BOTANIK KOLLEKSIYA haqida malumot bilib oling.
BOTANIK KOLLEKSIYA — ilmiy va amaliy ahamiyatga molik oʻsimlik formalari va turlarini muntazam ravishda yigʻib borish. Ular oʻsimliklarning jahon genetik fondini saqlash, oʻrganish, seleksiya ishlarida foydalanish, tadqiq etish maqsadida yigʻiladi. Uzbekiston oʻsimlikshunoslik i. t. in-tida mahalliy va chet ellarda ekiladigan 120 ekinning 50 mingdan ortiq navʻ namunalari toʻplangan. Oʻzbekiston gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi i. t. intida esa gʻoʻzaning madaniy va yovvoyi turlarini noyob jahon kolleksiyasi (10000ga yaqin namuna) toʻplangan. Botanik kolleksiya yangi materiallar bilan uzluksiz toʻldirib boriladi, urugʻlarning unuvchanlik qobiliyati va toʻplangan namunalarning biologik aynanligi oʻzidan changlanish hamda notipik oʻsimliklarni olib tashlash yoʻli bilan saqlab turiladi, shuningdek ilgari tekshirib chiqilgan mamlakatlarga ekspeditsiyalar uyushtirib, toʻplanadigan materiallar hisobiga toʻldiriladi. Oʻsimliklarning qimmatli formalari (genetik plazmalar) ni ularning kelib chiqish markazlari (Meksika, Gvatemala, Ekvador, Boliviya, Gonduras, Peru, Braziliya, Argentina, Venesuela, Avstraliya, Afrika, Markaziy Osiyo va b.)da tabiiy populyatsiyalarp orasidan qidiriladi. Jahon kolleksiyasi materiallaridan yangi seleksiya navlarini chiqarishda foydalaniladi.
Ensiklopediya.uz
BOTANIK KOLLEKSIYA