Bronxial astma, angina va pnevmoniyani qanday farqlash mumkin?

Bronxial astma, angina va pnevmoniyani qanday farqlash mumkin?

Bugun oramizda angina (bodomcha bezi)si og`risa ham, virusga chalindim, deya xavotirlanib, shifokorga murojaat qilayotganlar yo`q emas. Ba`zan esa odatiy kasalliklar bilan koronavirus infeksiyasini ajratish ham mushkuldek tuyulmoqda.

Shu bois, SSV Matbuot xizmati ushbu mavzu yuzasidan Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Nodir Sotvoldievga murojaat qildi:

—  Ayting-chi, bronxial astma, angina va pnevmoniyaning qanday o`xshash va farqli jihatlari mavjud?

—  Ushbu kasalliklarning bir talay o`xshash va farqli jihatlari bor, albatta. O`xshash tomoni shundaki, uch holatda ham yo`tal va isitma kuzatiladi.

Kasalliklarning farqli jihatlarini bir boshidan sanab o`tsak. Bronxial astma — bu surunkali infeksion, ya`ni allergik kasallik bo`lib, nafas yo`llarining siqilishi bilan kechadi. Bemorda ilk klinik belgilar – yo`tal, tomoq qichishi, havo etishmaslik belgilari kuzatiladi. Og`ir holatlarda esa nafas siqishi mumkin.

Yo`tal va nafas siqishi, asosan, tunda bezovta qiladi. Kasallik ko`pincha o`tkir hidli qo`zg`atuvchilar, ovqatdan keyingi allergik reaksiyalar, yuqumli virusli infeksiyalar va boshqa holatlardan keyin xuruj qiladi. Xastalikning kuchaygan shakli faqatgina stasionar sharoitda davolanadi.

Pnevmoniya — bu o`tkir virus-bakterial qo`zg`atuvchilar sababli rivojlanuvchi respirator kasallik bo`lib, o`pka to`qimasi ma`lum qismlarining yallig`lanishi hisoblanadi. Kasallik tana haroratining ko`tarilishi, tumov, quruq yo`tal kabi belgilar bilan boshlanishi mumkin.

Pandemiya davrida virusli pnevmoniya belgilari juda ko`p uchramoqda. Bu kasallikning tashxisi tasdiqlanganidan so`ng og`ir ahvoldagi bemorlar stasionar sharoitda davolanishlari shart.

Angina — o`tkir virus-bakterial etiologiyali yuqumli kasallik hisoblanadi. Xastalik bemorda tana harorati 38-39 darajagacha ko`tarilishi, yutinishga qiynalish, tomoq va tanadagi kuchli og`riqlar bilan boshlanishi mumkin.

Ushbu kasalliklar barcha yoshdagi aholi orasida uchraydi.

—  Kasalliklarning kelib chiqish sabablariga to`xtalib o`tsangiz.

— Angina o`tkir infeksion kasallik bo`lgani uchun uni mikroblar qo`zg`atadi. Mikroblar halqumga aksariyat hollarda bu kasallikka chalingan bemor foydalangan uy-ro`zg`or buyumlaridan tushadi. Ko`pincha, halqumda bo`ladigan va odatda, kasallik qo`zg`atmaydigan mikroblar ayrim noxush omillar ta`sirida, masalan, kishi sovqotganda yoki harorat o`zgarganda kasallik qo`zg`atishi mumkin.

Ba`zan oyoqning ho`l bo`lishi, muzqaymoq eyish, sovuq suv ichish, muzdek suvda cho`milish va boshqa hollarda angina bilan og`rish kuzatiladi. Halqumga muntazam tushib turadigan tutun, chang, spirtli ichimliklar, shuningdek, burun orqali nafas olishni qiyinlashtiradigan adenoidlar va burun-xalqumning boshqa kasalliklari anginaga sabab bo`lishi mumkin.

Burun va yondosh bo`shliqlarining yallig`lanishi hamda og`iz bo`shlig`idagi yiringli yallig`lanishlar ham anginaga sabab bo`ladi. Kasallik to`satdan boshlanadi. Bemorda madorsizlik, bosh og`rig`i, tomoq qaqrab og`rishi, achishishi, yutinganda og`riq kuzatiladi. Kasallik bilan tez-tez og`rish natijasida murtak bezlari surunkali yallig`lanadigan bo`lib qoladi.

Bronxial astma yuzaga kelishining asosiy sabablaridan biri allergenlar hisoblanadi. Allergenlar to`rt asosiy guruhga bo`linadi: oziq-ovqatlarda uchrovchi; uy-ro`zg`or buyumlarida uchrovchi allergenlar; epidermal allergenlar (uy hayvonlarining yungi va ularning hayot faoliyati jarayonidagi mahsulotlarida uchraydigan), o`simlik allergenlari.

Sovuq havo, virusli infeksiya, jismoniy zo`riqish, ruhiy tushkunlik, o`tkir hidlar — bular allergen hisoblanmaydi. Ammo shunday bo`lsa-da, ular astma hurujini keltirib chiqarishi mumkin. Bronxial astma bilan og`rigan bemorda sezgirlik kuchli bo`ladi.

Hatto, oddiy ko`ringan kir yuvish kukunidan foydalanish ham astma xurujining kelib chiqishi uchun etarli asos bo`ladi. Xastalik kelib chiqish sabablari orasida nasliy moyillik ham bor.

 

Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
angina va pnevmoniyani qanday farqlash mumkin?, Bronxial Astma