BURGUT haqida malumot bilib oling.
BURGUT — (Aquila chrysaetus) — yirtqichlar turkumining qirgʻiylar oilasiga mansub qush. Burgut yirik, chaqqon va kuchli. Tanasining uz. 95 sm gacha. Qanoti 62—72 sm, yoyganda 2 m ga yetadi. Orqa oyogʻi barmogʻidagi tirnogʻining 4,2 sm dan uzunroq boʻlishi oʻziga xos belgilaridandir. Pat rangi toʻq qoʻngʻir, boshi malla. B. Yevropa, Osiyo va Shim. Amerikada keng tarqalgan. Oʻrta Osiyoda oʻtroq yashandi. Togʻ va choʻllarning odam yashamaydigan uzoq joylarida, qoyalar orasida, saksovulzorlarda uchraydi. Togʻ, choʻl va suv B. i boʻladi. Burgut monogam qush. Nari bilan modasi doim birga boʻladi. Biri oʻlsagina ikkinchisi oʻziga boshqa sherik axtaradi. Uyasini odam chiqa olmaydigan yerlarga xaschoʻp va lattaputtalardan quradi. Odatda, bir-biriga yaqin 2—3 uyasi boʻlib, bittasidan foydalanadi. Xira oq va qoʻngʻir xollar bilan qoplangan 1—2 ta tuxum qoʻyadi. Joʻjasini boqishda nari ham ishtirok etadi. Burgut parrandalar (kaklik, dudoq), yumronqoziq, toshbaqa, quyon va b. hayvonlar bilan oziqlanadi. Burgut joʻjasini uyadayoq ovga oʻrgata boshlaydi. Oʻrta Osiyoda Burgutning yosh joʻjasini qoʻlga oʻrgatishadi. Voyaga yetganida uni quyon, tulki va hatto boʻri oviga olib chiqishadi. Burgut oʻljasini uzoqdan yaxshi koʻradi va tez uchib borib unga tashlanadi. Kemiruvchilarni qirib, q. x. ga foyda keltiradi. Burgut Oʻzbekiston va b. davlatlar Qizil kitobiga kiritilgan.
Ensiklopediya.uz
BURGUT