Buxoro amiri Muzaffarxonga uning amaldori Usmonbek to‘qsabo nega xiyonat qildi? haqida to’liq ma’lumot oling
Post Views:
731
Yoxud Usmonbek to‘qsaboning jangdagi jumboqli chekinishi haqida
Barcha buxoroliklarni dahshatga solgan bu voqea 1866 yilning muborak Rajab oyi oltinchi tunida sodir bo‘ldi. Tun yarimlab qolganida osmon gumbazidagi barcha yulduzlar olovli dum hosil qilganicha yerga tutdek to‘kila boshladi.
Yulduzlar yomg‘iri tonggacha davom etib, bomdod namozini o‘qish uchun uyg‘ongan buxoroliklarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula soldi. Zeroki, Qur’oni Karimning Takvir surasida “quyoshning o‘ralib nursizlanib qolishi, yulduzlar ham o‘z falaklaridan to‘kilishi qiyomat yaqinlashganida” ro‘y beradigan o‘n hodisaning biri sifatida izohlanadi. Ertasiga esa Buxoroga holdan toyib yetib kelgan chopar rus qo‘shinlari Jizzax qo‘rg‘onini ishg‘ol qilganliklarini, musulmonlarning qoni daryo bo‘lib oqqanini ma’lum qildi.
Jizzax qo‘rg‘oni chorizm qo‘shinlari Markaziy Osiyoda ishg‘ol qilgan birinchi aholi maskani emas edi. Hali 1860 yildayoq rus podshosi farmoni bilan yurishga chiqqan rus askarlari Markaziy Osiyodagi dastlabki qo‘rg‘on – To‘qmoqni ishg‘ol qilishdi. 1863 yil Sirdaryo bo‘yidagi So‘zoq qal’asi rus polkovnigi Chernyaev boshchiligidagi qo‘shin tomonidan egallandi. Keyinchalik Oq machit, Avliyoota, Chimkent va Toshkent shaharlari birin-ketin bosib olindi. Navbat Buxoro amirligiga kelmoqda edi. Buni his qilgan ulamo va umaro Nasrulloxonning vafotidan keyin taxtga chiqqan uning o‘g‘li Muzaffarxondan dushmandan himoya qilish uchun amaliy tadbirlarni talab qila boshladilar.
Shuni ta’kidlamoq lozimki, Muzaffarxon taxtga o‘tirgan dastlabki yillarida otasi yaratgan harbiy kuch-qudratdan foydalanib, amirlik hududini Hisordan Boljuvongacha, Qo‘qondan Nasafgacha kengaytirib, Arkdagi xazinani dahlsiz saqladi. Ammo rus qo‘shinlari sobiq Qo‘qon xonligining anchagina qismini bosib olganliklari to‘g‘risida xabarlar kelishiga qaramay xotirjam taxtida o‘tirib, ayshu ishratini surdi, erta-indin xuddi shunday qismat uning ham saltanatini kutishini o‘ylamadi. Vaholanki, fuqarolar hukmdordan g‘ayridinlarga nisbatan g‘azot e’lon qilinishini istamoqda edi.
Ahvol shu darajaga borib yetdiki, Arki oliy olomon tomonidan qurshab olinib, Amir janobi oliylari qo‘rg‘onidan chiqa olmay qoldi. Bir safar amir hazratlari katta qo‘shin himoyasida qasrdan chiqib, dushmandan najot istab Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilgani yo‘lga chiqqanida olomon yo‘lini to‘sib hukmdor karvoni G‘ijduvon sari burilish va Abduxoliq G‘ijduvoniy maqbaralarini ziyorat qilish bilan cheklanishga majbur bo‘ldi. Buxoroga qaytish paytida yana yo‘lni to‘sgan olomon uni shu yaqindagi xonadonlarning biriga kirib yashirinishga majbur qildi. Xonaning ichiga toshga o‘rab tashlangan maktubda xaloyiq vakillari darhol ruslarni Turkistondan quvib chiqarishni talab qilishgan, agar amir janoblari buning tadbirlarini ko‘rmasa o‘zi toshbo‘ron qilib o‘ldirishi ma’lum qilingan edi…
Shundan keyin Muzaffarxon Arkdagi xazinani ochib, Jizzax qo‘rg‘oni mudofaasini mustahkamlash ehtiyojlariga 100 ming tilla tangani safarbar qildi. Shu mablag‘ hisobiga Jizzax qo‘rg‘onini himoya qiluvchi ikkinchi mustahkam devor ko‘tarildi, devor oldidan chuqur choh qazildi.
Rus qo‘shinlarining qo‘mondonligi bu tayyorgarliklardan yaxshi xabardor edi. Shuning uchun fursatni qo‘ldan bermay 1866 yilning yanvarida general Chernyaev boshchiligidagi olti rotadan iborat piyoda askarlar va olti yuz kazak hamda 16 ta zambarak bilan Toshkentdan Jizzax sari yurishni boshladi. Qo‘rg‘on ostonalarida bir necha kun davomida qattiq janglar bo‘ldi. Ruslar qo‘rg‘onni ishg‘ol qila olishmadi. Zominlik Jiyanxo‘ja to‘qsabo boshchiligida qo‘rg‘on himoyachilari kutilmagan vaqtda darvozalardan birini ochib, rus qo‘shinlariga qattiq hujum qilishdi va ularni uzoqqacha quvib borishdi.
G‘alabadan ilhomlangan Muzaffarxon ruslarni Turkistondan ham quvib chiqarish maqsadida mamlakatda umumiy harbiy safarbarlik o‘tkazib, deyarli yuzming kishilik qo‘shin to‘pladi. Ammo qurol-yarog‘ yetishmasligi sabab ko‘pchlik qo‘lbola nayzalar va tayoqlar bilan qurollangan holda Jizzax sari safarga chiqdi. Qo‘shinga Muzaffarxonning shaxsan o‘zi rahbarlik qildi.
Amir qo‘shinlari Jizzaxdan o‘tgach, Sirdaryo o‘zaniga yaqin Sassiqko‘l mavzeyiga yetib, bu yerda ikkiga bo‘lingan va Toshkent hamda Chordarani dushmandan ozod qilish uchun yo‘lga chiqdi. Afsuski, Muzaffarxon dushmanni osonlik bilan yengishga umid bog‘ladi, yurishga rahbarlik qilish o‘rniga saflar ortidan borib, shaxmat o‘yini bilan dilxushlik qildi. Rus qo‘mondonligi esa yurishdan xabar topib, Buxoro qo‘shinlariga qarshi general Romanovskiy boshchiligida yigirma sakkizta zambarak va zamonaviy qurol-aslahaga ega bo‘lgan o‘n to‘rt piyoda askarlar rotalarini, besh yuz nayzalik kazak otryadlarini peshvoz chiqardi.
1866 yil 8 may kuni Sassiqko‘l yaqinidagi Erjara darasida ikki o‘rtada qattiq jang bo‘ldi. Tabiiyki, deyarli qurol-yarog‘siz dushmanga ro‘para chiqqan buxoroliklar mag‘lub bo‘lishdi. Jang maydoni shahidlar jasadlari bilan to‘lib ketdi. Muzaffarxon mavjud qurol-yarog‘ zahiralarini ham dushman ixtiyoriga tashlab qochib ketdi. Buxoroliklarning 22 ta zambaragi, 670 pud porox, 220 ming miltiq o‘qlari ruslarga o‘ljaga qoldi. Muzaffarxon esa shu qochganicha qattiq jangu jadallarning tomoshabini bo‘lib qoldi. Endi har bir qo‘rg‘onning taqdiri uning himoyachilari jasoratiga bog‘liq edi.
Ruslar dushman sarosimaga, hujumni davom ettirishga qaror qilishdi. 1867 yil bahorida Turkiston general-gubernatori farmoni bilan qo‘shinlar Buxoro amirligi hududidagi yirik shaharlarni zabt etish uchun turli yo‘nalishlar bo‘ylab yurishga safarbar qilindi. 19-maydan 20-mayga o‘tar kechasi ular Xo‘jand qo‘rg‘onini zambaraklardan o‘qqa tutib, devorlariga shikast yetkazgach, shahar ichkarisiga bosib kirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ko‘cha janglarida 20 mingdan ziyod xo‘jandlik himoyalichilar halok bo‘lishdi. Oradan bir hafta o‘tgach, Xo‘janddan Janubdagi Nav qo‘rg‘oni ham shunday ishg‘ol qilindi.
Oktyabrning dastlabki kunlarida general Krijanovskiy boshliq rus qo‘shinlari O‘ratepa qo‘rg‘onini egallab, 11-oktyabrda yana Jizzax ostonalariga kelishdi. Ruslar birinchi navbatda Jizzaxliklarni suv manbaidan kesib, qo‘rg‘onga oqib keladigan anhorni boshqa tomonga burib yuborishdi. Shunday bo‘lishiga qaramay, himoyachilar bir hafta davomida dushman bilan qattiq olishdilar. Voqeanavislarning yozishlaricha, rus qo‘shinlari shaharga bosib kirishga muvaffaq bo‘lganlarida istehkomlarning usti o‘liklar va yaradorlar bilan to‘lib ketgandi. G‘oliblarni hayratga solgan narsa, yaradorlarning barchasi og‘riqqa chidab, faqat ichmoq uchun bir qultum suv so‘rashi edi.
Xuddi shu vaqtda Samarqandda shaharni dushmandan himoyasini tashkil qilish o‘rniga fuqarolar o‘rtasida urush boshlangan edi. Shahar hokimi Sherali inoq bilan Samarqandlik ulamolar o‘rtasida nizo chiqib, hokim boshchiligidagi shialar sunniylarga hujum qilishdi. Ikki o‘rtada katta xunrezlik bo‘lib, bundan foydalangan ruslar shahar devorlariga yaqin kelishdi. Mag‘lubiyat alamini chekib, es-hushini yig‘ishga ulgurgan Muzaffarxon ming sarboz, sakkiz ming turkman chavandozi, shaxsiy gvardiyasidagi 250 afg‘on askari, 15 ming Buxorolik ko‘ngilli bilan yangi qo‘rg‘on yaqinida ruslarga orqadan hujum qilib, Samarqandliklar o‘zaro nizoni bartaraf qilib, o‘zlarini o‘nglab olishlariga imkon yaratdi.
Yangiqo‘rg‘on yaqinidagi qattiq janglarda ruslarning qo‘li yana baland keldi. General Abramov boshliq rus askarlari 1867 yilning 5 iyulida buxoroliklar safini parokanda qilib, Yangiqo‘rg‘onni ishg‘ol qilishdi. Turkiston general-gubernatori Kaufman boshliq qo‘shinlar esa bu orada Samarqandni ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lishdi.
Amirlikning eng yirik shahri dushman qo‘liga topshirilgani Muzaffarxonni yana iztirobga soldi. U “Olloh Samarqand shahrini dushmanga topshirgandan ko‘ra, mening jonimni olishi ma’qul edi”, – deya yig‘lagan ekan. Shundan keyin qisqa muddatda rus qo‘shinlari Urgut va Kattaqo‘rg‘onni ham ishg‘ol qilib, Buxoro poytaxtiga yaqin kelib qolishdi. Dushman ustunligini tan olib, tinch muzokaralar olib borishdan boshqa iloj qolmagandi.
Ahmad Donish mang‘it sulolasining tarixiga bag‘ishlangan risolasida naql qilishicha, o‘shanda Turkiston general-gubernatori Kaufman Muzaffarxondan ruslar urushda ko‘rgan talofatlar evaziga 170 ming tilla tanga tovon puli to‘lashni va amirlikning rus imperatoriga qaramligini tan olish masalasini qo‘ydi. Amir sulhning bunday shartlarini qabul qila olmas edi. Ulamo hamon buxoroliklarni g‘azotga ko‘tarib, bosqinchilarga qarshi kurashni davom ettirishni talab qilmoqda edi. Ularning da’vati bilan nayza va boltadan boshqa qurollari bo‘lmagan minglab g‘azotchilar Cho‘li Malik qo‘rg‘oni atrofida to‘planishdi.
Muzaffarxon mashvarat uchun barcha amaldorlar va sarkardalarni Arki oliyga to‘pladi. Obro‘-e’tiborli amaldorlardan biri bo‘lgan Usmonbek to‘qsabo bir vaqtlar rus amaldorlari zulmidan Buxoroga qochib kelgan rus kazaklaridan edi. U ham bu yerda qo‘lini halol qilib, musulmonlikni qabul etgan va amirlikda yuksak lavozimlardan biriga munosib topilgan edi. Uning tarafdorlari ta’sirida Muzaffarxon qaytadan urushga hozirlik ko‘ra boshladi.
Ruslar ishg‘ol qilgan Kattaqo‘rg‘ondan o‘n ikki chaqirim janubdagi Zirabuloq tepaliklari atrofida o‘n besh ming turkman chavandozi, olti ming piyoda askar to‘planib, ular ixtiyoriga amir aslahaxonasida qolgan o‘n to‘rtta zambarak berildi. Qo‘shinlar ikki guruhga ajratilib, biriga Usmonbek to‘qsaboning o‘zi, ikkinchisiga Xo‘ja to‘qsabo lashkarboshilikka tayinlandi.
Muzaffarxon lashkar huzuriga borib, himoyachilarga shunday murojaat qildi:
– Biz Amir Temur hazratlarining avlodlari bo‘lamiz. Shunday ekan, Buxoroi Sharif yerlarini g‘ayridinlardan qaytarib olish sharafli burchimizdir!
Hukmdor bu qutlug‘ kurashda halok bo‘lganlar xotirasiga kelajakda jang maydonida buyuk bir maqbara barpo qilinishini, dushmanga berilishi kerak bo‘lgan 175 ming tilla tanganing esa 125 mingtasi bu muqaddas jangda shahid bo‘ladiganlarning oila a’zolari o‘rtasida taqsimlanishini ma’lum qildi. Uning bu so‘zlari sharafiga zambarakdan o‘qlar otildi. Bunday otashin da’vatlardan keyin himoyachilarning safi ko‘ngillilar hisobidan 50 ming kishidan ortdi. Ular ketma-ket turgan ikki safga uyushib, bosqinchilar yo‘lida qalqon bo‘ldilar.
General Kaufmanning qo‘shinlari bu vaqtda Zirabuloq tepaligiga yetib kelib, ikki o‘rtada qaqshatqich jang natijasida bir yarim ming rus askari halok bo‘ldi. Ikkinchi to‘qnashuvda dushman talofoti yanada ko‘p bo‘ldi. G‘alaba lahzalariga yaqin qolgan edi. Lekin shu paytda Usmonbek to‘qsabo shohkarnay orqali himoyaning chap qanotida turgan o‘z qo‘shinlariga chekinishga buyruq berdi. Oqibatda jangovar saflar buzilib, dushman buxoroliklarni tepalikdan haydab tushirishga muvaffaq bo‘ldi.
Usmonbek to‘qsabo o‘shanda jangning hal qiluvchi paytida nega chekinishga buyruq berganligi hamon jumboq bo‘lib qolmoqda. Tarixchi olimlarning aksariyati bu xiyonat natijasi, deb hisoblashadi. Balkim general Kaufman sobiq qochoq kazak ko‘ngliga yo‘l topib, imperator hazratlari uning gunohidan kechishini, katta boylikni va’da qilgandir, yohud bunga boshqa sabab bordir. Qanday bo‘lmasin, Usmonbek to‘qsabo o‘sha mag‘lubiyatdan keyin sarbozlar tomonidan qo‘lga olinib, Muzaffarxon farmoni bilan sotqin sifatida Ark maydonida osib o‘ldirildi. Lekin, mustamlakachilarga nisbatan qarshilik harakati shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Ko‘p o‘tmay general Kaufman qo‘shinlari Samarqandni tark etganliklaridan foydalangan shaharliklar qo‘zg‘olon ko‘tarib, mahalliy ma’murlardan g‘ayridinlarga qarshi himoyani tashkil etishni talab qilishdi. Qo‘zg‘olonchilarga shahrisabzlik Jo‘rabek va Bobobek qo‘shinlari ham kelib qo‘shilishdi. Bosqinchilardan xalos bo‘lish uchun yana bir imkoniyat tug‘ildi. Biroq, qo‘zg‘olonga umumiy rahbarlik yo‘q edi. Shahrisabzlik sarkardalar ularga notanish shahar himoyasini tashkil qila olmadilar, rus ma’murlariga sodiq qolgan mahalliy rahbarlar esa bu safar ham Samarqandni dushman qo‘liga topshirishni afzal ko‘rishdi.
Najot yo‘li qolmagan edi. 1868 yilning 23 iyunida Muzaffarxon rus ma’murlari bilan sulh shartnomasini tuzish maqsadida o‘z vakillarini Samarqandga yubordi.
General Kaufman ikki o‘rtada sulh tuzilmasa, hali yana ko‘p yillar ikki tomondan ham xunrezliklar davom etishini yaxshi tushunardi. Ruslar Buxoro amirligi hududi madaniy qismining asosiy ulushini ishg‘ol qilib, maqsadlariga erishgan edilar. Shuning uchun ruslar tovon pulini qisman kamaytirishga rozi bo‘lishdi. Tuzilgan sulh shartnomasiga binoan, imperator hazratlari hazinasiga Arkdagi zahiradan 125 ming tilla tanga topshirildi. Amirlik hududidagi Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Zarafshon daryosi yuqori oqimidagi barcha yerlar Rossiya tarkibiga o‘tdi. Shartnomaga asosan, rus savdogarlariga Buxoro amirligi hududi bo‘ylab erkin harakat qilish, ko‘chmas mulkni xarid qilish va unga egalik qilish huquqlari berildi.
Muzaffarxon esa qaram yurt hukmdori sifatida xorijiy mamlakatlar bilan mustaqil diplomatik aloqalar qilish huquqidan mahrum etildi.
Hukmdor qaramlikka tez ko‘nikib qolib, chor ma’murlarining barcha talablarini bekamu ko‘st bajardi. Ammo bir qator erkparvar beklar, shu jumladan amirning to‘ng‘ich o‘g‘li To‘rabek esa isyon ko‘tardi. To‘rabek, Bobobek, Jo‘rabek o‘z ixtiyorlaridagi Qarshi, Shahrisabz, Kitob bekliklarida xalqni qo‘lga qurol olishga da’vat etib, amir janoblarini xoinlikda ayblashdi. Ularga qarshi lashkar boshlab borgan Muzaffarxon isyonchilarni yenga olmadi. Shundan keyin u amirlikning tog‘lik hududlarida tartib o‘rnatish uchun general-gubernator Kaufmanga yordam jo‘natdilar. 1870 yilning yozida isyonchilar tor-mor etildi. Shundan keyin Muzaffarxon boj va xirojlarni ko‘paytirib, ancha bo‘shab qolgan xazinani qayta to‘ldirish taraddudini ko‘ra boshladi.
Biz qisqacha bayon qilgan bu dahshatli voqealarning bevosita guvohi bo‘lgan Ahmad Donish o‘zining “Mang‘itlar sulolasining tarixi” risolasida, Abdulazim Somiy Bo‘stoniy “Tuhfai shoh” asarida kelgusi avlodlar ogoh bo‘lishi uchun batafsil yozib qoldirishgan.
Xususan, Mirzo Somiy bu voqealar to‘g‘risida shunday deb yozgan: “Shu narsa dono voqeanigorlar, odil zotlardan maxfiya pardasi ortida yashirin qolmasinkim, bu mamlakatda davlat va musulmonlar jamoasi inqirozining sababiyati, ayrim o‘tkir aql va kordon kishilar aniqlaganlaridek, amir Nasrullo taxtga chiqqan davridayoq, zuhur bo‘lgandur. Ular fikricha, buning eng birlamchi sababi amir o‘rnatgan tartibda, ya’ni razil – jirkanch odamlarga homiylik, munosib-muhtaram kishilarni oyoq osti qilmoqlikdan iborat tartibdadur. Biroq, mazkur badbaxt tartib-qonunlar ko‘chati marhum amir Muzaffarning sug‘orib parvarish etib turishi tufayli ildiz otib, meva tugdi. Hozirgi oliymaqom hukmdorning tinch osoyishta davrida esa ul daraxt meva berib, soyasi quyuqlashib, ushbu tartibot odatiy bir holga aylanmishdir”.
Mirzo Somiy bu yerda Muzaffarxonning taxtga o‘tirgan o‘g‘li Abdulahadxonni nazarda tutmoqda, albatta. Muallif asarining davomida naql qilishicha, yangi hukmdor xalqning erkini qaytarish o‘rniga o‘z maishatini o‘yladi. Bosqinchilarga ham xuddi mana shunday hukmdor maqbul edi.
Bu yerda Qur’oni Karimning Mulk surasini eslamoq joizdir. Unda naql qilinishicha, Alloh yulduzlarni uch maqsadda – osmonga ziynat, shaytonga otiladigan tosh, bandalariga yo‘l ko‘rsatuvchi alomatlar sifatida yaratgan ekan. Parvardigor 1866 yilning muborak Rajab oyining oltinchi kunida Buxoroi Sharif uzra yulduzlar jalasini quyib, iymon-e’tiqodni unutish katta kulfatlar olib kelishidan ogoh etmaganmidi?! Lekin bu narsa mang‘itlar sulolasi so‘nggi hukmdorlarini hushga keltirmadi. Ular shaytonga tosh otish o‘rniga hamon o‘z maishatlarini o‘ylamoqda edilar.
Rus imperatori Aleksandr III Muzaffarxon vafotidan keyin Buxoro taxtiga o‘tkazilgan Abdulahadxonga o‘z farmoni bilan general unvonini berdi. Yaltada amirning muhtasham yozgi saroyi qurilishini boshlashiga ruxsat etildi. Buxoroda jazirama issiqlar boshlanishidan ancha ilgari Abdulahadxon Arkdagi xazinadan botmon-botmon tilla tangalarni olib, eng yaqin mulozimlari bilan Qoradengiz bo‘yiga oshiqib, rus hurliqolari bilan ayshu-ishrat qilish odatini chiqardi. Bir necha yildan keyin u umuman barcha davlat ishlarini boshqarishni noshud kishilarga topshirib, o‘zi Karmana yaqinidagi yozgi saroyida muqim yashay boshladi. Taxt valiahdi deb e’lon qilingan o‘g‘li Sayyid Olimxonni ovrupacha ta’lim olish uchun rus podshosi huzuriga yubordi…
Nusratillo Naimovning “Amirning xazinasi” kitobidan foydalanildi
Buxoro amiri Muzaffarxonga uning amaldori Usmonbek to‘qsabo nega xiyonat qildi?
Malumotlar
Buxoro amiri Muzaffarxonga uning amaldori Usmonbek to‘qsabo nega xiyonat qildi?