BRYUSOV Valeriy Yakovlevich haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
BRYUSOV Valeriy Yakovlevich haqida malumot bilib oling.

BRYUSOV Valeriy Yakovlevich [1873.1. (13). 12 Moskva 1924.9.10] rus yozuvchisi, dramaturg. Moskva untini bitirgan (1899). Ilk sheʼrlari Gʻarb sheʼriyati taʼsirida yozilgan (1894— 95). «Durdonalar» (1895), «Bu — men» (1897), «Uchinchi qorovul» (1900) toʻplamlari Bryusov ijodi kamolotidan darak beradi. Mazkur asarlarda uning ijodiga xos ilgʻor xususiyatlar — obrazlarning maromiga yetganligi, har bir sheʼr va butun kitobning qatʼiy kompozitsiyaga egaligi, notiqlik sanʼatining kuchliligi sezilib turadi. «Odamovilar» (1900—01) dostonida oʻsha davr tuzumi keskin tanqid qilinadi. «Shaharlarga va jahonga» (1903) toʻplamiga kirgan asarlarida ishchi mehnati madh etiladi. Bryusov 20-a. boshlarida rus adabiyotidagi modern va simvolizm oqimi rahnamosi boʻldi. «Gulchambar» (1906) sheʼriy toʻplami shoirning romantik ruhdagi eng yaxshi asari sanaladi. «Barcha motivlar» (1909), «Soyalar koʻzgusi» (1912), «Kamalakning yetti rangi» (1916) sheʼriy toʻplamlarida rus jamiyatidagi, kishilar ruhiyatidagi oʻzgarishlar tasvirlanadi. «Olov farishta» (1908), «Zafar mehrobi» (1913) tarixiy romanlarida zamonaviy voqealarga monand mavzular topa bilgan. «Yer» dramasida kelajak haqida fikr yuritiladi. «Soʻnggi orzular» (1920), «Bunday kunlarda» (1921), «Daqiqa», «Yiroqyiroqlar» (1922), «Shoshil» (1924) sheʼriy toʻplamlarida Bryusov davrga hamnafas shoir sifatida namoyon boʻladi. Bryusov adabiy tanqidchi sifatida ham ijod etgan («Rus sheʼriyatida yangi oqimlar», 1913; «Sheʼr haqida fan», 1919 va b.).

Ensiklopediya.uz
BRYUSOV Valeriy Yakovlevich