BUYRAK USTI BEZLARI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
BUYRAK USTI BEZLARI haqida malumot bilib oling.

BUYRAK USTI BEZLARI (glandula syprarenalis) — odam va umurtqali hayvonlarning ichki sekretsiya bezi; ikkala (oʻng va chap) buyrak ustida joylashgan juft bez (nomi shundan kelib chiqqan). Uning oldi, orqa va pastki yuzalari farq qilinadi, ogʻirligi 3 — 5g. B. u. b. tashqi—poʻstloq qavati (adrenokortikal bez) va ichki — magʻiz qavati (adrenal bez)dan iborat boʻlib, har ikkala qavat strukturasi va funksiyasi alohida ichki sekretsiya bezlari hisoblanadi. Poʻstloq qavati kimyoviy tuzilishiga koʻra steroidlar qatoriga kiradigan, taʼsiri jihatdan farq qiladigan 3 xil gormon ishlab chiqaradi, shiralari konga shimiladi. Mineralokortikoidlar (aldosteron, kortikosteron, dezoksikortikosteron) — mineral almashinuvini boshqaradi, bularning eng faoli aldosteron organizmda suvtuz almashinuvi jarayoniga taʼsir etadi. Gl yukokortikoidlardan gidrokortizon oqsil, yogʻ va uglevod almashinuvida qatnashadi, organizmning kasallikka qarshilik kuchini oshirib, yalligʻlanishning tez tuzalishiga olib keladi. Buyrak usti bezlari poʻstloq kavatining jinsiy gormonlari — androgenlar va estrogenlar jinsiy bezlar faoliyatini boshqaradi, bolalik davrida jinsiy aʼzolarning rivojlanishini taʼminlaydi; balogʻat yoshiga yetganda bu gormonning ahamiyati kamayadi. Buyrak usti bezlari magʻiz qavatida adrenalin va noradrenalin gormonlari ishlanadi. Ular nerv oxirlariga taʼsir etib, yuraktomir sistemasi ishini tartibga solib turadi. Buyrak usti bezlarining shikastlanishi turli kasalliklar (mas, Bronza kasalligi)ga olib keladi. Buyrak usti bezlari faoliyatini nerv sistemasi va bosh miya poʻstlogʻi idora etadi.

Ensiklopediya.uz
BUYRAK USTI BEZLARI