Buyumlar interneti nima degani? to’liq malumot oling

Buyumlar interneti nima degani? to’liq malumot oling

Insoniyat oʻz tarixida uchta axborot inqilobini amalga oshirgan. Birinchisi yozuvning kashf etilishi boʻlgan boʻlsa, ikkinchisi – kitob bosishning ixtiro qilinishi edi. Uchinchi axborot inqilobi esa Internet boʻlgan.

Hozirda internet orqali yozishmalar, videoqoʻngʻiroqlar va hatto savdo ishlarining amalga oshrilishi hamma uchun odatiy holga aylandi. Hatto hukumatlar ham oʻz vazifalarining muayyan qismini internet orqali bajarmoqda. Lekin global tarmoqning imkoniyatlari bu bilan ham cheklanib qolayotgani yoʻq. Qizigʻi shundaki, endi internetdan foydalanishni nafaqat odamlar, balki buyumlar ham “uddalaydigan” zamonga qadam qoʻymoqdamiz.

Ha, hayron boʻlmang. Aslida, internetdan foydalanadigan buyumlar zamonasi allaqachon boshlangan. Shu sababli ham bu soha “buyumlar interneti” deb nom olgan boʻlib, axborot texnologiyalari evolyutsiyasi bir kun kelib bu jarayonga kirishishi, albatta, tabiiy hol edi.

buyumlar interneti nima degani 1

Kevin Eshton / en.wikipedia.org

“Buyumlar interneti” konsepsiyasi hamda bu atamaning oʻzi dastlab 1999-yilda Massachusets texnologik instituti xodimi Kevin Eshton tomonidan oʻrtaga tashlangan edi. Unga koʻra, biz kundalik turmushda foydalanadigan eng oddiy roʻzgʻor buyumlari, masalan, choynak, eshik qulfi, muzlatkich singarilardan tortib, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan texnik vositalar, masalan, koʻcha chiroqlari, eskalatorlar, avtomobil toʻxtash joylari (parkovka) va shahar xavfsizlik xizmatlarigacha yoki tibbiyotda qoʻllanadigan yuqori texnologik qurilmalar, masalan, kardiostimulyatorlardan boshlab ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishgacha boʻlgan barcha-barcha jabhalarni internet bilan qamrab olish koʻzda tutilgan. Yaʼni mazkur sohalarda buyumlar odam ishtirokisiz ham internet orqali oʻzaro “muloqot qilishi” nazarda tutiladi. “Buyumlar interneti” deyilishning sababi ham shunda.

buyumlar interneti nima degani 2

Jon Romki / github.com

Qayd etish joizki, buyumlar orasida internet orqali muloqotga kirishgan eng birinchi buyum bu yana oʻsha Massachusets texnologik institutining bitiruvchisi Jon Romkining tosteri boʻlgan edi. 1990-yilda Romki TCP/IP protokoli orqali ushbu buyumni tarmoqqa ulagan va undan masofadan turib foydalanishga kirishgan. 2008-yilda esa internet endi haqiqatan ham “buyumlarniki” boʻlib qoldi. Chunki oʻsha yili internetga ulangan buyumlar soni internetga ulangan odamlar sonidan oshib ketgan edi. Bu raqam borgan sari oʻsishda davom etdi va 2018-yilga kelib, jahon boʻylab tarmoqqa ulangan buyumlar soni endilikda telefonlar sonidan ham oʻzib ketgani iddao qilinmoqda.

Xoʻsh, bundan maqsad nima?

Odamzodni internetga buyumlarni ulash va ularni boshqarishda internetdan foydalanishga undaydigan ikki xil omil mavjud. Birinchisi va eng dastlab namoyon boʻlgani bu – erinchoqlik. Balki, Romki ham tosterni oʻrnidan turmay, yotgan joyida ishga tushirib, tayyor nonushtaga chiqishni maqsad qilgandir. Tasavvur qiling, siz oshxona buyumlaringizni internetga ulaysiz va kun tartibingizdan kelib chiqib, ularga qandaydir ssenariylar yuklab qoʻyasiz. Ular esa internet orqali oʻzaro muloqot qilib, sizga, masalan, ertalabki soat 6:00 uchun avvaldan choy qaynatib turadi, deraza pardalarini koʻtaradi, xonani shamollatib, televizorni kerakli kanalga ulab, yoqib qoʻyadi. Zoʻr-a, toʻgʻrimi? Bu – buyumlar internetining birinchi koʻzlagan muddaosi.

Ikkinchi jihat esa ancha jiddiy va u xavfsizlik masalalari bilan bogʻliq. Tayinki, ayniqsa, ayollar koʻp bora allaqachon uydan chiqib boʻlgandan soʻng miyasiga lop etib uradigan “Dazmolni oʻchirmay chiqqan boʻlsam-a”, – degan holatga tushishgan. Baʼzilarda esa uydan suv toshirib yuborib, pastki qavatdagi qoʻshnilarni ham qiynab qoʻygan holatlar boʻlgan. Buyumlarni internetga ulash bunday salbiy holatlarning oldini olishga va kishiga xotirjamlik bagʻishlashga ham xizmat qiladi. Oʻsha dazmolni basharti oʻchirmay chiqqan boʻlsangiz ham, uni masofadan turib, telefoningiz orqali oʻchirib qoʻyishingiz mumkin. Yoki shunday ssenariy qilasizki, aytaylik, dazmolga ikki daqiqadan koʻp qoʻl tekkizilmasa, avtomatik ravishda oʻzini oʻzi tokdan oʻchirsin. Suv toshib ketsa ham bu jarayonni qayd etgan datchiklar internet orqali uyga kiraverishdagi quvurdagi ventilni yopishga buyruq berishi mumkin.

Bundan, albatta, siz ham bexabar qolmaysiz (chunki datchik sizga internet orqali muloqotga chiqib, suv toshgani haqida xabar beradi. Shu bilan birga ventil ham sizga aloqaga chiqib, suvni kirishdan berkitganini bildiradi). Bular oddiy, maishiy misollar. Masalan, buyumlar internetiga ulangan kamerani xonadoningiz oldiga oʻrnatsangiz, uyingizga “chaqirilmagan mehmon” kelishi bilan u oʻz oʻzidan ishga tushib, poygakdagi odamni suratga yoki videoga tushiradi va sizga yuboradi. Agar oʻsha begona shaxs eshikni ochishga urinsa bu haqida ham kamera eshik qulfiga xabar berib, qoʻshimcha himoya vositalarini ishga jalb qilishi va hatto “02” ga oʻzi qoʻngʻiroq qilishi mumkin. Bularning barchasi inson ishtirokisiz, buyumlarning oʻzi tomonidan internet orqali bajariladi. Energiya tejamkorligi borasida ham buyumlar interneti yaxshi samara berishi mumkin. Masalan, siz xonada boʻlgan paytingizda, konditsioner sensori sizning borligingizni oʻzi sezib, oʻzi ishga tushadi va sovita boshlaydi. Isitish va yoritish tizimini ham shunday sozlash mumkin. Xullas, bu borada buyumlar interneti odamga juda koʻp imkoniyatlar taqdim etadi va ulardan qanday foydalanish, odatda, odamning oʻz fantaziya darajasi bilan cheklanadi xolos.

buyumlar interneti nima degani 3

Aqlli uy / freepik.com

Biz yuqorida aytgan jarayon, yaʼni buyumlar internetini xonadonlarda qoʻllash hozirda “Aqlli uy” deb nomlanadigan tushuncha ostiga birlashtirilgan. Bu jarayonning nisbatan yirikroq va muhimroq koʻrinishi “Aqlli shahar” konsepsiyasida namoyon boʻlishi mumkin. Masalan, bunda shaharning ijtimoiy ahamiyatga ega muhim qismlari transport vositalari, svetoforlar, xavfsizlik tizimlari va hokazolarning texnik vositalarini ham buyumlar internetiga ulash mumkin.

Masalan, svetoforlar va avtomobilingiz internet orqali muloqot qilsa, sizga mashinangizdagi sensorli ekran shaharning qaysi koʻchalari tirband va qaysi koʻchalari nisbatan holi ekanini koʻrsatib borishi mumkin. Ofisingiz ham “aqlli ofis” tizimida loyihalangan boʻlsa, masalan, mashinangiz ofisga yetishga ikki daqiqa qolganda oʻzi internet orqali xonangizdagi chiroqqa, konditsionerga, noutbukka sizning kelishingiz haqida xabar beradi. Ular esa ishga tushib, xonaga kirishingizga tayyor turadi. Sizga bu gaplar ertakdek tuyulayotgan boʻlishi mumkin. Lekin ishoning, bu koʻz oʻngimizda boʻlib turgan reallikdir. Sizga bu hali uzoq kelajakdek ham tuyulishi mumkin. Biroq bir paytlar ota-bobolarimiz ot-aravalar zamonasidan avtomobillar davriga qadam qoʻyishganidek, endi biz ham oddiy buyumlardan internet orqali oʻzaro muloqot qila oladigan “aqlli” buyumlar zamonasiga kirib kelmoqdamiz. Hozirda buyumlar interneti istiqboli porloq bozor boʻlishi bilan birgalikda, bu bozorni shiddat bilan rivojlanishdan toʻsib turgan ayrim muammolar mavjud. Birinchidan, hali buyumlarni internet orqali oʻzaro muloqot qilishi uchun yagona xalqaro standartning ishlab chiqilmagan. Natijada buyumlarni internetga ulash imkonini beradigan qilib chiqarayotgan aksar ishlab chiqaruvchilar oʻz bizneslarini himoya qilish maqsadida mahsulotlarni qandaydir xos yopiq protokollarda ishlaydigan qilib, ichki standartlar asosida chiqarishmoqda. Bu esa uydagi hamma internet buyumlarni faqat oʻsha firmadan olishga majbur qilishga moʻljallangan. Lekin bu hol uzoqqa bormasligi aniq. Chunki bozor bunday oʻyinlarni yoqtirmaydi. Lekin buyumlarning internet tilini standartlashtirishga qaratilgan dastlabki muvaffaqiyatli urinishlar allaqachon amalga oshirilgan. Masalan, hozirda koʻplab ishlab chiqaruvchilar Z-wave texnologiyasiga bogʻlana oladigan buyumlarni ishlab chiqarishga oʻtishgan. Buyumlar internetining ommalashishiga hozircha toʻsqinlik qilayotgan eng katta omil esa internetli buyumlarning hozircha biroz qimmatligidir. Biz yuqorida taʼriflagan “aqlli uy” sistemasidagi minimal toʻplam, masalan, oʻzi ishga tushadigan chiroq, eshik qulfi, kamera va suv toshishini aniqlovchi datchikdan iborat toʻplam oʻrtacha 200$ atrofida boʻlib, sistemani yanada kengaytirish yana ham xarajatlarning koʻpayishiga olib keladi.

Lekin bir paytlar kompyuterlar favqulodda qimmat boʻlib, keyinchalik, masalan, bir necha barobar arzon boʻlib ketgani singari internetga ulana oladigan buyumlar ham tobora arzonlashishi tabiiy. Chunki buyogʻiga ishlab chiqaruvchilar orasida raqobat aynan shu yoʻnalishda ketadi. Axir “Artel” konditsionerining ham reklamasida uning wi-fi bilan ishlashi bejizga urgʻu bilan taʼkidlanmagan.

Xullas, buyumlar interneti hali ufq ortidagi uzoq masofada emas. Bu soha shiddat bilan rivojlanish bosqichiga oʻtgan. Tayyor turing! Uyda pishloq qolmaganini sizga xotin emas, muzlatkich xabar qiladigan payt yaqin .

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Buyumlar interneti — bu nima degani o‘zi?
Muqova surat: freepik.com

Boshqa mavzular
Buyumlar interneti nima degani?