Bronza

Bronza

Bronza

Milodgacha bo‘lgan uchinchi ming yillikdayoq insonlar o‘z xo‘jalik faoliyatlarida metalllardan keng miqyosda foydalana boshladilar. Toshdan yasalgan mehnat qurollaridan metall asboblarga o‘tish jarayoni insoniyat tarixida juda ulkan va mislsiz ahamiyatga ega bo‘lgan. Aytish mumkinki, insoniyatning ijtimoiy taraqqiyotiga boshqa hech bir ixtiro bu darajadagi ta’sir ko‘rsatmagan.

Keng miqyosda qo‘llanila boshlagan birinchi metall — mis bo‘lgan. Mis ajratib olish uchun zarur tosh ma’danlarni doimiy izlash jarayonida qadimgi odamlar misning qizg‘ish-yashil yoki, yashil-kulrang ranglardagi tabiiy yaxlit namunasiga e’tibor qaratishgan. Qoyatoshli sohillar bo‘ylab ular mis kolchedan va qizil misli ruda (kuprit)lar duch kelishgan. Avvaliga odamlar ularni oddiy toshlarga ishlov bergandek qayta ishlab foydalanishgan. Tez orada ular mis bo‘lagining toshbolg‘a zarbalari bilan urib ishlov berilganidan so‘ng, uning qattiqlik xususiyati sezilarli darajada ortgani va yanada qulayroq asboblar yasash uchun yaroqli holatga kelganini payqashdi.

 

 

Shu yo‘sinda qadimgi odamlar metalllarning sovuq holatidagi ishlov berish yoki, eng soda metall anjomlar yasash bosqichiga ko‘tarildilar. Keyinroq esa boshqa bir o‘ta muhim kashfiyot ochildi — tabiiy mis bo‘lagi yoki, tarkibida metall tutuvchi yer sirti jinslarining bo‘laklari gulxaniga tushgach, odatiy tosh parchalariga tegishli bo‘lmagan yangi xususiyatlar namoyon eta boshladi: kuchli qizish natijasida metall erib, sovigach butunlay yangi shaklga kirib, ishlov berish uchun qulay xususiyatlarga ega bo‘ldi. Agar shaklni sun’iy ravishda avvaldan tayyorlansa, metalldan odam uchun zaruriy buyumlar — ish qurollari hosil bo‘lardi. Misning bu xususiyatlaridan qadimgi metall ustalari zeb-ziynat buyumlari hamda mehnat qurollari tayyorlasha foydalana boshladilar. Metallurgiya shunday paydo bo‘ldi. Metallni eritishni kulollik ustaxonalaridagi loy quritish pechlarining birmuncha takomillashtirilgan va metalllar uchun maxsus qayta konstruktsiyalashtirilgan, yuqori haroratli pechlarda amalga oshira boshlashdi. Umuman olgan mis — yumshoq metall bo‘lib, bu borada oddiy toshga nisbatan anchayin bo‘sh hisoblanadi. Lekin mis qurollarni tezkor va nisbatan sodda ishlov berish yo‘li bilan oson tayyorlash mumkin edi. Masalan, statistika xodimlarining kuzatishicha, toshboltaning mis boltaga almashtirilishi natijasida, chopish sur’ati uch karra tezlashgan ekan. Shu tufayli, qadimgi dunyo jamiyatlarida metall asboblarga bo‘lgan talab tezkor ravishda o‘sa boshladi. Odamlar yangi-yangi mis konlari uchun qidiruvlar boshladilar. Ma’lum bo‘ldiki, u har doim va har yerda ham uchrayvermas ekan. Misning boy rudalari topilgan joylarda uning ajratib oluvchi qayta ishlovchi faoliyat turlari jadal rivojlanib bordi. Shaxta va ruda ishlari vujudga keldi. Arxeologiya ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, juda qadim zamonlardayoq mis qazib olish ishlari katta miqyosni zabt etgan ekan. Masalan, eramizdan avvalgi 1600 yildayoq mis qazib olish katta hajmlarda olib borilgan Zaltsburg shahri yaqinidagi mis shaxtalarining chuqurligi 100 metrgacha yetgan, har bir shaxtadan tarmoqlangan yo‘laklar uzunligi esa kilometrlab masofalarga cho‘zilgan ekan. Faqatgina qo‘l mehnati bilan qazish ishlari bajarilgan qadimgi mis konlaridagi ishchilar oldida, hozirgi zamon shaxtyorlari ham hali hamon bajaradigan o‘sha-o‘sha asosiy vazifalar: yo‘lak devorlari va shiftlarini mustahkamlash, havo aylanishini ta’minlash, yo‘laklarni doimiy yoritish va qazilgan rudani yuqoriga ko‘tarib olib chiqish… Qazib olingan rudani uncha uzoq bo‘lmagan joylarda, qalin devorli loydan qurilgan pechlarda eritishgan. Xuddi shunday metallurgiya markazlari boshqa tamaddunlarda ham mavjud bo‘lgan.

Eramizdan avvalgi 3- ming yillik oxiriga kelib, metallga ishlov beruvchi ustalar endilikda ma’lum bir metallning o‘zinigina emas, balki ularning ikki yoki undan ortiq turlaridan iborat qotishmalarining muhim xususiyatlarini kashf etdilar va amalda qo‘llay boshladilar. Bunday qotishmalarning eng dastlabkisi — Bronza edi. Insonlarning Bronzaning kashf etilishiga sababchi bo‘lib, misni ommaviy va Ko‘p miqdorda ishlab chiqarish jarayonida yuz berishi muqarrar bo‘lgan bir tasodif xizmat qilgan. Mis rudalarining ba’zi navdagi namunalari sezilarsiz miqdorda (2% gacha) qo‘rg‘oshin bilan birikkan bo‘lib, aralashma holatida olinar edi. Bunday rudani eritish jarayonida ustalar, uning oddiy misdan ko‘ra qattiqroq ekanligini payqab qoldilar. Qo‘rg‘oshinli ruda mis eritiladigan pechlarga yana bir boshqa sabab bilan ham tushib qolishi mumkin edi. Lekin qanday bo‘lgan taqdirda ham, rudaning xususiyatlarini kuzatib borib, qadimgi metall ustalari qo‘rg‘oshinning ahamiyatini anglay boshladilar va endilikda eritilayotgan va qayta ishlanayotgan mis rudasiga qo‘rg‘oshinni ataylab qo‘shib yuborib, Bronzaning sun’iy qotishmalarini hosil qilishga kirishdilar. Qalay bilan qo‘shib qizdirilganda esa mis yanada yaxshiroq eriy boshladi va oson suyuqlanadigan bo‘lib, quyishga yana ham qulay bo‘lib qoldi. Bronza asboblar mis asboblardan ko‘ra qattiqroq bo‘lib, oson va yaxshiroq ishlov berish mumkin bo‘lgan. Bronza metallurgiyasi inson faoliyat jarayonining barcha sohalarida mehnat unumdorligining bir necha marotaba ortishiga xizmat qildi. Asboblarni yasash jarayoni ham birmuncha soddalashdi: endilikda toshni uzoq va qattiq mehnat bilan ishqalab sayqallash o‘rniga, tayyor qoliplarga erigan metallni quyish orqali, o‘zlaridan avvalgi ajdodlarining tushlariga ham kirmagan natijalarga erisha boshladilar. Quyish texnikasi bosqichma-bosqich takomillashib bordi. Dastavval quymalarni oddiy loydan yasalgan shaklli qoliplar orqali tayyorlagan bo‘lishsa, keyinchalik, bunday qoliplarni o‘rniga toshdan o‘yib yasalgan va Ko‘p marotaba foydalanish mumkin bo‘lgan tosh qoliplar bilan bajaradigan bo‘lishdi. Lekin, bunday qoliplarning katta kamchiligi bor edi: ulardan faqat tekis va silliq asboblargina quyish mumkin xolos edi. Bu muammoning yechimi esa, yopiq shakldagi qismlarga ajratiladigan qoliplarning tayyorlanishi orqali hal qilindi. Quyishdan avval qolipning qismlari bir biri bilan mustahkam birlashtirilib, maxsus og‘izlari orqali eritilgan bronza quyib yuborilgan. Metall sovib qotib qolgach esa, qolipni yana ehtiyotkorlik bilan bo‘shatib olib, tayyor shakldagi mahsulot — ziynat buyumlari yoki mehnat va ov qurollariga ega bo‘lishgan. Bunday usulda quyish turli shakllardagi mahsulotlarni quyish imkoniyatini bergan bo‘lsa ham lekin, bu orqali turli murakkab figuralarni, bo‘rtma va naqshli mahsulotlarni tayyorlash imkonsiz edi. Buning yo‘li mumdan keng foydalanish boshlanishi bilanoq topildi: endilikda murakkab shaklli metall mahsulotlari tayyorlash uchun, avvalo uning shaklini mumdan tayyorlab olib, so‘ngra mazkur mum formani maxsus loy bilan qalin qilib o‘rab suvab chiqilgan. Keyin mazkur loy-mumli shakl pechda qizdirilganda, uning tarkibidagi mum issiqlik ta’sirida bug‘lanib ketib, loy esa tayyor murakkab shaklli qolipga aylanib qolgan. Bu qolipga erigan bronzani quyib, u sovib, qotgach, loy qolipni sindirib tashlab ko‘zlangan maqsadga erishilgan. Ushbu usullar yordamida ustalar hattoki murakkab shakllardagi qavariq va ichi bo‘sh metall anjomlar tayyorlashni ham o‘zlashtirdilar. Asta sekinlik bilan metalllarni qayta ishlashning parchinlash, payvandlash, kavsharlash kabi yangi texnika va texnologiyalari va uslublari paydo bo‘lib, takomillashib va taraqqiy etib bordi.

Metallurgiyaning rivojlanishi bilan, bronza mahsulotlar tosh buyumlarni inson faoliyatining barcha sohalaridan siqib chiqarib yubordi. Lekin bu jarayon jadallik bilan ro‘y bergan deb o‘ylash noto‘g‘ri. Rangli metall rudalari hamma yerda ham mavjud bo‘lmagan. Chunonchi, qalay misdan ko‘ra kamyobroq bo‘lib, uni topish qiyinroq bo‘lgan. Metalllarni uzoq masofalarga tashishga to‘g‘ri kelgan. Metall buyumlar va qurollar narx navosi baland bo‘lib, qiymati doimiy ravishda yuqori saqlangan. Bularning barchasi ularning keng tarqalishiga sezilarli to‘sqinlik qildi. Bronza tosh qurollarning o‘rnini to‘liq egallay olmadi. Bu jarayon keyinroq — Temirning kishilar hayotga kirib kelishi bilan ro‘y berdi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Ixtirolar tarixi
BRONZA

Manba:orbita.uz