Chanoq-son boʻgʻimi displaziyasi haqida to’liq ma’lumot oling
Chanoq-son boʻgʻimi displaziyasi – chanoq-son boʻgʻimi shakllanishidagi tugʻma buzilish boʻlib, uning asorati son boshchasi chiqishi bilan yakunlanadi. Bunda boʻgʻim toʻliq rivojlanmagan yoki biriktiruvchi toʻqimadan tuzilgan struktur elementlari yetarlicha boʻlmaydi. Erta yoshlarda teri burmalari assimetriyasi, nisbiy kaltalik va son harakatchanligidagi chegaralanish bilan namoyon boʻladi.
Keyinchalik ogʻriqlar, oqsoqlanish, tez charchab qolish kabi holatlar yuzaga chiqadi. Patologiya UTT tekshiruvi va rentgenografiya usuli bilan tashxislanadi. Davo muolajalari maxsus fiksatorlardan foydalanish va maxsus mashqlar yordamida olib boriladi.
Chanoq-son displaziyasi (grekcha dys – buzilish, plaseo – hosil boʻlish) – tugʻma patologiya boʻlib, son boshchasi chiqishi yoki chala chiqishi bilan asoratlanadi. Boʻgʻimning shakllanmaslik darajasi shunchaki kosmetik jihatdan noqulaylik tugʻdirishi yoki harakatdagi turli xil kamchiliklar bilan namoyon boʻladi. Chanoq-son boʻgʻimi displaziyasi asoratlari jiddiy oqibatlarga olib kelmasligi uchun patologiyani erta muddatlarda davolash kerak boʻladi, yaʼni bola hayotining birinchi oyidan.
Ushbu patologiya tugʻma kasalliklar orasida keng tarqalgan boʻlib, statistika boʻyicha barcha tugʻilgan chaqaloqlarning 2-3 % ini tashkil etadi. Millatlar orasida esa: afroamerikaliklar orasida kamroq, amerikalik hindular orasida – boshqa irqlarga qaraganda koʻproq uchraydi. Qiz bola jinsidagi chaqaloqlar oʻgʻil bolalarga qaraganda koʻproq chanoq-son displaziyasidan aziyat chekadi (barcha patologiyaning 80 % holatlarida).
Chanoq-son boʻgʻimi displaziyasi sabablari
Displaziya kelib chiqishida bir necha omillar ishtirok etadi. Nasliy omil yaʼni ota onalarida ham chanoq sohasi bilan bogʻliq boʻlgan tugʻma patologiyalar boʻlishi kasallikka moyillikni 10 marotabagacha oshirib yuboradi. Bundan tashqari tugʻruq vaqtida homilaning chanoq bilan kelishi ham patologiyaning asosiy sababchilaridan biri hisoblanadi. Homiladorlik vaqtida toksikoz, turli preparatlar qabul qilish, homilaning kattaligi, homila suyuqligining kamligi va boshqa homiladorlik patologiyalari ham displaziyaga olib kelishi qayd etiladi.
Olimlar izlanishiga koʻra ekologik jihatdan qoniqarsiz mintaqalarda chanoq-son displaziyasi bilan tugʻiladigan chaqaloqlar 5-6 barobar koʻp boʻlishi aniqlangan. Chanoq-son boʻgʻimi displaziyasi millat urf odatlariga ham bogʻliq holda shakllanadi, yaʼni turli mintaqalarda bolakaylarni turlicha belaydilar. Masalan, oyoqlari orasini ochiq holda beshikka belaydigan mintaqalar yoki bolalarini orqa sohasida oyoqlari ochiq holda koʻtarib yuruvchilar orasida ushbu patologiya kam qayd etiladi.
Patogenez
Chanoq-son boʻgʻimi son boshchasi va quymich kosasidan tashkil topgan. Quymich kosasining yuqori qismi quymich labidan iborat va bu qism son boshchasini kosachaga kirib turishida maydonni kengaytirib turadi. Yangi tugʻilgan bolalar chanoq-son boʻgʻimi kattalarnikidan farq qiladi: quymich kosasi bolalarda yassi, deyarli vertikal holatda hamda boylamlar elastikligi koʻproq boʻladi. Son boshchasi quymich kosasiga yumaloq boylam, boʻgʻim kapsulasi va quymich lablari yordamida birikib turadi.
Chanoq-son boʻgʻimi displaziyasining 3 xil shakli farqlanadi: asetobulyar (quymich kosasi rivojlanishidagi kamchiliklar), son suyagi yuqori qismi displaziyasi va rotatsion displaziya yaʼni gorizontal yuzada suyaklar geometriyasi oʻzgarishi.
Boʻgʻimni tashkil etuvchi har qanday elementning buzilishi son boshchasining quymich kosasida joylashib turishini taʼminlay olmaslikka olib keladi. Natijada son boshchasi tashqariga va yuqoriga chiqib qoladi. Quymich kosasi ham oʻz tuzilishini oʻzgartiradi va son boshchasini biriktirish qobiliyatidan ayriladi. Agar son boshchasi quymich kosasidan toʻliq chiqib qolsa son boshchasi yuqorida joylashib qoladi. Davo choralari oʻz vaqtida olib borilmasa quymich kosasi biriktiruvchi toʻqima va yogʻ toʻqimasi bilan toʻladi, bu esa son boshchasini joyiga tushirishda qiyinchilik tugʻdiradi.
Displaziya belgilari
Chanoq-son displaziyasi oyoqlar nisbiy kaltaligi, teri burmalari assimetriyasi, son harakati cheklanishi va Marks-Ortolani shilqillash belgisiga qarab tashxislashda ilk qadam qoʻyiladi. Chov, tizza orti va dumba sohalari teri burmalari assimetriyasi asosan 2-3 oylik bolalarda yaxshi bilinadi. Koʻruvda burmalar orasidagi farqqa, shakliga va Burma chuqurligiga eʼtibor qaratiladi.
Yuqoridagi tekshiruvlar displaziya tashxisini qoʻyishga yetarli boʻlmaydi. Ikki tomonlama displaziya holatlarida burmalar simmetrik boʻlishi ham mumkin. Baʼzida teri burmalari assimetriyasi sogʻlom bolalarda ham kuzatilishi mumkin. Nisbiy kaltalik tugʻma son chiqishini aniqlashda yaxshi maʼlumot beradi. Bolakayni orqasi bilan yotqizgan holda oyoqlari chanoq-son va tizza boʻgʻimida bukiladi, hamda tizzalarning bir biriga nisbatan joylashuviga eʼtibor beriladi, agar bir taraf ikkinchi tarafidan yuqorida joylashsa – bu tugʻma son chiqishidan darak beradi.
Marks-Ortoloni shilqillash belgisi tugʻma son chiqishini aniqlashda eng aniq maʼlumotni beradi. Bolakay orqasi bilan yotqiziladi, shifokor bola oyogʻini bukadi va qoʻllari bilan shunday ushlaydiki II-V barmoqlar sonning tashqi yuzasida joylashadi. Soʻngra shifokor bir xil kuch bilan bir vaqtda sonni tashqariga bukadi. Displaziya holatida patologiya tarafda son boshchasining quymich kosasiga qayta tushishi hisobiga shilqillagan tovush eshitiladi. Bu belgi yangi tugʻilgan chaqaloqlar hayotining 1-haftasida 40 % chaqaloqlarda musbat boʻladi va keyinchalik oʻz oʻzidan yoʻqolib ketadi.
Boʻgʻim patologiyasini aniqlashda yana bir usul mavjud – harakatning cheklanishi. Sogʻlom bolalarda oyoqlar tashqariga 80-90 gacha ochiladi. Harakat cheklanganda esa bu burchak 50-60 foizni tashkil etadi.
Chanoq-son boʻgʻimi displaziyasi asoratlari
Boʻgʻim displaziyasi erta yoshdagi bolalarda hech qanday shikoyatlarga sabab boʻlmasligi mumkin. Ammo, inson yoshi 25-55 yoshlarga yetganda displastik koksartroz rivojlanish ehtimoli yuqori boʻladi. Ilk belgilar harakat cheklanishi yoki ayollarda gormonal oʻzgarishlar roʻy berayotgan davrda yuzaga chiqishi mumkin.
Displastik koksartrozning oʻziga xos jihati shundaki- kasallik juda qisqa muddat ichida boshlanadi va tezda avjiga chiqadi. Kasallik noxush his, ogʻriq va boʻgʻimda harakat cheklanishi bilan kechadi. Kech bosqichlarda oyoqlar tashqariga chiqqan, bukilgan holatga kelib qoladi. Boʻgʻimda harakat keskin cheklanadi. Son boshchasi sekin astalik bilan yuqoriga koʻtariladi va yonbosh suyakda soxta boʻgʻim hosil qiladi, ammo bunday holat hozirgi kunda juda kam qayd etiladi.
Diagnostika
Chanoq-son boʻgʻimi displaziyasi tugʻruqxonaning oʻzidayoq tashxislanadi. Agar patologiya aniqlansa 3 hafta ichida bolalar ortopediga murojaat etish kerak. Bundan tashqari bolalar 1, 3, 6 va 12 yoshlarida ham profilaktik tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Xavf guruhidagi bolalarga masalan homiladorlik vaqtida onada anemiya, toksikoz, homilaning kattaligi, chanoq bilan joylashishi hamda displaziyadan aziyat chekadigan ota onalardan dunyoga kelgan bolalarga eʼtibor qaratish lozim. Displaziyaga shubha qilinsa kerakli tekshiruvlardan oʻtish buyuriladi.
Tashxisni aniqlashtirish uchun rentgenografiya va ultrasonografiya tekshiruvlari oʻtkaziladi. Erta yoshdagi bolalarda boʻgʻim elementlari togʻaydan iborat boʻladi va ular rentgenogrammada koʻrinmaydi. Shu sababli rentgenografiya usuli 3 oydan katta yoshdagi bolalarda oʻtkaziladi. Ultrasonografiya tekshiruvi erta yoshdagi bolalar uchun juda qulay hamda zararsiz hisoblanadi.
Kasallik tashxisi instrumental tekshiruv javoblari va umumiy koʻrik bilan birgalikda qoʻyiladi
Chanoq-son boʻgʻimi displaziyasi davosi
Davo muolajalari erta muddatlarda olib borilishi kerak. Bunda bolala oyoqlari ochilgan va bukilgan holda ushlovchi turli xil fiksatorlardan foydalaniladi: apparatlar, shinalar, stremenlar, shtanishkalar va maxsus yostiqchalar.
Erta yoshdagi bolalar elastik konstruksiyaga ega boʻlgan moslamalardan foydalangan yaxshiroq. Masalan Pavlikov stremenasi – koʻkrak qismga taqish uchun moʻljallangan moslama, bunda bolakay oyoqlari tashqariga ochilgan va tizza boʻgʻimida bukilgan holatda onaning koʻkrak qismida osilgan holatda turadi. Bu moslamaning qulayliklaridan yana biri bolakay oyoqlari harakati cheklanmasligidir.
Chanoq-son displaziyasini davolashda samarali usullardan biri mushaklarni mustahkamlovchi maxsus mashqlarni bajarishdir. Qoʻshimcha ravishda dumba sohasi mushaklari massaji ham buyuriladi.
Ogʻir holatlarda oyoqlarni kerakli holatda ushlagan holatda gipsli bogʻlam qoʻyiladi va boʻgʻim immobilizatsiya qilinadi. Bu kabi davo muolajasi 2 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan bolalarda oʻtkaziladi. 8 yoshgacha boʻlgan bolalarda son tortmaga olinadi. Agar ushbu chora tadbirlar foyda bermasa, jarrohilk amaliyoti bilan son boshchasi boʻgʻim yuzasiga tushiriladi.
Patologiya oqibati va profilaktikasi
Patologiyani erta muddatlarda aniqlash va davo muolajalarini boshlash natijasida kasallik oqibati ijobiy hisoblanadi. Kasallik qancha kech davolansa asoratlar boʻlish ehtimoli shuncha yuqori boʻladi. Chanoq-son displaziyasi profilaktikasi bolalarda patologiyani erta muddatlarda aniqlashdan iborat.
Malumotlar
Chanoq-son boʻgʻimi displaziyasi