BOSHQIRD QOʻZGʻOLONLARI haqida malumot bilib oling.
BOSHQIRD QOʻZGʻOLONLARI — boshqird xalqining podsho Rossiyasiga qarshi olib borgan qoʻzgʻolonlari:
1) boshqird xalqiga zoʻrlab xristian dinini qabul qildirishga qarshi, gʻazovot shiori ostida ruslarga qarshi boshqird mulkdorlari tomonidan 1681—83 y. larda uyushtirilgan qoʻzgʻolon. Qoʻzgʻolon oqsoqol Sayt Sadir boshchiligida boʻlgani uchun u Sait qoʻzgʻoloni deb ham ataladi. 1682-y. 28-mayda Ik daryosi boʻyida qoʻzgʻolonchilar magʻlubiyatga uchraganlar. Qoʻzgʻolonga qalmiklar ham qoʻshilganlar. 1683-y. bahorida qoʻzgʻolon Gʻarbiy Boshqirdistonni qamrab olgan. Biroq boshqird va qalmiq zodagonlari oʻrtasida oʻzaro nizo boshlangan. Qalmiqlar Boshqirdistonni oʻzlariga tobe etish maqsadida talonchilik yurishi tashkil etganlar va boshqird yaylovlarini talab koʻplab asir va mollarni oʻlja olganlar. Qalmiqlar bosqinidan bezib qolgan xalq ommasi qoʻzgʻolondan chetlashgan, oqibatda podsho hukumati 1683-y. dek. da qoʻzgʻolonni bostkrishga erishgan;
2) 1755-y. gi qoʻzgʻolon Botirsho qoʻzgʻoloni deb ham ataladi. Bu qoʻzgʻolon ham boshqirdlarni zoʻrlab xristianlashtirishga va boshqird yerlarini tortib olishga qarshi podsho maʼmuriyatiga, mahalliy mulqdorlarga qarshi qaratilgan. Boshqirdistonning katta qismiga yoyilgan. Qoʻzgʻolonni tayyorlashda mulla Abdulla Aleyev (laqabi Botirsho)ni boshqird, tatar, qozoq, oʻzbeklarga qarata yozgan daʼvatnomasi, ularni «kofirlar» — ruslarga qarshi gʻazovotga chaqirishi maʼlum rol oʻynagan. Lekin Botirshoning oʻzi qoʻzgʻolonga rahbarlik ham qilmagan, qoʻzgʻolon esa boshqa shiorlar ostida oʻtgan. Shuning uchun uni Botirsho qoʻzgʻoloni deb atash shartlidir. Qoʻzgʻolonchilar orasida ittifoq boʻlmaganligi, yirik mulkdorlarni qoʻzgʻolonga qarshi chiqishi, podsho hukumatining tilyogʻlama siyosati (oʻz ixtiyori bilan taslim boʻlganlarni avf etish, boshqird, tatar va qozoqlarni oʻzaro gijgijlash va b.) natijasida Boshqird qoʻzgʻolonlari podsho hukumati tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilgan. Boshqird qoʻzgʻolonlari xalq ommasining mustamlakachilikka va zoʻravonlikka qarshi ozodlik uchun olib borgan kurashi edi.
Ensiklopediya.uz
BOSHQIRD QOʻZGʻOLONLARI