Burhonuddin al-Margʻinoniy (1123-1197)
[1] Milla deganda xalq, yaʼni musulmonlar tushuniladi. Bu yerda olimni ulugʻlab, uni islom olamidagi xalqlar hamda islom dinining dalili, isboti deyilmoqchi. [2] Margʻinon – Margʻilon shahrini oʻrta asrlarda arablar Margʻinon deb atashgan. [3] OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi. Inv. № 2929, 214.Burhonuddin al-Margʻinoniy (1123-1197)
DO`STLARGA ULASHING:
Buyuk faqih Ali ibn Abu Bakr ibn Abd ul-Jalil al-Fargʻoniy ar-Rishtoniy al-Margʻinoniy 1123 yil 23 sentyabrda tugʻilgan. U Qurʼonni, hadis ilmlarini mukammal egallab, fiqh – islom xuquqshunosligi borasida benihoya chuqur ilmga ega boʻlganligi va bu sohada beqiyos durdonalar yaratganligi tufayli Burhon ud-din va-l-milla[1] va Burhonuddin al-Margʻinoniy[2] nomlari bilan mashhurdir.
Burhonudsin al-Margʻinoniy dastlabki taʼlimni Margʻilonda olib, keyinchalik Movarounnahrning oʻsha davrdagi diniy va maʼrifiy markazi boʻlgan Samarqandga koʻchib borgan va umrining oxi-rigacha oʻsha yerda yashagan. Mavlono Burhonuddin al-Margʻinoniy yoshlik chogʻlaridanoq Qurʼoni karimni yod olib, hadislarni chuqur oʻrgangan.
Keyinchalik u fiqhga oid masalalar bilan qiziqib, oʻsha davrning koʻzga koʻringan allomalaridan “Al-Muhit” (“Ilmlar dengi-zi”) asarining muallifi Umar ibn Maaza, “Al-Fatava va favoid az-Zahira” (“Fatvolar va zohir narsalarning foydalari”) asarining muallifi Zohir ud-din ibn Umar al-Qodiy al-Buxoriy ibn al-Itobiy va boshqalarning nazariga tushgan.
Al-Margʻinoniyning butun islom olamida mashhur boʻlgan “Hidoya” asari 1178 yili Samarqandda yozildi. Mahmud ibn Sulaymon al-Kafaviyning “Katoib ul-aʼlom al-axyor fi taboqot fuqaho va mashoyix mazhab an-Nuʼmon” (“Nuʼmon mazhabiga mansub boʻlgan taniqli alloma faqihlar va shayxlar haqidagi kitob”) nomli asarida keltirilishicha, Burhonuddin al-Margʻinoniy “Bidoyat al-muntahiy” asarining soʻzboshisida “Hidoya”ning yaratilishi xususida shunday yozgan: “Abul-Hasan Ali ibn Bakr Abd ul-Jalil bir kuni fiqh masalalariga bagʻishlangan hajmi uncha katta boʻlmagan, lekin mazmuni toʻliq boʻlgan bir yaxlit kitob zarur ekanligi haqida fikr bildirdi. Iroqqa safar qilganimda u yerda “al-Muxtasar al-Quduriy” (“Kuduriy qisqartmasi”)ni koʻrdim. U fiqh bobida ajo-yib asar edi. Bu paytgacha kattayu-kichik barcha “Jomeʼ us-Sagʻir” (“Kichik toʻplam”) dan foydalangan edi. Shunda fikhga oid barcha asarlarni jamlab, ulardan eng zarur masalalarni odsim va bu asarga “Bidoyat al-muntahiy” deb nom berdim. Keyinchalik bu asarga sharh yozib, uni “Kifoya ul-muntahiy” deb nomladim”[3].
Keyinchalik bu asarlarning ham hajmi kattalik qilib, yanada moʻjaz boʻlgan, butun islom olamida xanafiya mazhabining fiqh masalalarida asosiy qoʻllanmasiga aylangan al-Margʻinoniyning “al-Hidoya” asari yaratildi. Bu asar butun musulmon olamida mashhur boʻlib ketdi, musulmon huquqi – fiqh boʻyicha eng aniq, izchil, mukammal asar sifatida tan olindi.
“Hidoya”ning asosini fiqh ilmi asoschilaridan boʻlgan Abu Hanifa an-Nuʼmon ibn Sobit, Abu Abdulloh, Ahmad ibn Hanballarning yirik asarlari, bu allomalarning shogird va safdoshlaridan imom Abu Yusuf, imom Abu Abdulloh ibn Husayn ash-Shay-boniy (imom Muhammad), imom Abul-Xazl Zufar ibn Xazllarning asarlari, dastlabki toʻrt xalifa va sahobalarning rivoyatlari, ular xabar qilgan hadislar tashkil qiladi. Bundan tashqari, “Hidoya”da asosiy fiqhiy masalalarning sharhi va yechimida Muhammad Bazdaviyning “Mabsut”, ibn Iso at-Termiziyning “Jomeʼ ul-Kabir” (“Katta toʻgsham”), Quduriyning “al-Muxtasar al-Quduriy” kabi asarlariga ishora qilinadi.
“Hidoya”da huquqiy masalalarning yechimi dastlab yirik fiqh olimlari fikrlarining bayoni va unga boshka mualliflar eʼtirozlari yoki qoʻshilishlarini izhor etish yoʻli bilan berilgan. Ana shu obroʻli mualliflar fikrlaridan kelib chiqib, muayyan masalada eng maʼqul yechimni tanlab olish yoʻliga amal qilingan. Shu tariqa unda qonunning aynan ifodasigina emas, balki uning mukammal sharhi ham asoslab keltiriladi.
“Hidoya” toʻrt juzdan iborat boʻlib, birinchi juzga ibodat masalalari kiritilgan, bular: tahorat, namoz, roʻza, zakot va haj kitoblaridir. Ikkinchi juzga nikoh, emizish, taloq, qullarni ozod qilish, topib olingan bolaning nasabini aniqlash, topib olingan narsa, qochib ketgan qullar, bedarak yoʻqolganlar, sherikchilik va vaqf mulki kabi masalalar kiritilgan.
Uchinchi juzda esa oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, pulni birovga oʻtkazish, qozilarning vazifalari, guvohlik, berilgan guvohlikdan qaytish, vakolat, daʼvo, iqror boʻlish, sulh, bir ishda pul bilan sherik boʻlish, pulni saqlashga berish, qarz berish, sovgʻa, ijara, muayyan shart asosida cheklangan ozodlik berilgan qullar, voliylik (patronat), majbur qilish, homiylik, qisman ozod boʻlgan qullar va bosqinchilik xususidagi masalalar oʻrin olgan.
Toʻrtinchi juzda esa shafoat, meros taqsimlash, dehqonchilik hamda bogʻdorchilik xususida shartnoma, qurbonlikka soʻyiladigan jonzod haqida, umuman qurbonlik qilish haqida, shariatga zid yomon
narsalar haqida, tashlandiq yerlarni oʻzlashtirish xususida, taqiq-langan ichimliklar haqida, ovchilik, garovga berish, jinoyatlar xususida, xun haqi toʻlash, vasiyat kabi masalalar yoritilgan.
“Hidoya” bir necha asrlar davomida koʻp musulmon mamlakatlarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham huquqshunoslik boʻyicha eng asosiy qoʻllanma hisoblanib, bu yerda 1917 yil inqilobidan keyin ham, to 30-yillargacha shariat qozilari bekor qilinib, sovet sud sistemasi joriy qilinguncha, amalda boʻlib keldi. Hozirgi kunda ham islom shariati asosida ish yuritadigan musulmon mamlakatlar huquqshunosligida bu asardan keng foydalaniladi. “Hidoya” ning qisqartirilgan ruscha tarjimasi 1893 yilda N. P. Grodekov tomonidan nashr etilgan[4].
Oʻzbekistonning mustaqillikka erishuvi tufayli islom yodgorliklari, jumladan, shariat, fiqhga oid asarlarni oʻrganish, bu sohadagi boy merosimizni nashr etish imkoniyati vujudga keldi. Vatandoshimiz al-Margʻinoniyning “Hidoya” asari islom huquqshunosligida mashhurligini nazarga olib N. I. Grodekovning inglizchadan ruschaga qilgan va tor doira uchun moʻljallangan “Hidoya”ning 1-kitobi Toshkentda 1994 yilda yuridik fanlari doktori A. X. Saidovning soʻzboshisi va sharhi bilan qayta nashr etildi.
Uzoq musulmon olamida hozirgacha oʻz qimmatini yoʻqotmagan “Hidoya” va uning muallifi Margʻinoniy faoliyati oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda.
[4] Qarang. Hidoya. Kommentarii musulmanskogo pravo. Toshkent, 1893. T. , I – IV. Asar 400 nusxada bosilgan boʻlib, “Turkiston oʻlkasini maʼmuriy jandarm boshqaruv ishlaridagi xizmatchilariga moʻljallangandir” (“Turkistanskiye vedomosti” 1893 g. 16 (28) iyunya), yaʼni Rus chorizmining mustamlakachilik siyosatini amalga oshirishni osonlashtirish maqsadlariga boʻysundirilgan boʻlib, ruscha tarjima inglizcha tarjimasidek toʻliq emas, ayrim qismlari toʻligʻicha tushirib qoddirilgan.
Burhonuddin al-Margʻinoniy (1123-1197)