Bosh miya surunkali ishemiyasi haqida malumot

Bosh miya surunkali ishemiyasi haqida malumot

Bosh miyada qon aylanishning surunkali yetishmovchiligi sababli rivojlanadigan va zo‘rayib boruvchi serebrovaskulyar kasallik hisoblangan miyaning surunkali ishemiyasi keksalarda uchraydigan asab tizimi xastaliklari ichida yuqori o‘rinni egallaydi. Bu xastalikka olib keluvchi omillar quyidagilar:

  • qon tomir kasalliklari;
  • surunkali gipoksiya;
  • metabolik buzilishlar;
  • somatik kasalliklar;
  • turli intoksikatsiyalar.

Bosh miyada mikrotsirkulyator buzilishlarga olib keluvchi etiologik omillar ichida arterial gipertenziya va aterosklerozning o‘rni katta. Bu patologik xolatlar katta yoshli insonlarda ko‘p kuzatiladi.

RUHIY BUZILISHLAR

Qariyalarda kechadigan miyada qon aylanishi buzilishiga asosan amiloid angiopatiyalar sababchi bo‘ladi. Bu xastalik klinikasi nevrologik, neyropsixologik va psixoemotsional buzilishlardan iborat bo‘lib, ularning qay tarzda namoyon bo‘lishi kasallik darajasi va ishemik o‘choqlar joylashgan sohaga bog‘liqdir.

Kasallik klinikasining darajasiga qarab uning uch bosqichi (I-yengil, II-o‘rtacha, III-og‘ir) farqlanadi.

Jizzakilik, bosh aylanishi, uyqu buzilishi, tez charchash va umumiy holsizlik kasallikning yengil (birinchi) bosqichiga xosdir. Aqliy va hissiy zo‘riqishlar ushbu belgilarni kuchaytiradi.

Kognitiv buzilishlar aksariyat hollarda nevrologik simptomlardan ancha ilgari paydo bo‘ladi. Bunda ayniqsa, diqqat va xotiraning buzilishi ko‘p kuzatiladi. Kishi aqliy mehnat bilan shug‘ullansa tez charchaydigan bo‘lib qoladi.

Diqqat buzilishi sababli bemorning xotirasi ham izdan chiqa boshlaydi. Yaqindagi narsalarni eslab qolish qobiliyati pasayadi, ammo bolalik davridagi voqealar esida saqlanib qoladi. Psixoemotsional buzilishlar, ya’ni ruhan tez charchash, darrov xafa bo‘lish, yig‘loqilik kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Bemor o‘ta ta’sirchan bo‘lib qoladi, unda vegetativ buzilishlar ham kuzatiladi.

Ba’zida yengil ifodalangan simptomlarga e’tibor qilinmaydi va I bosqich aniqlanmay qoladi. Davolash muolajalari o‘tkazilmasa, kasallik II-bosqichga o‘tadi.

Ikkinchi-o‘rtacha og‘irlikdagi bosqichda subyektiv simptomlar yanada zo‘rayadi va unga yangilari qo‘shiladi. Bemorning uyqusi buziladi, kunduzi uyqu bosadi, kechasi esa uxlay olmaydi yoki tez uyg‘onib ketadi, ko‘p tush ko‘radi. Bosh og‘rig‘i doimiy tus oladi va oddiy analgetiklar yordam bermay qo‘yadi. Bosh aylanishi kuchayadi va orqaga chayqalib ketishlar sezila boshlaydi. Diqqat va xotira buzilishlari kuchayadi. Aqliy charchash bilan birgalikda jismoniy toliqish ham paydo bo‘ladi.

DIQQATNI JAMLASH QIYINLASHADI

Bosh miyada qon aylanishi surunkali kuchaygani sayin nevrologik va neyropsixologik simptomlar zo‘rayib boradi. Ikkinchi bosqichda vrachga murojaat qiluvchilar soni ko‘payadi. Bemorlarda tafakkur buzilishlari ko‘p kuzatiladi.

Kognitiv buzilishlar, ya’ni diqqatni to‘play olmaslik, xotira susayishi va tafakkur izdan chiqishi bemorning kasbiy mahoratiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Hatto depressiyaga olib kelishi mumkin.

Uchinchi-og‘ir bosqichida diffuz bosh og‘rig‘i, xotira susayishi, uyqusizlik, quloq shangillashi, bosh aylanishi, yurganda gandiraklab ketish bemorning asosiy shikoyatlariga aylanadi.

Aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar o‘z vazifasini talab darajasida bajara olishmaydi. Aksariyat bemorlar kundalik oilaviy yumushlarni ham eplay olmay qolishadi. Jismoniy va ruhiy charchash zo‘rayadi.

Bemorning tafakkur doirasi torayadi, u ezma, injiq, maydagap bo‘lib qoladi. Uning xarakatlarida amiostatik sindrom alomatlari ham paydo bo‘ladi.

QO‘ZG‘ALUVCHAN SINDROMLAR

Miyaning surunkali ishemiyasida qariyalarda bir necha xil sindromlar kuzatiladi.

Peshona sindromida demensiya, og‘ir ruhiy buzilishlar namoyon bo‘ladi. Peshona ataksiyasi ro‘y berib, bemor chayqalib yuradi va yurganda yiqilib tushish holatlari kuzatiladi.

Ba’zida peshona sindromi kuchli psixomotor qo‘zg‘alishlar bilan namoyon bo‘ladiki, ushbu vaziyatda bemorni boshqarish qiyinlashadi. Gohida esa aksincha, bemorning irodasi so‘nadi. Kasallik zo‘raygan sayin tos a’zolari funksiyasini nazorat qilish ham sustlashadi.

Tomir demensiyasida kognitiv buzilishlar (zehn, idrok, fikr buzilishlari) nevrologik buzilishlardan ustun keladi va bemorda demensiya rivojlanadi. Bora-bora bemor chap va o‘ng, yuqori va pastning farqiga bormay qo‘yadi. Ko‘ruv agnoziyasi va amnestik afaziya tufayli yaqinlarini tanimaydi va ularning ismini unutadi. Ushbu buzilishlar subkortikal aterosklerotik ensefalopatiya, ya’ni Binsvanger kasalligi deb ham ataladi

Parkinsonizm va psevdobulbar sindromlari o‘ziga xos tarzda kechadi. Parkinsonizm sindromida bemorda siydik tutolmaslik holati paydo bo‘ladi. Psevdobulbar sindromida esa o‘z-o‘zidan yig‘lash va kulish, dizartriya, disfagiya va disfoniya vujudga keladi. Bu buzilishlar ko‘pincha amiostatik sindrom va po‘stloq osti demensiyasi bilan birgalikda namoyon bo‘ladi.

Vertebrobazilyar sindrom umurtqa arteriyalari va bazilyar arteriya zararlanishi bilan bog‘lik bo‘lib, miya ustuni va miyacha simptomlari bilan namoyon bo‘ladi. Doimiy bosh aylanishi, eshitishning pasayishi, nistagm ataksiya va intension tremor kabi belgilar kuzatiladi.

Agar ishemiya uzunchoq miyaning pastki qismida kuzatilsa bulbar falajlik ro‘y beradi.

Bosh miyaning surunkali ishemiyasi holatlari kuzatilganda bemor nevrolog shifokorga murojaat etib, jiddiy davolanishi lozim. Ko‘p bosqichli muolajalar va yaqin kishilarning mehr-e’tibori bemorning ahvolini birmuncha yengillashtiradi.

Elbek MIRJO‘RAYEV,

nevrolog, tibbiyot fanlari doktori, professor.

«Sihat — salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Bosh miya surunkali ishemiyasi