BRAMS haqida malumot bilib oling.
BRAMS (Brahms) Iogannes (1833.7.5, Gamburg — 1897.3.4, Vena) — nemis kompozitori, pianinochi va dirijyor, musiqiy romantizmning yorqin vakili. Brams turli tarkibdagi ijrochilarga muljallangan jami 400 ga yaqin vokal (koʻshiq, romans, duet, xor va b.) asarlar yaratdi. Bular orasida Hofiz Sheroziy sheʼrlariga yozilgan «Toʻqqizta qoʻshiq va sadolar» hamda «Beshta qoʻshiq» (ovoz va fortepiano uchun, 1863, 1864—68) Bramsning eng yorqin oriyental (umumsharqiy) asarlaridir. Shuningdek, mashhur «Vengercha raqslar» (jami 21 ta, 1880), qayta ishlangan venger, loʻli va b. xalqlar qoʻshiqlarida ham sharqona uslub xususiyatlari seziladi. Bramsning «Nemischa rekviyem»i (1868), 4 ta simfoniyasi (1874—85), fortepiano va orkestr (2 ta), skripka va orkestr, skripka, violonchel va orkestr uchun konsertlari, fortepiano uchun 3 ta sonatasi, intermessolari va b. asarlari Yevropa romantik musiqasi durdonalari qatoridan oʻrin olgan. Bramsning simfoniyalari, kamercholgu va vokal asarlari Oʻzbekistonda ham ijro etib kelinadi.
Ensiklopediya.uz
BRAMS