Bosh miya o‘smalari — sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari haqida malumot

Bosh miya o‘smalari — sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari haqida malumot

Bosh miya saratoni – kalla suyagi ichida hosil bo‘ladigan, miya to‘qimalarini, nerv hujayralarini, tolalarini, miya pardalarini va qon tomirlarini zararlaydigan o‘sma. Miyaning qaysi qismida paydo bo‘lishiga ko‘ra va umumiy namoyon bo‘ladigan simptomlar bilan kechadi. Diagnostika algoritmi nevropatolog va oftalmolog tekshiruvlari, bosh miya Exo-EG, EEG, KT va MRT kuzatuvlari, MR-angiografiya va boshqalar kiradi. Davosida eng asosiy o‘rinni operativ usul egallaydi, qo‘shimcha ravishda nur terapiyasi va radipterapiya ham o‘tqaziladi.

Bosh miya saratoni

Bosh miya o‘smalari organizmda uchraydigan umumiy o‘smalarning 6 %ini tashkil etadi. Bu kasallikning uchrash chastotasi har 100 ming odamdan 10 dan 15 ta insonda bo‘ladi. Odatda bosh miya o‘smalari deganda – kalla suyagi ichida hosil bo‘ladigan har qanday o‘smalar tushuniladi, masalan miya to‘qimalaridagi o‘smalar, nerv tolalaridagi, qon tomirlardagi, miya pardalaridagi, limfa tomirlaridagi va bezlarda (gipofiz va epifiz) uchraydigan o‘smalar. Shuning uchun bunday o‘smalar ikkiga: miya ichi va miyadan tashqaridagiga bo‘linadi.

Bosh miya o‘smalari har qanday yoshda uchraydi, hatto tug‘ma ham bo‘lishi mumkin. Ammo bolalar orasida uchrash chastotasi kam, har 100 ming bolaga 2-4 holatlar to‘g‘ri keladi. Bosh miya o‘smalari birlamchi – miya to‘qimasining o‘zidan hosil bo‘lishi, yoki ikkilamchi boshqa organlarda hosil bo‘lgan o‘smalarning limfogen va gematogen yo‘l bilan metastazlaridan hosil bo‘lishi mumkin. Ikkilamchi o‘smalar birlamchiga qaraganda 5-10 marta ko‘proq uchraydi.

bosh miya saratoni

Illyustratsiya: Cancer Research UK

Bosh miya o‘smalarining o‘ziga xosligi shundaki, bunday o‘smalar faqatgina kalla suyagi ichidagina joylashadi. Shuning uchun har qanday paydo bo‘lgan o‘smalar miya hujayralarini ezib qo‘yadi va bosh miya ichki bosimi ortishiga olib keladi. Hatto yaxshi sifatli o‘smalar ham ma’lum kattalikka yetganlaridan keyin miyani ezishi hisobiga yomon sifatli xarakterga ega bo‘lib qolib, o‘lim sababchisi bo‘lishi ham mumkin. Yuqridagilarni hisobga olib nevrologiya va neyroxirurgiya yo‘nalishidagi shifokorlar uchun kasallikni erta davrlarda aniqlash va davolash muammosi ko‘ndalang turadi.

Bosh miya o‘smalari paydo bo‘lish sabablari

Bosh miyada o‘smalar paydo bo‘lishiga, barcha turdagi o‘sma kasalliklari kabi radiatsiya, turli xildagi toksik moddalar va zararlangan ekologik hudud sabab bo‘ladi. Bolalarda tug‘ma miya o‘smalari kelib chiqish xavfi yuqoriroq, embrionlik paytidagi qandaydir omil ta’sirida yuzaga kelishi mumkin. Bosh chanog‘i va miya travmasi o‘sma kasalliklari kelib chiqishiga va uning o‘lim bilan tugashiga olib keluvchi xavf omilidir. Ko‘pincha bosh miya o‘smalari boshqa kasalliklarni davolash maqsadida o‘tkazilgan nur terapiyalari asorati sifatida kelib chiqishi ham mumkin. Bundan tashqari, xavfning ortishi immunosupressiv terapiyalar, immun tizimi sustlashtiruvchi kasalliklarda (OITS, neyroOITS) ortib ketadi. Bosh miya o‘smalari paydo bo‘lishiga moyillik irsiy kasalliklarda yuqori bo‘ladi: Gippel-Lindau kasalligi, tuberoz skleroz, fakomatoz, neyrofibromatoz.

Bosh miya o‘smalari klassifikatsiyasi

Birlamchi serebral o‘smalarga neyroektodermal o‘smalar: astrositar o‘smalar (astrositoma, astroblastoma), oligodendrogialin o‘smalari (oligodendroglioma, oligoastroglioma), ependimar o‘smalar (epindimoma, xorionodik papilloma), epifiz o‘smalari (pinesitoma, pineoblastoma), nayronal o‘smalar (ganglioneyroblastoma, gangliositoma), embrional va noaniq o‘smalar (medulloblastoma, spongioblastoma, glioblastoma). Bundan tashqari gipofiz bezining o‘smalari (adenoma), nerv tolalari o‘smalari (neyrofibroma, nevrinoma), miya pardalari o‘smalari (meningioma, ksantomatoz o‘sma, melanotik o‘sma), miya limfa tugunlari o‘smalari ham farqlanadi.

Metastatik o‘smalar 10-30 % hollarda aniqlanadi. Erkaklarda ikkilamchi metastazlar natijasida bosh miyada paydo bo‘ladigan o‘smalardan, o‘pka, kolorektal, buyrak o‘smalaridan tarqalgani uchrasa, ayollarda esa – ko‘krak bezi saratoni, melanoma, kolorektal o‘smalar metastazi oqibatida miya o‘smalari uchraydi. 85 % ga yaqin metastaz oqibatida kelib chiqqan o‘smalar miya ichida paydo bo‘ladi. Kalla suyagi chuqurchasida ko‘pincha bachadon tanasidan tarqalgan o‘smalar, prostata bezi o‘smalari va oshqozon ichak tizimi yomon sifatli o‘smalari metastazi natijasida paydo bo‘ladi.

Bosh miya saratoni belgilari

Bosh miya o‘smalarining erta belgilari miyaning qaysi qismida o‘sma hosil bo‘lgan bo‘lsa o‘sha joydagi simptomlar bilan boshlanadi. Ular quyidagi mexanizm asosida ketadi: o‘smaning fizik va kimyoviy ta’siri, miya qon tomirlarining zararlanishi, tomirlarning ezilishi hisobiga ishemiya kelib chiqishi, nerv tolalarining va hujayralarning ezilishi hisobiga kamchiliklar paydo bo‘la boshlaydi. Aynan o‘sma paydo bo‘lgan joydan miya hujayralari qo‘zg‘alishi, uning funksiyasi buzilishi boshlanadi (nevrologik yetishmovchilik).

Bosh miya saratoni belgilari

Foto: Webmd.com

O‘smaning hajmi kattalashib borishi bilan komressiya (ezish), shish va ishemiya qo‘shni hujayralarga, keyinchalik uzoqroqdagi hujayralarga tarqaladi va o‘ziga xos simptomlar beradi. Umumiy miya simptomlari, ya’ni bosh miya ichki bosimi oshishi va miya shishlari hisobiga kelib chiqqan asoratlar hisobiga. O‘smaning katta hajm egallashi hisobiga dislokatsion sindrom kelib chiqadi – miyachaning zararlanishi hisobiga.

Bosh og‘rig‘i — mahalliy bosh og‘rig‘i bosh miya o‘smalarining erta belgilaridan biridir. Uning kelib chiqishiga sabab retseptorlarning qo‘zg‘alishidir, ya’ni miya sinuslarida joylashgan, tomirlardagi retseptorlar hisobiga. Tarqoq sefalgiya 90 % hollarda subtentorial o‘smalarda va 77 % hollarda supratentorial o‘smalarda natijasida kuzatiladi. Og‘riq xarakteri chuqur, intensiv takrorlanuvchi, xurujsimon ko‘rinishda bo‘ladi.

Qayt qilish — umumiy miya belgilariga kiradi. Uning o‘ziga xosligi, qayt qilish ovqatlanish bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Miyachaning o‘smasida va IV qorincha o‘smalarida qayt qilish markazining birlamchi zararlanishi kuzatiladi.

Sistemali bosh aylanishi — inson o‘z tanasi yoki atrof muhitdagi narsalar aylanayotganligini sezadi. O‘sma vestibulokoxlear nervning ezilishi, miya ko‘prikchasi va IV qorincha ezishidan bosh aylanish simptomi kelib chiqadi.

Harakatdagi kamchiliklar (piramidaning zararlanishi) — 62 % bemorlarda birlamchi simptom sifatida namoyon bo‘ladi. Boshqa holatlarda o‘smaning kattalashishi va tarqalishi hisobiga kelib chiqadi. Bunday kamchiliklarning eng yaqqol namoyondasi pay reflekslarining buzilishidir. Keyinchalik mushaklar parezi (falaji) va mushaklari tonusi oshishi kelib chiqadi.

Sezgidagi kamchiliklar har 4 bemordan birida uchraydi. Birlamchi simptom sifatida mushak va bo‘gimlardagi sezgining yo‘qolishi paydo bo‘ladi.

Tutqanoq sindromi — ko‘proq supratentorial o‘smalarda kuzatiladi. 37 % bemorlarda bu klinik simptom birlamchi bo‘lib namoyon bo‘ladi. Epilepsiya yuzaga kelishi miyaning qaysi qismida o‘sma hosil bo‘lishiga qarab turlicha bo‘ladi, tutqanoq ko‘rinishiga qarab o‘sma joylashgan joyni tahmin qilsa bo‘ladi.

Psixik sferadagi o‘zgarishlar — 15-20 % bemorlarda peshona sohasida paydo bo‘lgan o‘smalar, apatiya, eyforiya, hotirjamlik va sababsiz xursandchilik sezish bilan namoyon bo‘ladi. Ammo o‘smaning kattalashib borishi bilan bemorda agressiya, jahldorlik, yovuzlik, negativlik kabi holatlar paydo bo‘ladi. Ko‘ruvdagi gallyutsinatsiyalar chakka va peshona sohasining chegarasida paydo bo‘ladigan o‘smalarda kuzatiladi. Xotiraning pasayishi, fikrlashning buzilishi va e’tiborning yo‘qolishi umumiy miya simptomlari ko‘rinishida keladi, ya’ni bosh miya ichki bosimi oshishi, o‘sma intoksikatsiyasi bilan tushuntiriladi.

Ko‘ruv nervidagi o‘zgarishlar — o‘sma kasalligining kechki bosqichlarida paydo bo‘lib, bemorlarning deyarli yarmida uchraydi. Miya ichki bosimi oshishi hisobiga o‘tib ketib, takrorlanib turuvchi ko‘z oldidagi qoralashishlar va qora dog‘lar ko‘rinishi bilan kechadi. O‘smaning kattalashib borishi va ko‘ruv nervining atrofiyasi hisobiga ko‘rish o‘tkirligi pasayishi ham mumkin. Ko‘ruv maydonining buzilishi ko‘ruv trakti va xiazm zararlanishi oqibatida kelib chiqadi, geterogeminopsiya va gomogeminopsiya ko‘rinishida namoyon bo‘ladi (ko‘ruv maydonining kamayishi).

Yuqoridagi belgilardan tashqari quloq bitishi, sesomotor afaziya, miyacha ataksiyasi, ko‘z harakti buzilishi, hid sezish, ta’m bilish buzilishi va vegetative disfunksiyalar. O‘smaning gipotalamus va gipofizda joylashishida gormonal disfunksiyalar kelib chiqadi.

Bosh miya o‘smalari diagnostikasi

Bosh miya o‘smalari

Foto: www.medibank.com.au

Bemorni ilk bor tekshirishda oftalmolog ko‘ruvi, exo-ensefalografiya (EEG) o‘tkaziladi. Nevropatolog birlamchi o‘choqli simptomlarga e’tiborini qaratadi. Oftalmologik tekshiruvda esa ko‘ruv o‘tkirligi, oftalmoskopiya va ko‘ruv maydoni kengligi tekshiriladi. Exo-EG miya yon qorinchalarining kengayganligini, bosh miya ichki bosimi oshganligini aniqlab beradi. Katta o‘lchamdagi o‘smaga gumon qilinganda kompyuter tomografiyasi va MRT tekshiruvlari o‘tkazish talab qilinadi. Kompyuter tomografiyasi (KT) miyadagi o‘smaning lokalizatsiyasini, hajmini, o‘smaning kistoz qismini, kalsifikatlarni, nekroz zonasini, qon quyilgan joylarni, metastazlarni aniqlab olsa bo‘ladi. MRT tekshiruvi esa o‘smaning tarqalganlik darajasi va atrof hujayralarni zararlashini aniq ko‘rsatib beradi. Bundan tashqari, MRT yordamida miya qon tomirlarining o‘smalarini, so‘zlash va eshitish markazlari zararlanishini, MR-spektroskopiya (metobolik shikastlanishlar), MR-termografiya (o‘smaning harorati)ni ham aniqlasa bo‘ladi. OFEKT radiofarmakologik preparat yordamida miyada tarqalgan o‘choqli o‘smalarni, ularning qon bilan ta’minlanishini aniqlashga yordam beradi. Maxsus ko‘rsatmalarda stereotaksik o‘smdan biopsiya olinib tekshiriladi. Xirurgik muolaja vaqtida o‘smdan gistologik tekshirish maqsadida na’muna olinadi. Gistologik tekshiruv o‘smaning qanchalik darajada atipik hujayralardan iborat ekanligini va darajasini aniqlab beradi.

Bosh miya saratonini davolash

Kasallik konservativ davosida o‘smaning o‘sishini to‘xtatish va miya to‘qimalarini ezib qo‘yishini kamaytirish, simptomlarni yengillashtirish va hayot sifatini yaxshilash maqsadida o‘tkaziladi. Konservativ terapiya og‘riqsizlantirish (ketoprofen, morfin), ko‘ngil aynishiga qarshi preparatlar qabul qilish (metoklopramid), sedativ va psixotrop vositalarni o‘z ichiga oladi. Miyadagi shishni kamaytirish maqsadida glukokortikosteroid preparatlar buyuriladi. Shuni unutmaslik kerakki, konservativ davo kasallikni keltirib chiqargan sababni bevosita yo‘qota olmaydi, faqatgina vaqtinchalik simptomlarni kamaytirish uchun qo‘llaniladi.

bosh miya saratonini davolash

Foto: Shutterstock.com

Eng samarali davo chorasi xirurgik muolajadir. Jarrohlik amaliyoti o‘smaning joylashgan joyi, hajmi, turi va tarqalganligiga qarab belgilanadi. Kichik o‘lchamdagi o‘smalarda stereotaksik radioxirurgiya o‘tkaziladi, ya’ni Kiber pichoq va Gamma pichoqlar yordamida o‘smani yo‘qotish o‘smaning o‘lchami 3 smgacha bo‘lgandagina o‘tkaziladi. Yaqqol namoyon bo‘lgan gidrosefaliyada esa miyani shuntlash (tashqi ventrikulyar drenajlash, ventikuloperitoneal drenajlash) amaliyoti bajariladi.

Nur terapiya va kimyoterapiya xirurgik davoga qo‘shimcha ravishda olib boriladi, yoki palliativ operatsiya maqsadida (vaqtinchalik hayot sifatini yaxshilash). Operatsiyadan keying nur terapiyasi, o‘sma gistologik tekshiruvda atipik hujayralardan iborat ekanligi aniqlansagina bajariladi.

Kimyo terapiya o‘sma hujayralari tipiga va organizmning ko‘tara olish xususiyatiga qarab buyuriladi.

Bosh miya o‘smalari prognozi va profilaktikasi

Miya o‘samalari yaxshi sifatli, o‘lchami kichik va operatsiya qilish uchun imkon bo‘lsagina ijobiy natija beradi. Biroq, ko‘pgina o‘smalar qaytalanuvchi bo‘ladi va qayta operatsiya o‘tkazishni talab qiladi. Operatsiyalar esa travmali bo‘lib, miya to‘qimalarini shikastlaydi va turli xildagi nevrologik defitsitlarga olib keladi. Yomon sifatli, katta o‘lchamdagi, joylashgan joyi operatsiya qilishga imkon bermasa va metastazlar bergan bo‘lsa, kasallik oqibati salbiy bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, kasallik davosi organizmning umumiy ahvoli va inson yoshiga ham bog‘liq. Qarilik va yondosh kasalliklar (yurak yetishmovchiligi, surunkali buyrak yetishmovchiligi, qandli diabet va boshqalar) bo‘lsa, operativ muolajani o‘tkazishga qarshi ko‘rsatma bo‘lishi mumkin.

Birlamchi miya o‘smalarini profilaktikasiga onkogen ta’sir qiluvchi zararli moddalardan saqlanish, kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va boshqa organlardagi o‘sma kasalliklarini radikal davo choralarini o‘tkazish kiradi. O‘sma kasalligining qaytalanishini oldini olish uchun esa bosh miya jarohatlari va biologik stimullovchi vositalarni iste’mol qilishdan saqlanish kerak bo‘ladi.

Kasalliklar
belgilari, Bosh miya o‘smalari — sabablari, tashxislash va davolash usullari