Chala tug‘ilgan chaqaloqlar haqida to’liq ma’lumot oling

Chala tug‘ilgan chaqaloqlar haqida to’liq ma’lumot oling

Mundarija скрыть
Chala tug‘ilgan chaqaloqlar haqida to’liq ma’lumot oling
Bola dunyoga kelgandan boshlab jadal o‘sa boshlaydi. Bu davrda bolalar juda nozik bo‘lishadi. Ayniqsa muddatidan avval tug‘ilgan chaqaloqlar juda nimjon va zaif bo‘ladilar.
Muddatidan avval tug‘ilishga olib keluvchi xavf omillari sotsial-demografik (oilaning mustahkam emasligi, past ijtimoiy hayot, yosh oilalar) va tibbiy jihatdan (ilgari o‘tkazilgan abort, ko‘p marta farzand ko‘rish, homilaning gemolitik kasalliklari – rezus konflikt natijasida kelib chiqqan, onaning surunkali kasalliklari) bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bolaning muddatidan oldin tug‘ilishida kasb zararligi, zararli odatlar, homiladorlik vaqtida jismoniy va ruhiy jarohatlar ham sabab bo‘lishi mumkin. Chala tug‘ilgan bola deb, homiladorlikning 22 haftasidan 37 haftasigacha bo‘lgan oraliqda tug‘ilgan va tana vazni 500 gr.dan og‘ir bo‘lgan chaqaloqlarga aytiladi. Ushbu ko‘rsatkichlar JSST tomonidan kiritilgan.
Chala tug‘ilganlikning bir necha darajalari bor. Ularni darajaga bo‘lish tug‘ilgan bolaning tana vaznidan kelib chiqib belgilanadi. Agar bolaning tug‘ilgandagi vazni 1 kg.dan past bo‘lsa – ekstremal vaznli chala tug‘ilgan bola, 1,5 kg.gacha bo‘lgan bolalar – kam vaznli chala tug‘ilgan bolalar, 1,5 kg tug‘ilganlar esa – oddiy chala tug‘ilgan bolalar deb yuritiladi.
Chala tug‘ilgan bolalar qanday ko‘rinishda bo‘ladi?
Chala tug‘ilgan bolalarning tashqi ko‘rinishi, normal o‘z muddatida tug‘ilgan bolalardan farq qiladi. Teri osti yog‘ qavati chala tug‘ilgan bolalarda yupqa yoki umuman bo‘lmaydi. Teri qoplami nozik, to‘q qizil rangda, burishgan bo‘ladi. Kindik qorinning pastki sohasida joylashgan bo‘ladi, sog‘lom tug‘ilganlarda esa kindik qorinning markazida joylashadi. Ularning boshi tanasiga nisbatan juda katta, bosh chanog‘idagi birikmalar va kichik liqildoqlar ochiq holatda, katta liqildoq esa o‘lchami kichik, chunki suyaklar to‘liq o‘z joyiga tushmagan bo‘ladi. Quloq suprasi juda yumshoq. Tirnoqlar esa yupqa, barmoq falangalarini to‘liq qoplamaydi. Chala tug‘ilgan qiz bolalarda katta jinsiy lablar kichik lablarni to‘liq qoplamaydi va jinsiy oraliqda qizil rangli tirqishni ko‘rish mumkin, o‘g‘​il bolalarda esa moyaklar yorg‘oqqa tushmagan va yorg‘oqning o‘zi to‘q qizil rangda bo‘ladi. Kindikning ajralishi qiyin bo‘ladi va yara ham 8-9 kun ichida bitadi.
Chala tug‘ilgan bolalarda a’zolar tizimi homiladorlik vaqtida to‘liq shakllanmagan va funksional jihatdan yetilmagan bo‘lganligi sababli, tashqi muhitga moslashuvchanlik ham qiyinchilik bilan amalga oshadi. Sog‘lom, o‘z muddatida tug‘ilgan bolalar uchun xavf tug‘dirmaydigan kasalliklar, chala tug‘ilganlarda og‘ir kechishi mumkin.
Chala tug‘ilgan bolalarning asab tizimi
Bosh miyaning shakllanishi homiladorlikning erta muddatlarida boshlanadi. Shuning uchun muddatidan ancha ilgari tug‘ilgan bolalarda ham bosh miya qismlari shakllangan bo‘ladi, lekin miyaning o‘tkazuvchi tizimining yetilishi to‘liq bo‘lmaydi ya’ni – nerv tolalarining ustini qoplaydigan parda, melinizatsiya to‘liq shakllanmagan bo‘ladi, shu sababli turli a’zolarga nerv impulslari bormaydi va a’zolarning funksiyasida kamchiliklar kelib chiqadi. Melinizatsiya jarayoni postnatal (tug‘ilgandan keyin) davrda ham davom etadi. Sog‘lom, o‘z muddatida tug‘ilgan bolalarning miyasi ham tug‘ruq vaqtida kuchli zo‘riqishga uchraydi. Miya pardalariga tushadigan bosim kuchli bo‘lganligi sababli spazm holatlari, miyada qon aylanishining buzilishi, miyaga qon quyilishlar kelib chiqishi mumkin. Lekin, bunday jarayonlar chala tug‘ilgan bolalarda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Asab tizimi bilan bog‘liq muammosi bor, muddatidan avval tug‘ilgan bolalarda harakatlanish qobiliyati va mushaklar tonusi past, reflekslar kuchsiz yoki umuman yo‘q, qo‘l va oyoqlarning tortilib turishi, ko‘z olmasining tortilib qolishi va g‘ilaylik ham kuzatilishi mumkin.
Embrionlik davrda shakllanadigan eng asosiy refleks – so‘rish refleksi, chala tug‘ilgan bolalarda saqlangan, ammo kuchsiz bo‘ladi. Muddatidan juda erta tug‘ilgan chaqaloqlarda esa so‘rish refleksi bo‘lmasligi ham mumkin. Bunday bolalarda so‘rish refleksini rag‘batlantirish uchun maxsus chora tadbirlar o‘tkaziladi. Bunda og‘iz atrofi mushaklarini massaj qilish va maxsus so‘rish uchun shisha idishchalardan foydalaniladi.
Bundan tashqari, chala tug‘ilgan bolalarda termoregulyatsiya funksiyasi ham to‘la yetilmagan bo‘ladi: ular issiqlikni oson ajratishadi, ammo o‘zlarida hosil qilish va ushlab turishga qiynalishadi. Ularning ter ajratish bezlari funksiya bajara olmaydi va buning oqibatida bolalar qizib ketaverishadi. Shuni inobatga olib, chala tug‘ilgan bolalar maksimal darajada qulay sharoitda parvarish qilinadi, ular qizib ketishlari va sovuq qotmasliklari zarur. Shu kabi qulay sharoit neonotologiya bo‘limlaridagi maxsus belanchaklarda bo‘lib, u yerda doimo bir xil harorat saqlanib turadi (36 gradus). Chala tug‘ilgan bolalarning sezgi organlari bola tug‘ilgandan 1 kunidayoq ishlashni boshlaydi.
Chala tug‘ilgan bolalarda, o‘z muddatida tug‘ilgan bolalarga qaraganda ko‘proq sudorgilar (talvasa) beradi. Bunga sabab bosh miyaning organik zararlanishi, epilepsiya, baland tana harorati, moddalar almashinuvidagi o‘zgarishlar bo‘ladi. Ammo, o‘z muddatida tug‘ilgan bolalardagi talvasa holatlari chala tug‘ilganlarda bo‘ladigan sudorgilardan farq qiladi, masalan sog‘lom tug‘ilgan bolalarda talvasalar kloniko-tonik ko‘rinishda bo‘lsa (mushaklar qisqarishi, so‘ng uning bo‘shashish bilan davom etishi), chala tug‘ilgan bolalarda esa ko‘pincha klonik ko‘rinishda namoyon bo‘ladi, ya’ni mushaklar bo‘shashgan holatda. Har qanday sharoitda ham sudorgi (talvasa) holatlarini davolash talab etiladi, chunki talvasalarga sabab bosh miyada qon aylanishining buzilishi bo‘lib, keyinchalik miyaning zararlanishiga olib kelishi mumkin.
Chala tug‘ilgan bolalarda (ayniqsa ekstremal kam vaznli bolalarda) ko‘pincha bolalar serebral paraliji (shollik) kelib chiqadi. Bolalar serebral paraliji diagnozi bolaning 1 yoshida qo‘yiladi, ammo kasallikning belgilari bolaning tug‘ilishi bilan namoyon bo‘la boshlaydi, ayniqsa 3 oylik vaqtda yaqqol bilinadi. Agar bolada mushaklari sust, zaif, agar bola oyoq va qo‘llarini harakatlantira olmasa, 2-3 oylik massaj muolajalari o‘tkazilgandan keyin ham natija bilinmasa, bunday bolalar serebral paralij xavf guruhiga kiradi. Agar bolada o‘z muddatiga yarasha reflekslar hosil bo‘lmasa, motorikadan ortda qolsa – ularga bolalar serebral paraliji diagnozi qo‘yiladi.
Yuqoridagi asab tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarda, chala tug‘ilgan bolalar bilan nevropotolog mutaxassis shug‘ullanadi. Bunday bolalarga davolovchi massaj buyuriladi. Davolovchi massajni onalar mustaqil ravishda, uy sharoitida ham o‘tkaza oladilar, bu bola bilan bo‘lgan psixologik aloqani ham tiklashga yordam beradi va asab tizimi shakllanishini rag‘batlantiradi.
Chala tug‘ilgan bolalarning nafas olish tizimi
Chala tug‘ilgan bolalarda nafas olish sog‘lom, o‘z muddatida tug‘ilganlarga nisbatan ko‘proq bo‘ladi: bola tana vazni qancha kam bo‘lsa, ularning nafas olish soni shuncha ko‘p bo‘ladi.
Asab tizimi va lipidlar (yog‘) almashinuvining to‘liq shakllanmaganligi sababli, o‘pkada surfaktant moddasi hosil bo‘lmaydi. Surfaktant moddasi nafas olib chiqarishda alveolalarning yopishib qolmasligini ta’minlaydi. Ushbu modda yetishmaganligi sababli bolalarda ko‘pincha nafas kamchiligi sindromi kelib chiqadi va atelektaz rivojlanishiga olib keladi.
Atelektaz – o‘pkaning ma’lum bir qismining to‘liq shakllanmasligi yoki nafas olishda ishtirok etmasligidir. Buning natijasida chala tug‘ilgan bolalarda nafas yetishmovchiligi kelib chiqadi. Bunday bolalar sun’iy o‘pka ventilyatsiyasiga o‘tkaziladi va bu o‘pkaning o‘zi mustaqil ravishda ishlagunigacha davom etadi.
Nafas yetishmovchiligi fonida infeksion kasalliklar yuzaga chiqa boshlaydi (pnevmoniya) va bu bolaning umumiy ahvolini yana og‘irlashtiradi. Shuning uchun homilador ayollarda muddatidan oldin tug‘ishiga shubha qilinganda ularga glyukokortikoid preparatlar yuborilib, tug‘ilajak bolaning nafas olish tizimi a’zolarining rivojlanishini rag‘batlantiradi.
Chala tug‘ilgan bolalarda yurak-qon tomir tizimi
Barcha a’zolar tizimi kabi chala tug‘ilgan bolalarda yurak-qon tomir tizimi ham to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Izlanishlar aniqlashicha, har qanday tashqi ta’sirot natijasida yurak urishlar soni ko‘payadi, yurak tonlari kuchayadi va arterial qon bosimi oshadi. Normal homiladorlik vaqtida bolaning tug‘ilishigacha bo‘lgan davrda yurak va qon tomir tizimining barcha elementlari to‘liq shakllangan bo‘ladi va bola tug‘ilishga tayyor bo‘ladi. Chala tug‘ilgan bolalarda esa turli xildagi yurak anomaliyalari bo‘lib, yurak urishida va bolaning umumiy ahvolini og‘irlashtirishga sabab bo‘ladi. Yurak anomaliyalarini diagnostika qilish uchun UTT (UZI) exokardiografiya tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Yurak qon tomir tizimida kamchiligi bo‘lgan chala tug‘ilgan bolalarni tashqi ta’sirlovchilardan asrash kerak, masalan juda baland tovush, shovqinlardan.
Chala tug‘ilgan bolalar ovqat hazm qilish tizimi va ularni oziqlantirish
Chala tug‘ilgan bolalarning hazm qilish a’zolarida ham o‘ziga xos jihatlari bo‘ladi. Birinchi navbatda, bunday bolalarda hazm fermentlari yetishmovchiligi kuzatiladi. Ovqat hazm qilish tizimidagi bezlar yetarli miqdorda ferment ajratib chiqara olmaydi va oshqozon shirasi ham kam miqdorda sintezlanadi. Chala tug‘ilgan bolalar hazm tizimiga tushgan kichik miqdordagi miroorganizmlar ham bolada disbioz kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Sog‘lom bolalarda bu kabi bakteriyalar oshqozon shirasi ta’sirida o‘lib ketadi. Asab tizimi tomonidan kuzatiladigan kamchiliklar hisobiga ichaklarning motorikasi (harakatlanishi) susayadi, ovqat massasi ichaklarda turib qoladi. Ammo, muddatidan juda erta tug‘ilgan bolalarda ham sutni parchalovchi fermentlar qisman bo‘lsada ishlab chiqariladi. Shuning uchun chala tug‘ilgan bolalar uchun eng optimal ozuqa – ona sutidir.
Ona suti ozuqaviy jihatdan qulay bo‘libgina qolmay, tashqi muhit agressiv omillardan ham bolani himoya qiladi, ya’ni immunitet. Shuning uchun bola tug‘ilishi bilan intensiv terapiya bo‘limida yotgan bo‘lsa ham, so‘rish reflekslari shakllanmagan bo‘lsa ham ona sutini qabul qilishini ta’minlash kerak. Mana shu yo‘l bilan chala tug‘ilgan bolalarni o‘sishini rag‘batlantirish mumkin. Agar bolada umuman so‘rish refleksi shakllanmagan bo‘lsa, maxsus nazo-gastral zond orqali ona suti beriladi.
Chala tug‘ilgan bolalar suyak tizimi
Chala tug‘ilgan bolalar suyak tizimi to‘liq shakllangan bo‘ladi, lekin ularda suyaklanish jarayoni oxirigacha shakllanmagan bo‘ladi. Shuning uchun bunday bolalarga qo‘shimcha kalsiy elementi buyuriladi. Organizmda D vitamin fosfor va kalsiy yetishmovchiligi natijasida raxit kelib chiqadi. Chala tug‘ilgan bolalar xavf guruhiga kiradilar. Raxit – chala tug‘ilgan bolalarda tez yuzaga kelib chiqadi va belgilar yaqqol namoyon bo‘ladi.
Ayniqsa, chala tug‘ilgan bolalarda chanoq-son bo‘g‘imi to‘liq shakllanmagan bo‘lganligi sababli, bolalarda displaziya holati hisobiga chiqishlar va harakatlana olmaslik kuzatiladi.
Tug‘ilishga “shoshilgan” bolalar kelajagi nima bo‘ladi? Prognoz erta tug‘ilganlik muddatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar bola 33-haftadan keyin tug‘ilsa va tug‘ruqda jarohatlar olmasa, bolaning to‘liq rivojlanib ketishiga 70 kun atrofidagi muddat sarflanadi. Agar bola juda erta tug‘ilgan bo‘lsa maxsus shifoxonalar, neonotologiya bo‘limlarida parvarish qilinadi. Bunday bolalar doimo mahalliy pediatr nazoratida bo‘ladilar.
Amaliyotdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, chala tug‘ilgan bolalarni to‘g‘ri parvarishlab, qo‘shimcha kasalliklardan himoya qilinsa, bir yil davomida o‘z tengdoshlari kabi o‘sishda davom etadi.

Malumotlar
Chala tug‘ilgan chaqaloqlar