Budapeshtda Vengriya – O`zbekiston xalqaro tibbiyot forumi o`tkaziladi
Ayni paytda Sog`liqni saqlash vazirligi delegasiyasi Shveysariyaning Jeneva shahrida Jahon sog`liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasida ishtirok etyapti.
Ushbu tashrif doirasida vazir Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegasiyamiz bir qator muhim uchrashuvlar o`tkazib, O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimi uchun ahamiyatli bo`lgan masalalarni muhokama qilmoqda.
Shunday uchrashuvlardan biri bugun Vengriya Respublikasi delegasiyasi bilan bo`lib o`tdi.
Ushbu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan o`tgan muzokaralar chog`ida qator muhim ahdlashuvlar, birgalikda ikki mamlakat tibbiyoti uchun manfaatli bo`lgan takliflar o`rtaga tashlandi.
Uchrashuvda ta`kidlanganidek, vengriyalik mutaxassislarning murakkab kasalliklarni davolashdagi yutuqlari hamda ushbu mamlakat shifoxonalarining zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangani mamlakat sog`liqni saqlash tizimini Evropa Ittifoqida ilg`or darajaga ko`tardi.
Samarali sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish, har kim sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo`lishi uchun zarur sharoitlarni yaratish ikki mamlakat tibbiyotining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.
Davlatlarimiz tibbiyot xodimlarini o`qitish, tajriba va texnologiyalar almashinuvi, yangi dori vositalari va tibbiy asbob-uskunalarni birgalikda yaratish kabi qator yo`nalishlarda hamkorlik istiqbollariga ega.
Shundan kelib chiqib, uchrashuv davomida tibbiyot va farmasevtika yo`nalishlarida O`zbekistonda Debresen universitetining filialini ochish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, o`zaro muloqot chog`ida O`zbekistonda vengriyalik farmkompaniyalar ishtirokida dori-darmonlar ishlab chiqarish bo`yicha ham qator masalalar ko`rib chiqildi.
Muloqot yakunida vazirlar Budapeshtda Vengriya — O`zbekiston tibbiyot forumini o`tkazish bo`yicha kelishuvga erishdi.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Budapeshtda Vengriya – O`zbekiston xalqaro tibbiyot forumi o`tkaziladi