pampers”) bilan davolash mumkin. Bolaning oyog‘i kaltaligi katta bo‘lsa, u holda nuqson har xil gipsli bog‘lamlar (Ter-Yegiazarov-Sheptun bo‘yicha, Lange, Lorens usullarida), ba’zi hollarda esa, xirurgik yo‘l bilan davolanadi. Shuningdek, chaqaloqlar 2 oyligida oilaviy poliklinikada ortoped-shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, profilaktika maqsadida oyoqlarini keng yo‘rgaklash yoki “keruvchi moslamalar” taqish tavsiya qilinadi.
Ota-onalar mavzumizda keltirilgan bolalardagi chanoq- son bo‘g‘imi displaziyasi va uning tug‘ma chiqishi ortopedik kasallik belgilariga e’tibor qaratib, uning oldini olish maqsadida tezda mutaxassisga murojaat qilsalar, foydadan holi bo‘lmas edi. Afsuski, ayrim ota-onalar shifokorlarning maslahatlariga e’tibor qaratmasdan farzandlarini tibbiyot muassasalariga kechiktirgan holda olib kelishadi. Mutaxassis sifatida tavsiya qilmoqchimanki, farzandingiz dunyoga kelgach, unda yuqoridagi holatlarni kuzatmasangizda, ko‘nglingiz to‘q bo‘lishi uchun Respublika bolalar ortopediya markaziga murojaat qilishingiz mumkin.
Xo‘jaahmad ALPISBAYEV, bolalar ortopedi.
«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.
Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:
Kasalliklar
Chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi